“Jurnalistlik faoliyatimni “jallodlik” bilan boshlaganman”
Gazetada dastlabki rasmiy ishimni boshlagan kun. Uzun yo‘lak, xodimlar katta qog‘oz bo‘lagini ko‘tarib xonama-xona kirib-chiqib yurishadi. Bitta sahifaning boshida shuncha “ko‘rgulik” borligini amaliyot davomida yengil-yelpi borib-kelib yurganimda his qilmagan ekanman. Keyinchalik his qildimki, gazeta xalqqa ziyo, ma’rifat ulashish uchun sarmunshiy ekan. Shu bilan birga, undagi xodimlar xalqning savodsizlik botqog‘iga botmasligi uchun sahifalarda “bo‘y ko‘rsatgan” har qanday xatoning boshini olishga yollangan “jallod”lar ekan. Sohadagi faoliyatim ham aynan xatolarni qatl qiluvchi “jallod”lik bilan boshlandi.
Jurnalistikadagi tetapoya qadamlarim aynan shu gazetada boshlandi, desam, hech adashmagan bo‘laman. Matbuot uyining uzun yo‘laklarida xonama-xona gazeta sahifalarini ko‘tarib yurishdan ziyoda zavqli onlarni ko‘rmadim. Bu kimgadir eskilik, kimgadir zerikarli tuyulishi mumkin, lekin menga bu haqiqiy zavq, haqiqiy mahorat maktabi edi. Ahil jamoa. Eng yosh xodim bo‘lishimga, yangi kelganimga qaramasdan hamma samimiy munosabatda.
Aynan birinchi ish kunim eng esda qolarli bo‘lgan edi. Gazetaning yopilishini tungi soat 2 gacha kutgandik, adashmasam. Ammo bu fidoyilik faqat bir kun emas, har gazeta chiqishi oldidan talab qilinarkan. Bu kun ham xuddi shunday bo‘ldi. Soat 2 da xonamga kirib bordim va ichimga tug‘yon bo‘lib kelgan dastlabki kun taassurotlarini yozmasam bo‘lmas edi. Haqiqat bilan hamohang bo‘lishi uchun yozgan narsamni o‘z ko‘rinishida e’tiboringizga havola qilmoqchiman:
“Mana, soat 02:00, lekin uyg‘oqman. Sababi, hozir “Ma’rifat”dan keldim. Bugun gazeta chiqadi (odatda, gazeta chiqadigan kun oldidan ish juda qizg‘in bo‘ladi).
“Gazeta, gazeta” deyilganda uning mehnati, mashaqqati, mas’uliyatini his qilmagan, amaliyot davomida xabar, maqola yozib, chiqqanda kerilib, chiqmasa, nolib yurgan ekanman. Ish boshqa, amaliyotda kelib-ketish boshqa ekan. Men bergan bitta material necha marta ko‘zdan kechirilishining o‘zi — katta mehnat.
Ko‘p ustoz jurnalistlar aytardi: “Gazetaning nonini yemagan jurnalist jurnalist emas”. Aksariyat “aql sohiblari” ularning gapini XV–XVI asrdan qolgan qarashlar, deya “talqin qiladi”. Lekin haqiqat hech qachon eskirmaydi. Gazetalar yo‘q bo‘lmaydi, deb kafolat ham berolmayman. Lekin matbuot tugatilgan taqdirda gazetalar bilan birga jurnalistlarning ham jurnalistligi yo‘qoladi.
Bir so‘z bilan aytganda, gazetada mashaqqatdan qo‘rqmaydiganlar ishlaydi. Oyligidan mehnati ko‘p bo‘lsa ham, ishlaydi. Savodsizlikka chidab turolmasligimni bilgandek, bosh muharrir ham musahhihlikka ishga oldi. Dastlabki kunlardan “boshimni zo‘r ishga berib qo‘ydim” (Cho‘lpon iborasi) degan fikr o‘tdi xayolimdan. Ammo men bundan qo‘rqmayman va juda xursandman. Chunki bu mehnat ortida butun boshli ta’lim sohasidagilarning ma’naviyati, dunyoqarashi, SAVODXONLIGI turibdi. Agar mendan bitta xato o‘tib ketsa, buni o‘qigan o‘quvchi gazetada ham anoyilar o‘tirmaydi, deb shuni amaliyotda qo‘llasa (testda, ijodiy imtihonlarda, olimpiada, boshqa-boshqalarda) va yiqilsa, bu — fojia. Kim uchundir oddiy holdir, lekin bitta tinish belgining “badali”ni to‘layman, deb shahar olimpiadasidan ortga qaytib ketishiga oz qolgan kamina uchun oddiy emas (hakamlarning nohaq o‘zlari qo‘yib qo‘ygan bitta verguli meni 4-o‘rin bilan shahar olimpiadasidan qolib ketishimga bir bahya qoldirgandi. Yaxshiyam, buni hakamlarning o‘zi ataylab qo‘yib qo‘yganini isbotlab berganman va testni yaxshi ishlab, respublika bosqichigacha chiqib 3-o‘rinni olganman).
Mehnat huquqi bo‘yicha bu vaqtgacha ishlamaslik huquqim bor va hech kim mening gazetada bu paytgacha qolishimni buyurgani ham yo‘q. Lekin men, umuman, butun jamoa aynan shu xatolarni tuzatish, tahrirlash — gazetani chiqarish uchun shu vaqtgacha qoldik (bosh muharrirdan tortib hozir shu satrlarni yozayotgan odamgacha).
Millat kelajagi, Vatan taraqqiyoti, xalqning farovon turmush-tarzini o‘ylaydigan jurnalistlarga Ollohdan kuch-quvvat so‘rab qolaman.
Postimda, “Ma’rifat” gazetasida xatoliklar o‘tib ketgan bo‘lsa, uzr so‘rayman (xatolar texnik holatlar sababli ham bo‘lishi mumkin). Siz asosli ravishda, har qanday holatda tanqid qilishingiz mumkin. Bu uchun sizga KATTA RAHMAT aytamiz”.
Ha, do‘stlar, bu fikrlarni ijtimoiy tarmoqqa yozganimga 1 yil-u 10 oy (salkam 2 yil) bo‘lgan bo‘lsa ham, garchi hozir boshqa yo‘nalishda ishlasam ham fikrlarim o‘zgargani yo‘q, albatta. Bu kabi iliq xotiralar bisyor, lekin yana shulardan bir shingil ulashmoqchiman.
Gazeta lotinda chiqishi sababli (kirillda xat-savod chiqargan avlodning jur’at bilan lotinda shu darajada chiqarishining o‘zi e’tirofga molik natija edi) sahifalarda ayrim xatoliklar oldimdan chiqardi. Xususan, ya-ngi, ko‘-ngil kabi “ng” harfi ishtirok etgan so‘zlar “yo‘l cheti”dan yan-gi, ko‘n-gil tarzida ko‘chirilardi. Odatda, sovet davrida ta’lim olgan aksariyat rahbarlarning o‘z bilganini qilishi (hatto nohaq bo‘lsa ham), yosh avlodning gapini “aqllilik”ka yo‘yishini bilamiz. Lekin gazeta bosh muharriri Husan ustoz har qanday asosli fikrni hurmat qilib, inobatga olardi. Bu safar ham yangi kelgan yosh musahhihning bu “kashfiyoti”ning ilmiy asoslarini so‘radi, izohlab berganimdan so‘ng amaliyotga bugundan boshlab qo‘llashini aytdi.
Albatta, ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Biz ham -ning hamda -ni qo‘shimchasining xato qo‘llangan o‘rinlarini ba’zida o‘tkazib yuborardik. Shunda sahifa ko‘tarib bosh muharrir xonaga kirib kelardida: “Jo‘ralar, biqinlaringdan bir tushirayma, nega e’tiborliroq bo‘lmaysizlar”, deya dakki berib ketardi. Albatta, tanqidlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib xato o‘tkazib yubormaslikka harakat qilardik.
Shu bilan birga, gazetada musahhihlik davomida maqolalar, intervyular ham chiqarib turdim, albatta. Umuman olganda, “Ma’rifat” men uchun mahorat maktabi bo‘lib xizmat qilgan edi. Hozirgi faoliyatimda ham aynan shu maktabda charxlanganimning foydasi tegmoqda. “Eng katta jurnalistlar ham ilk faoliyatini musahhihlikdan boshlagan”, degan gapni ko‘pchilikdan eshitganman. Umid qilamanki, taqdir bitigimda bu an’anaga sodiq qolish yozilgan bo‘lsa…
Jahongir MARDONOV