Jonkuyar faylasuf olim
Inson o‘z umrining me’mori, deya bejiz aytishmagan. Agar biz o‘zimizga tuhfa etilgan lahzalarni qadrlab, ilm-ma’rifat sari intilsak, hamisha ezgulik va adolat uchun kurashga shay bo‘lsak, hayot deb atalmish dovonda mustahkam va muhtasham umr qasrini bunyod etgan bo‘lamiz. Falsafa fanlari doktori, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Ismoil Saifnazarov ham umri davomida ana shu aqidaga amal qilib, mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillaridanoq davlatchiligimizning qaror topishida sidqidildan, halol va vijdonli mehnat qilib qator mas’ul lavozimlarda ishlab, O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi ustozlarimizdan biri.
Ismoil Saifnazarovni xalqimiz, uzoq va yaqin qardoshlarimiz, dunyoning taniqli ziyolilari, siyosiy arboblari ham tom ma’noda yetuk siyosatshunos, faylasuf olim sifatida yaxshi bilishadi va serqirra faoliyatini yuqori baholashadi. U nafaqat mohir pedagog, dono rahbar va yirik tashkilotchi, ayni paytda yetuk olim hamdir. O‘tgan yillar davomida domla o‘nlab shogirdlarning doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalariga rahbarlik qildi, ko‘plab kitoblar, monografiyalar, darslik va qo‘llanmalar yaratdi. Ayniqsa, professor I.Saifnazarov muallifligi va rahbarligida: “Falsafa” (o‘zbek va rus tilidagi darslik), “Sotsiologiya” (o‘zbek tilida), “Filosofiya” (rus tilida), “Ilmiy ijod metodologiyasi” (o‘zbek va rus tillarida), “Ilmiy tadqiqot metodologiyasi” va “Fanning falsafiy masalalari” (o‘zbek va rus tillarida), “Menejment asoslari” (Litsey va kollejlar uchun darslik, o‘zbek va rus tillarida),
“Ilmiy tadqiqot metodologiyasi”, “Dinshunoslik” kabi o‘quv qo‘llanmalari nashr etilgan.
Ustoz keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalarida ijtimoiy fanlarning amaliy jihatini oshirish ustida izchil ish olib borib, talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etish, ta’limda nazariya va amaliyot birligini ta’minlash, talabalarning mustaqil izlanish olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida qator innovatsion o‘quv loyihalari ishlab chiqqan va yettita mualliflik guvohnomasi olgan.
Yetuk olim rahbarligida 1 fan doktori, 7 falsafa doktori(PhD) tayyorlangan, hozirgi kunda uning ilmiy rahbarligida 3 doktorant va 5 mustaqil tadqiqotchi ilmiy izlanish olib bormoqda. TDIU professor-o‘qituvchilarining har o‘quv yili natijalari bo‘yicha reytingida doimo yuqori o‘rinni egallab kelmoqda.
Professor I.Saifnazarov jamoatchilik asosida Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.F.01.05 raqamli Ilmiy kengash raisi, 2 ta xalqaro va 5 ta Respublika ilmiy jurnallari tahririyati a’zosi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Ta’lim, fan jamoatchilik kengashi” hamda “Filologiya va ijtimoiy fanlar ilmiy-texnik kengashi” raisi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi a’zosi, TDIU Faxriylar kengashi raisi, Xoja Axmad Yassaviy nomli xalqaro xayriya fondi boshqaruvi a’zosi sifatida ham faol ishlar olib bormoqda. Xullas, fidoiy olimning keng ko‘lamdagi va boy ilmiy ijodi, hayoti, faoliyati, uning yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashdagi tashkilotchiligi, tashabbuskorligi tahsinga loyiq.
Hayot yo‘liga nazar tashlasak, professor Ismoil Saifnazarov 1948-yili Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tavallud topgan. 1971-yili Toshkent davlat universiteti falsafa va siyosiy iqtisod bo‘limini falsafa ixtisosligi bo‘yicha tugatib, Toshkent xalq xo‘jaligi instituti “Falsafa” kafedrasi assistenti lavozimida mehnat faoliyatini boshlagan va keyinchalik turli rahbar lavozimlarda ishlaganiga qaramasdan ushbu dargoh bilan aloqani uzmasdan faoliyat yuritgan. Hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Ijtimoiy-gumanitar” fanlar kafedrasida professor sifatida ishlab kelmoqda va 52 yillik ilmiy-pedagogik stajga ega.
I.Saifnazarov Toshkent xalq xo‘jaligi instituti “Falsafa” kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchi, dotsent, professor va kafedra mudiri (1990–1993; 1998–2010) institut yoshlar qo‘mitasi kotibi (1976–1979), Xorijiy talabalar dekani (1979–1985), institut partiya qo‘mitasi kotibi (1985–1990), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi Respublika iqtisodiyot litseyi birinchi direktori (1993–1997), TDIU ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha birinchi prorektori (1997–2001), TDIU Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi (2002–2005), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi AKT masalalari qo‘mitasi rais o‘rinbosari (2005–2008), Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari (2008–2012), AKT qo‘mitasi a’zosi (2013–2015) lavozimlarida ishlagan.
2015-yil 12-yanvardan boshlab TDIU “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi professori lavozimida mehnat qilmoqda.
U ikki chaqiriq (2005–2009, 2010–2014) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi hamda partiya fraksiyasi rahbari (2008–2013) sifatida respublika miqyosida faol ijtimoiy-siyosiy faoliyat olib bordi va mamlakatimiz qonunchiligini takomillashtirish ishiga munosib hissa qo‘shdi. Jumladan, “Fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi, “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun loyihalarining muhokamasida ham asosli va aniq takliflari bilan ishtirok etdi.
Ustoz nafaqat jamoat arbobi, balki taniqli faylasuf olimdir, u 1983-yili falsafa fanlari doktori, professor Telman Abdushukurov ilmiy rahbarligida “Har tomonlama rivojlangan shaxsni shakllantirishda ishlab chiqarish jamoalarining roli” mavzusida nomzodlik, 1992-yili “Zamonaviy mehnat jamoalarining ijtimoiy-axloqiy mohiyati” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. 1985-yili dotsentlik, 1994-yili professorlik ilmiy unvonini olgan.
1997-yili AQSHning New Paltz universiteti, 1998-yili Malayziyaning Sedaya kolleji, 2001-yili Janubiy Koreyaning Hoseo unversiteti va 2022-yili Shvetsiyaning Lund universitetida xalqaro loyihalarda ishtirok etgan va malaka oshirgan. Olim ijtimoiy falsafa, dinshunoslik, ma’naviyat, oila va yoshlar, siyosiy madaniyat, jamiyat axborotlashuvi, sotsiologiya, boshqaruv va fan metodologiyasi sohalarida ilmiy faoliyat olib boradi. U 300 dan ortiq monografiya, risola, ilmiy maqola, tezis, o‘quv-uslubiy ishlanmalar muallifidir.
Bir necha yillar davomida birga yelkama-elka mehnat qilish asnosida ustoz haqida fikrlarimiz, xulosalarimiz yanada boyidi. Muhimi, Ismoil akaga xos tutumlar haqida har doim iliq fikrlarni bildira olamiz.
I. Saifnazarov avvalo rahbar sifatida ham munosabatlarda oltin o‘rtalikni ushlay oladigan, har qanday vaziyatda ham yuksak odamiylik prinsiplariga sodiq qoladigan, yuzakilik, yengil-elpiliklarga betoqat, professionallikni qadrlaydigan inson. O‘rni kelganda, yetarlicha demokrat ekanligini ham qayd etib o‘tish o‘rinli bo‘ladi. Ayni o‘rinda ustozning har doim, har qanday vaziyatda inson degan nomga sobit qolishiga oid ayrim detallarni keltirib o‘tmoqchiman. Ayniqsa,
TDIUda birinchi prorektor lavozimida ishlagan paytlari ham, hozir ham viloyatdan kelganlarni yaxshi tushunadigan, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilayotgan inson, desam yanglishmagan bo‘laman.
– Qishloqqa borib kelmoqchiman, uch-to‘rt kunga, – derdik ba’zan ustozning oldiga kirib.
– Yaxshi borib kel, ota-onangga salom ayt, – derdi u kishi akalarga xos samimiyat bilan.
Qishloqdan qaytgach ham ota-onamizning sog‘lig‘i-yu tinch-xotirjamligini surishtirardi. Hozir ham ko‘cha-ko‘ydami, biror to‘y yoki ma’rakadami duch kelib qolsak, darrov qishloqdagilar, ota-ona, aka-uka sog‘-omonmi, deb avvalo biz uchun muhim bo‘lgan taraflarni surishtiradi. Ta’masiz, shunchaki, adolatsizlikka chiday olmagani, odamlarga yaxshilik qilishga doimo tayyor bo‘lgani uchun el-yurt orasida qadr topgan.
Darvoqe, ustoz bir umr ilm bilan yashadi. Ayni kunlarda ham Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jonkuyarlaridan. Xullas, ustozimiz pok qalb, pokiza vijdon, yorug‘ yuz va, eng asosiysi, qon bilan kirgan samimiyatiga dog‘ tushirmagan holda zafar marrasiga g‘oliblik bayrog‘ini qadadi – akamiz 75 yoshga to‘ldi.
Gapning ochig‘ini aytganda, ustozimiz bir inson, bir ijodkor va bir ota qilishi mumkin bo‘lgan ishlarni qildi. El-yurt oldidagi xizmatlari ham munosib taqdirlangan. “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 10, 20, 30 yil” esdalik nishoni, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi”, “O‘zbekiston Oliy ta’limi a’lochisi”, “Adolat SDP faxriysi” va “TDIU 90 yilligi” ko‘krak nishonlari va O‘zbekiston “Nuroniy” jamg‘armasining “Mehnat faxriysi” oltin medali bilan taqdirlangan. Eng muhimi, Ismoil Saifnazarovning orqasida bugun o‘nlab, yuzlab shogirdlar karvoni akaga yelka tutib turibdi.
Biz barcha shogirdlar nomidan ustozni ulug‘lik yoshi bilan muborakbod etamiz. Hamisha sog‘-u salomat bo‘ling! Ijoddan, bizga odamiylik va professionallikdan saboq berishdan charchamang.
Azamat MUXTOROV,
TDIU “Ijtimoiy-gumanitar fanlar”
kafedrasi mudiri,
falsafa fanlari doktori, professor