Ishonch va e’tibor o‘qituvchiga kuch berdi
25 yildan buyon Yakkasaroy tumanidagi 144-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ishlayman. Dars sifatini oshirish, ish-tajribalarimni ommalashtirish, o‘quvchilarni fanlarga qiziqtirish, shuningdek iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish borasida muntazam ish olib borsam-da, ayni paytda yanada ko‘proq izlanishdaman. Sababi bugun ota-ona o‘qituvchini tanlash, farzandini yaxshi ustoz qo‘liga topshirish masalasiga befarq emas. O‘qituvchi ham har kuni, hattoki har darsiga yangilik olib kirishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli men ham har kunimga yangi metodikani olib kirishni shior qilib olganman.
2010-yilda “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida sovrinli 1-o‘rinni egallab, “Xalq ta’limi a’lochisi” nishoni bilan, 2011-yilda “Shuhrat” medali, 2020-yilda esa “Xalq ta’limi fidoyisi” nishoni bilan mukofotlandim. London shahrida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada “Boshlang‘ich ta’limda o‘qitishning samarali shakl va metodlari” mavzusidagi ilmiy maqolam bilan ishtirok etib, diplom bilan taqdirlandim. 2019-yil yanvar oyida “Kasbiy fanlar metodikasi” ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-metodik jurnalida “Nutqiy kompetensiyalarni rivojlantirish” mavzusidagi ilmiy maqolam ham chop etildi.
“Sog‘lom bola yili” davlat dasturining 71-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida faoliyat ko‘rsatayotgan mualliflar guruhida 1–4-sinf “Ona tili” darslarida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha 4 ta metodik qo‘llanma va multimedia ilovalar mualliflaridan biriman. Boshlang‘ich ta’limda o‘qitiladigan fanlarning davlat talablari va o‘quv dasturlarini optimallashtirish, yangi avlod darsliklarini yaratish va tajribadan o‘tkazish bo‘yicha doimiy taklif va g‘oyalar bilan Respublika ta’lim markazi qoshidagi Ilmiy metodik kengashi a’zosi sifatida faol ishtirok etaman.
Pandemiya tufayli 2020-yilning 17-martidan o‘quvchilarning ta’limda tanaffus qilmasliklari uchun onlayn maktab loyihasi yaratildi. Men ham shu loyiha ishiga jalb qilindim va 250 ga yaqin onlayn darslarni o‘tib, respublikamizdagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bilan virtual muloqotga kirishganimdan mamnunman. Ushbu jarayon o‘quvchi va ota-onalarga qulayliklar yaratishi bilan qator kamchiliklarni ham yuzaga keltirdi. Xususan, ota-onalar onlayn ta’limga tayyor emas. Buning sababi o‘zbek tilidagi multimediali ta’lim resursining kamligi va hatto ayrim joylarda mavjud emasligidir. Shu sababli “Mashrabxon.uz” ta’limiy platformasini yaratishni maqsad qildim. Ushbu platform orqali o‘quvchilar onlayn ta’lim resurslaridan mustaqil foydalana oladi. Qo‘shimcha elektron ma’lumotlar bilan tanishadi. Animatsiyali ta’limiy o‘yinlar vositasida bilimlarini mustahkamlaydi.
Ota-onalar farzandlari bilan mustaqil shug‘ullana oladi. Maktab bilan hamkorlik kuchayadi. O‘qituvchi mehnati qadrlanadi. Pedagog xodimlar esa o‘zaro tajriba almashadi, darslarida zamonaviy resurslardan foydalanadi. Mustaqil ta’lim olish malakasi oshadi. Mana shu platforma orqali ta’lim sifatining yanada oshishiga umid qilamiz.
Mashrabxon UMAROVA,
Yakkasaroy tumanidagi
144-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi