JADID MILLIY MATBUOTINING YORITILISHI:Behbudiyning “Samarqand” gazetasi misolida
“Samarqand” gazetasi jadid taraqqayparvar ma’rifatchiligining to‘ng‘ich gazetasi bo‘lib, u 1913-yil aprel oyida Mahmudxo‘ja Behbudiyning mas’ul muharrirligi ostida chiqa boshlagan. Gazeta haftada 2 marta 2 sahifada (keyinchalik 4 betda), 400–600 nusxada nashr etilgan.
“Samarqand” gazetasining bosilish jarayonida unga 2 marta ruxsat olingan. Birinchisi 1913-yil 10-aprelda, shuningdek, 1913-yil 23-may sanasida Samarqand viloyati harbiy gubernatoridan “Yangi Samarqand” (“Samarqandi nav” – (“Самарқанди нав” – “Новый Самарканд”) nomli gazeta chiqarishga ruxsat so‘rab ariza yozadi. Demak, birinchi arizada gazetani ikki tilda (o‘zbekcha va tojikcha), keyingi arizada rus tilida chiqarish ko‘rsatilgan.
Gazetaning rus tilida chiqqan qismida Behbudiy shunday yozadi:
1. Kerakligimizni davlat Rusiyaga bildurmoq edi. Yoshlar yoinki, yoshlar fikrini rus vatandoshlarga bildurib vatandoshlik bobindi fanni yaqinlashtirmoq edi.
2. ...yo rus vatandoshlar ila e’tilof etilmoqg‘a zid emasligini tadrijo ishtihor etdurmoq edi...
Behbudiy “Samarqand” gazetasida butun Turkiston ziyolilari faol ishtirok etishlarini istadi. Bu murojaat gazetaning deyarli har sonida berilishiga qaramasdan, joylardan maqola va xabarlar kelmaydi. “Na uchun iltifot etmaydurlar?” degan maqolasida shunday yozadi: ... “Samarqand” qariyb beshinchi oyni tamom qilur. Bu muddatda milliy jaridaga milliy xizmatg‘a ahamiyat bermadilar.
Darhaqiqat Behbudiy xafa bo‘lishga arzigulik hol edi. U ziyolilarning gazetaga yozishlarini, fikr uyg‘otishlarini istardi. Biroq mustamlaka natijasidagi befarqlik odamlarni tark etmagandi.
Behbudiy “Samarqand” gazetasida mahalliy mavzudagi muammolarni nashr ettiradi:
– Mahalliy savdogarlarni “Tijorat ilmini bilmaganlikda yoki bilsa ham juda yaxshi bilmaslikda” ayblaydi;
– Rus maktablarida o‘qiganlarni “millat g‘amini yemaysiz” deb tanqid qiladi;
– “hamma millatda boy ko‘p, bizda esa hamma faqir miskinlikka giriftor. Bu nechun” deydi va unga javob berish uchun pul va boylik nima ekanligini bilishga chaqiradi.
– Buxoro ahvolini tuzatish uchun “Turonga” maslahat beradi.
“Samarqand” gazetasi moliyaviy yetishmaslik sabab 1913-yilda 13-sentabrda 44-soni vaqtincha nashrdan to‘xtadi. Shuningdek, Behbudiyning asab kasalligi, ko‘z xastaligi tufayli haftada 2 yoki 3 marta gazeta materiallarini o‘qish va tahlil etishga, gazeta idorasini boshqarishga og‘irlik qilar edi. Shu bois, haftada bir marta “Oyina” jurnalini chiqarishni afzal ko‘radi. Shunday qilib, “Samarqand” gazetasi o‘rniga 1913-yil 20-avgustdan “Oyina” jurnali nashr etila boshlangan.
Nargiza KENJAYEVA,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi