Illat uyasi
Har gal Abdujabbor muallim bilan uchrashsam, albatta maktab hayotiga doir biror voqeani so‘zlab beradi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Muallim o‘ychan qiyofada tirsagimdan tutib, xiyobondagi o‘rindiq tomon yetakladi.
— Bir necha yil avval yettinchi sinf o‘quvchilarini Shahrisabzning tarixiy obidalarini tomosha qilishga olib bordim. Oqsaroyni aylanib, bolalarning turli savollariga javob qaytara yurib, to‘satdan ulardan birini yo‘qotib qo‘ydim. Yo‘qolgan bola To‘lqin do‘konchining o‘g‘li Asilbek edi. Tezda bolalarni bir joyga to‘plab surishtirdim, hech kim ko‘rdim demadi. Xavotirlandim, menga yordamchi bo‘lib borgan Xadicha muallimga o‘quvchilarni topshirib, chor-atrofni ko‘zdan kechirdim. Yo‘q. Ko‘nglimga allambalolar keldi. Ko‘chaning narigi tarafi katta bozor. Uning biqinida “univermag” bor. O‘sha tarafga yo‘l oldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, Asilbek qo‘lida bir siqim dollarni ushlagancha o‘sha joydan qo‘nim topgan dollarfurushlar bilan savdolashardi. Uning qo‘lidagi “ko‘k”ni ko‘rib hayratlandim. Yoshim ellikka kirib buncha pulni ushlab ham ko‘rmagan edim-da. Asilbekning yoniga borib, “aldanib qolmadingmi?” deb so‘radim. U menga ajabsinib qaradi:
— Ey, domla, qiziqmisiz, men aldanamanmi, axir har hafta dadam bilan bu joyga kelib turaman. Barini taniyman, “kliyent”man.
— Oqsaroyni tomosha qilmay, nega bu joyga kelding? — dedim jahlim chiqib.
— Qo‘ying, eski bir imorat ekan-ku, qizig‘i yo‘q, undan ko‘ra yuring, restoranga kiraylik, xarajati mendan, axir aybdorman.
Asilbekni jerkib tashladim va ergashtirib bolalarga qo‘shdim, ammo ich-ichimdan o‘quvchimni allaqachon yo‘qotib qo‘yganimni angladim. Uni urishib bo‘lmasdi, nega deysizmi, chunki u boshqa bolalarga o‘xshab to‘polon qilmas, lekin o‘ta xavfli edi. Asilbekning aqli har baloga yetar, xullas, u allaqachon bolalikdan mosuvo bo‘lgandi. Bunga kim aybdor? Men, dedim o‘zimga, axir sinf rahbariman, adabiyot muallimiman.
Kunlarning birida ota-onalar majlisini chaqirdim, yig‘inga umri dala-dashtda qo‘ylar ortidan o‘tadigan Rasul cho‘pon ham garchi kechikib bo‘lsa-da, keldi. Lekin Asilbekning na otasi, na onasi qatnashdi.
Majlis tugagach, a’lochi o‘quvchim Oygulning onasi Ozoda opa menga ikki og‘iz gapi borligini aytib qoldi va “o‘qib ko‘ring” deb qo‘limga xat tutdi. Qiziqib varaqni ochdim.
“Oygul, seni yaxshi ko‘rishimni bilasan, lekin sen bekorga taklifimni rad etding. O‘sha sassiq cho‘ponning o‘g‘li Zafarning mendan nimasi ortiq? A’lochi bo‘lsa ham baribir o‘qishga kirolmaydi. Bilsang, o‘qishga puli ko‘plar kiradi. Men baribir xohlagan o‘qishimga kiraman. Dadamning kimligini bilasan. Sen ko‘pam noz qilma, istasang, shaharga mashinada aylantirib kelaman, zo‘r tochkalarni bilaman, maza qilasan…
Agar yana Rasul cho‘ponning o‘g‘liga kulib qarasang, o‘zingdan ko‘r! Asilbek”.
Xatni o‘qib cho‘ntagimga soldim va Ozoda opaga:
— Opa, siz xavotirlanmang, Oygul aqlli qiz, unga ishonaman, Asilbek bilan esa gaplashaman, menga ishoning, — dedim.
Maktabdan to‘g‘ri Asilbekning uyiga yo‘l oldim. Darvozani ochgan onasi xushlamaygina kutib oldi. Men undan nega majlisga bormadingiz, deb so‘radim.
— Ha, aytuvdi, aksiga olib xo‘jayinni ulfatlari qaygadir olib ketishdi, mening esa biznes dugonalarim kelib qoldi, axir “mehmon atoyi Xudo” degan mashoyixlar. Nima, o‘g‘limizga “pritenziya” bormi?
Men o‘g‘lining o‘qishi pastligi, xulqi ham yaxshi emasligini aytdim.
— Ey, qo‘ying, Asilbek — ko‘zimizning oq-u qorasi, uni yomon deganlar bizga g‘anim, axir uni deb yashayapmiz, chopayapmiz. Manavi uy, mashina, mol-mulk o‘shaniki-da! Bizga uning o‘qishi emas, sog‘lig‘i kerak. Yaqinda dadasi o‘g‘lini shaharga olib ketadi, qutulasizlar…
Ayol menga o‘g‘li dars qiladigan xonani ko‘rsatdi. Unda qimmatbaho gilamlar, qandillar, televizor, kompyuter, xullas barcha sharoit muhayyo edi.
— Ammo negadir birorta kitob ko‘rmayapman, — dedim ohista.
Ayol xona burchagidagi shkafni ochib, bir talay rangli jurnallarni stol ustiga tashladi. Jurnallar xorijiy “yulduz”larning suratlari bilan to‘lgan edi. Xijolat bo‘ldim, ayol buni sezib kuldi:
— Voy, mening toychog‘im qizlarni tomosha qiladigan bo‘libdi, kechqurun adasidan suyunchi olaman, — deya qiyqirib yubordi.
Uy bekasiga xat haqida aytmadim, chunki befoyda ekanligini angladim va hovlidan chiqib, yengil nafas oldim. “Onasi shunday bo‘lsa, otasi qanday ekan?”, degan o‘yga bordim.
Ko‘chada ketayotib uch-to‘rtta qo‘y boqib o‘tirgan Ochil boboga ko‘zim tushdi. Yoniga borib salomlashdim. Bobo mening do‘konchining uyidan chiqqanimni ko‘rib turgandi.
— Domla, bundan ko‘pam asabiylashmang, bu hovli naq kasofatning, illatning uyasi, bu uydan baraka ketganiga ancha bo‘lgan. To‘lqinboy menga jon hamsoya, ammo salom berishni bilmaydi, ko‘chada faqat Xayri fermer bilan bosh irg‘ab salomlashadi. Bularning avlodi o‘zi shunaqa, rahmatli Turob qassob ham o‘zidan zo‘rning soyasiga poyandoz to‘shar, pastroqni esa oyoq uchida ko‘rardi.
Oradan ikki kun o‘tib, otasi Asilbekni shaharga olib ketdi. Gapning rostini aytsam, men ham boshog‘rig‘idan qutulganimga shukr qildim.
Bir kuni o‘qituvchilardan biri aytib qoldi:
— Eshitdingizmi, sobiq o‘quvchingiz Asilbek shaharda yosh qizni zo‘rlagani uchun qamoqda emish…
— Nima bo‘pti, bunday noma’qul ishni erkatoy avval ham qiluvdi, do‘konchi bosdi-bosdi qilgandi, buni ham bostiradi, — dedi Rajab muallim.
— Yo‘q, — dedi Sobir muallim jiddiy tovushda, — do‘konchi va xotini qo‘shni davlatdan qoradori olib kelayotganda qo‘lga tushgan. Kecha milisalar kelib uyini, darvozasini muhrlab ketishdi.
Mening xotiramda Ochil boboning so‘zlari qayta jonlandi:
“Bu hovli naq kasofatning, illatning uyasi…”.
O‘rolboy QOBIL