Javobsiz qolgan savol
O‘sha kuni maktabga Baxtiyor jo‘ramlarnikidan blok g‘isht tashidik. Yuqori sinf bo‘lganimiz uchun nuqul bizni ishlatishardi. Shu kuni darsga ham kirmadik. Bloklarni tashiganimizdan so‘ng do‘kondan muzqaymoq, kola, pista oldik. Maktab ortiga o‘tib, maza qilib o‘tirdik. Bitiruvchilarga kim ham qattiq gapira olardi. Bir oydan keyin maktabni tugatsak…
Xullas, maktabga jonajon poytaxtimizdan mashhur insonlar kelarkan. Bloklarning bunga nima aloqasi bor dersiz. Bizning maktabda faollar zali deganlari yo‘q-da. G‘ishtlar sahna qilish uchun kerak edi. Umrida sahna nimaligini bilmagan o‘qituvchilarimiz va qo‘y boqishdan boshqasini eplolmaydigan qishloq bolalari uchun bu katta boshog‘riq bo‘ldi. Lekin bir amallab sahna yasadik. Bloklarni shu darajada terdikki, uning ustiga chiqqan odam har kuni qo‘shiq aytishni xohlashi tayin edi. Sahnaning ustiga antiqa gilamlar to‘shaldi. Atrofidagi o‘t-o‘lanlarni yuldik, ikki marta suv sepib, ikki marta supurdik. O‘qituvchilarimiz sahnaning mustahkamligiga ishonch hosil qilgach, bizga ruxsat berishdi. Qutulganimizga shukur deb, uyga uchdik.
To‘yga bir oy tayyorlanasan, u esa ikki soatda o‘tib ketadi, deganlari rost ekan. Shuncha tayyorgarlik ko‘rgan tadbirimiz ham yarim soatda o‘tdi-ketdi. O‘sha kuni 8-9-sinf o‘quvchilari forma va bo‘yinbog‘ bilan kelishi qattiq tayinlandi. Men muchal to‘yimda olgan bo‘yinbog‘imni taqib keldim. Chunki boshqa yo‘q edi-da. Jo‘ralarimniki menikidan ham ajoyib. Biri akasining, birovi amakisining, boshqasi qo‘shnisining kuyov bo‘yinbog‘ini taqib kelibdi. Kichkina gavdaga haligi bo‘yinbog‘lar katta “savlat” bag‘ishlab turardi. Kostyum-shim kiygan, bo‘yinbog‘ taqqan ustozlarimiz ham ko‘zimizga chiroyli ko‘rinib ketdi.
Biz qurgan sahna oldida butun maktab, yarim qishloq yig‘ildi. Qayerdandir kolonka, mikrofon topib kelindi. Sahna egalarini intizorlik bilan kutardi. “Savol tayyorlab turinglar”, degan buyruq bo‘ldi. Mehmonlarga zo‘r savollar berish kerak deya hayajonlanardik.
Nihoyat, bizni kuttirganlar yetib keldi. Biri mashhur aktyor, biri biz tanimasak ham, ammo taniqli qo‘shiqchilardan ekan. Suhbat boshlandi. Mehmonlar so‘z olishdi, gapirishdi. Savol-javobni ochiq deb e’lon qilishdi. Birinchi navbatda kamina yugurib chiqib, haligi aktyorga savol berdim. Ikki og‘iz so‘z bilan javob qaytardi. Keyin yana bir o‘quvchi chiqdi, undan so‘ng boshqasi. Mikrofon yoniga yana bordim. Bu safar savolimga salbiy javob oldim. Go‘yoki, meni mensimagandek tuyuldi. Buni butun maktab va yarim qishloq oldida sharmandali holdek qabul qildim. Ko‘p ham o‘tmay mehmonlar besaranjom bo‘lib,
ketishga hozirlanishdi. Sodda savollarimizga ularning e’tiborsizligidan bizga past nazar bilan qarayotganini sezsa bo‘lardi. Ey, san’atingga ham dedim, kayfiyatim tushdi. Ularning yuziga qayta qaradim. Artist deb o‘zini tanishtirgan olifta boshqa xonandaning ikkita qo‘shig‘idan xirgoyi qildi. Keyin “Xayr”, “Omon bo‘linglar” deyishdi. Hamma ularni o‘rab olib, rasmga tushishdi. Chetdan qarab ichimda “buzuq asfalt yo‘llarimiz sizlarga sovg‘a bo‘lsin”, dedim. Bo‘yinbog‘lar yechildi, nafasi bo‘g‘ilganlar chuqur-chuqur nafas oldi. Kolonkalardan musiqa yangradi. O‘yin-kulgi bo‘ldi. Hamma xursand edi. Savlatli sahnani ko‘rib, yana bir kun Baxtiyor jo‘ramnikiga qatnashimizni o‘yladim.
Bu mashhurlar poytaxtdan biz tomonlarga nima maqsadda yuborilganini endi anglab yetyapman. Ular qishloq yoshlarining ongini, tafakkurini uyg‘otish, dunyoqarashini o‘zgartirish uchun kelisharkan. Ammo maktabimizga kelganlar go‘yoki dasturxonga ko‘rgazma uchun qo‘yilgan tortdek taassurot qoldirdi. Ularning kelgani qog‘ozga yozildi. Hisobot topshirildi. Vazifa bajarildi. Ammo o‘z majburiyatlarini bilmaganlar ko‘p insonni sarson qilishdi. Kunlar, oylar, yillar o‘tdi. Jurnalistika olamiga qadam tashlab kelyapman. O‘sha aktyorga bergan savolim hamon esimda. Bir kunmas-bir kun shu savolga javob olaman degan umiddaman.
Jamshid AMIROV, talaba