Ilmga ixlosi baland edi...
Onamning bobosi, mening katta bobom Abrorxo‘ja Orifxo‘jayev ikkinchi jahon urushida yurt uchun fidokorona kurashgan insonlardan biri.
Katta bobom 1905-yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Kasb-kori sartarosh bo‘lib, kitobga, umuman olganda diniy va dunyoviy ilmga juda ixlosi baland bo‘lgan ekan. Oliy ma’lumot olmagan bo‘lsa-da, ilmli, kamtar, olijanob va samimiy, halol inson bo‘lgan. 50 milliondan ortiq kishining yostig‘ini quritgan dahshatli urushga otlanganida oilali, to‘rt farzandning otasi (uch o‘g‘il, bir qiz) edi. 1941-yili yurt tinchligi yo‘lida Ukraina frontiga jo‘nab ketadi.
1946-yili bo‘linma Moskva harbiy okrugiga ko‘chiriladi va u yerda 1947-yilning 21-mart kuni tarqatib yuboriladi. 1945-yili Berlingacha borib, urush yakunlanganidan so‘ng, yaralanib, sovuq ob-havoda astma kasalligini orttirib Ona vatani va oilasi bag‘riga qaytdi.
Bobom katta buvim, ya’ni ayoliga urushdan yuborgan surat orqasidagi bitiklar hozirgacha saqlanib qolgan: “Saidamin, men senga hozirgi kunlarimdagi o‘tkazayotgan turmushim estaligi uchun ushbu rasmimni yubordim. Arifxodjayev Abror”.
Saidamin bobomning to‘ng‘ich farzandining nomi bo‘lib, o‘sha davrda er-xotinlar bir-birini katta farzand nomi bilan chaqirar ekan.
Aytishlaricha, bobom urush to‘g‘risida ko‘p so‘zlashni yoqtirmas, bunday xotiralar unga azob berishini ta’kidlarkan. Bir safar to‘satdan tushgan bomba bobom va rus komandir o‘rtog‘idan boshqa barchaning umriga zomin bo‘libdi. Ikki kishi oskolka bilan yaralanib, qolganlar vafot etgan. Buni xotirlab, urushning qanchalik dahshatli ekanligini bot-bot takrorlagan ekan. O‘shanda shundoqqina yonlaridagi xizmatdosh do‘stlaridan ayrilish, urush tufayli juda ko‘p insonlar qurbon bo‘lganini ko‘rish unga juda qattiq ruhiy iztiroblar bergan. Keyinchalik ham ana shu iztiroblar u kishiga tinchlik bermagan.
Urushdan keyin yana ikki o‘g‘il, ikki qiz, ya’ni sakkiz farzandning otasi bo‘lib, ajdodlardan meros kasbi — sartaroshlikni davom ettiradi. 50-yillardan to umrining so‘ngiga qadar O‘rdadagi katta sartaroshxona mudiri bo‘lib faoliyat yuritadi.
Bobom eski maktabda savod chiqarib, arab tilida o‘qishni juda yaxshi o‘zlashtirganligi bois mahalladagi tengqur bobolar tez-tez ularning uylariga chiqib, issiqqina sandal atrofida “Shohnoma”, “Abo Muslim” kabi nodir durdona asarlarni bobomdan tinglasharkan. Urushdan omon qaytganlar har bir onni g‘animat bilib, ishdan tashqari ko‘plab kitoblar mutolaa qilishni xush ko‘rishgan ekan.
Bobom 1969-yilning oktabr oyida vafot etgan. Vafotidan bir oy o‘tib xizmatdosh komandir do‘sti Moskvadagi arxiv orqali bobomni qidirib uyiga kelgan. Ammo qadrdonining bir oy oldin vafot etganini eshitib, chuqur qayg‘uga botib, Abrorxo‘ja Orifxo‘jayev juda yaxshi inson bo‘lganligini qayta-qayta takrorlab, yig‘lab qaytib ketgan ekan.
Bobom Abrorxo‘ja Orifxo‘jayevning vatanparvarligi, halolligi, mehnatkashligi va oilaparvarligi biz avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qoldi.
Azizaxon SHODIYEVA,
Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘qituvchisi,
san’atshunos