KATTAlar uchun ertak
Bor ekan-u yo‘q ekan, och ekan-u to‘q ekan. Bir ajab davr ekan, mirshab kissavur ekan, o‘g‘riboshi qozi ekan, ko‘plar norozi ekan, hokim bozorchi ekan, dodxoh bekorchi ekan…
Ertak shunday boshlanarmidi o‘zi? Xato o‘tgan bo‘lsa aybga buyurmaysiz. Matal eshitmaganimga ham yigirma yildan oshibdi. Oftob qizdirgandan qizdirayapti. Bunday paytlarda biror ishga qo‘l boradimi? Chala-chulpa qorinni to‘qlab, soyaning quyug‘ida uyquni urging keladi. Ayni damda birortasining yoniga borib: “Turing, janob, sizni buyuk ishlar kutmoqda”, deya faransuzcha tavoze bilan uyg‘otmoqchi bo‘lsangiz ham foydasiz.
Biz ham bekorchilikdan nima qilarimizni bilmay, uyg‘otish qo‘limizdan kelmasa, harna xotirjamroq uxlashiga ko‘maklasharmiz degan maqsadda ertak aytishni boshlagan joyimiz edi. Qarasak, esdan chiqib ketgan ekan. Mayli, nima bo‘lsa, bo‘ldi. Ko‘zingizni yumib eshiting. O‘xshamagan joyini o‘zimizdan qo‘shib-chatib davom ettiraveramiz-da endi.
Qadim-qadim zamonda, yo g‘arb, yo sharq tomonda, aniq bilmam qayoqda, ayoni bizdan juda uzo-oqda bir mamlakat bor ekan. Uning yeri oltin-u zumradga to‘la, o‘tin-u shamchirog‘i mo‘l bo‘lsa-da, fuqarolari kambag‘al, o‘chog‘i o‘tsiz, qozoni sutsiz ekan. Qorong‘i tunlarda onalar bedor bolalarini “Susambil” haqida ertaklar aytib uxlatar ekan. Shu sababdan u mamlakatning bolalari eslarini tanir-tanimay, Susambilga talpinar, ota-onalarning ko‘pchiligi “rohat-farog‘at”da yashash uchun o‘z yurtini tashlab Susambilga ravona bo‘lar ekan. Bolalari ulg‘ayib, o‘zlari qartaygach Susambilga ketish navbati farzandlariga yetar ekan.
Susambillik qashqirlarni, ular rizqini naqd o‘sha qashqirning halqumidan terib olishini, hech vaqo topolmasa ham joni omon qolganiga shukur qilib, uyiga qaytishini inobatga olmaganda Susambilda o‘tning quyug‘i, suvning tinig‘i mo‘l ekan. Azob-uqubat, g‘am yo‘q, ovqat mo‘l, qorin doim to‘q bo‘lar emish.
Susambilga ketmaganlar haqida so‘rasangiz bekorchilikdan menga o‘xshab ertak to‘qib o‘tirsa mayliku-ya, birovining ro‘moli, yana birovining ishtonbog‘iga yopishishdan boshqasini bilmas ekan.
Bir kuni maktabga o‘quvchi qiz ro‘mol o‘rab kelibdi. Sochlari qo‘qigan, hamisha o‘tgan-ketganning ko‘zini o‘ynatib, kalta etakli libosda yuruvchi dugonasi alami kelganidan ro‘molini yechib olmoqchi bo‘libdi. Bir uchidan ushlab tortibdi-tortibdi, yechib ololmabdi. Keyin borib sinf rahbarini yordamga chaqiribdi. “Soqol qo‘ygan, ro‘mol o‘ragan — terrorist” degan g‘oya bilan ulg‘aygan sinf rahbari ham tezgina unga yordamga oshiqibdi. Dugona ro‘molni, sinf rahbari dugonani tortibdi-tortibdi, yana ro‘mol qurg‘ur yechilmabdi. So‘ng sinf rahbari “zavuch”ni ko‘makka chaqiribdi. “Zavuch” sal yoshliroq bo‘lgani bois, ro‘molga nisbatan nafrat ancha oldin — ustozi “Mafkuraxonim” zamonlaridayoq shakllangan ekan. Shu sabab “zavuch” ham bu savobli ishga o‘z hissasini qo‘shishni istabdi. Dugona ro‘molni, sinf rahbari dugonani, “zavuch” sinf rahbarini tortibdi-tortibdi, ro‘mol yechilmabdi. So‘ng “zavuch” direktorni yordamga chaqiribdi. Direktor ham bunga jon-jon deb rozi bo‘libdi. Nega deysizmi, “Maktabimdagi yalang boshlarning ichida hech vaqo yo‘q. Oftob-poftob urgan chiqar. Qani, ro‘mol o‘raganlarnikida biror narsa bormikan?”, deb qiziqqandir-da, men qaydan bilay. Dugona ro‘molni, sinf rahbari dugonani, “zavuch” sinf rahbarini, direktor “zavuch”ni tortibdi-tortibdi, afsuski, yana ro‘mol yechilmabdi. Keyin mirshablar, qozilar, amaldorlar hamma-hammasi bunga jalb qilingachgina ro‘mol masalasi yechilibdi. Eski zamonlarda duellar-u janjallarni to‘xtatish uchun o‘rtaga tashlangan ro‘mol bu gal ham o‘z vazifasini o‘tabdi. Ro‘mol yerga tushishi bilan bu mojaro ham to‘xtabdi (Aytishlaricha hozir u mamlakatda 5-6 kishi bo‘lib panaroqda duch kelgan ayolning etagidan tortish bilan shug‘ullanishayotgan emishlar).
Mana, nihoyat ertagimiz ham o‘z yakuniga yetdi. Endi bemalol uxlayvering, faqat alag‘-jalag‘ tushlar ko‘rsangiz bizdan o‘pkalamang.
O‘gay GRIMM