KITOB – RUHIYAT OZUQASI
KITOB – RUHIYAT OZUQASI
Kitob olamiga tashrif buyurgan har qanday odamning ruhiyatidagi o‘zgarishlarni so‘z bilan ta’riflash qiyindir. Bu olamda inson o‘z olamining qirralarini kashf qiladi va olamning haqiqiy a’zosiga aylanib qoladi. Dunyoning eng buyuk daholarining barchasi kitob olami ostonasidan xatlab, buyuklik sari qadam tashlaganlar va ana shu qadam ila o‘zlariga notanish so‘qmoqlarni bosib o‘tganlar.
Mamlakatimiz Prezidenti bejizga yoshlarimizni kitob o‘qishga va undan olgan bilimlarini chuqurlashtirib jamiyatimizning yetuk-ilmli, iqtidorli, yaratuvchilik kabi asl insoniy xislatlarini shakllantirishga e’tibor qaratgani yo‘q. Bunda katta hikmat bor. Agar yurtimizda yashayotgan, o‘qiyotgan farzandlarimizning safi yildan yilga ko‘payib borabersa, bilingki kelajagimizni mustahkam poydevori yanada mustahkamlanib, chor atrofimizdagi rivojlanayotgan, taraqqiy etgan mamlakatlar bilan yonma-yon, yelkadosh bo‘lib, tenglar ichida teng bo‘lib yashashday ulug‘likka erishamiz.
Odam ongini, tafakkurini, fikr o‘ylarini, hayolot dunyosini shakklanishida kitobning roli beqiyosdir. Na filmlar, na internet tarmoqlari va boshqa-boshqa nashrlarning birortasi kitobchalik inson ruhini poklab uning fikrlarini charxlay olmaydi.
Kitob – insonni yuksak-yuksaklarga olib chiqib, uni shon-sharaflarga burkovchi kuch, qudratdir. Ana shu kuch qudratni yoshlarimiz qalbida kurtak otishini o‘z oldilariga oliy maqsad qilib olgan Nizomiy nomidagi Nizomiy nomli Toshkent Davlat pedagogika universitetining akademik liseyida prezidentimizning 5 tashabbusi doirasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida bir qator tadbirlar tashkil qilinmoqda. Bu tadbirlarda asarlardan olingan g‘oyalar, muaamolar o‘quvchilarni sahna asarlari, savol-javoblar orqali kitobga bo‘lgan mehr-muhabbatining ortishiga zamin bo‘layotir. Xususan, litseyning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Azimova G., Nurmuradova D., Ubaydullayeva F. lar lisey o‘quvchilari qalbida kitobga bo‘lgan munosabatni shakllantirish borasida targ‘ibot ishlarini olib borishmoqda va ularning bu boradagi saboqlari o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning fikr, o‘ylarida kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishlari ortib bormoqda.
Liseyimizda badiiy asarlarda ayol obraziga bag‘ishlangan kitobxonlik targ‘ibotida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari: Azimova G., Nurmuradova D., Ubaydullayeva F.larning yozuvchi O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, “Ikki eshik orasi” asarlari va Sharof Boshbekovning “Temir xotin” dramalari asosida ochiq darslar qilishib, bu darslarga yozuvchi va universitet o‘qituvchilari taklif qilindi.
Ubaydullayeva Fazilat O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari asosida ochiq dars o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida:
- O‘zbek xalqining sevimli yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asaridagi ona obrazini shunchalar sevib, suyub yozganki, beixtiyor asardagi onani o‘z onangizday yaxshi ko‘rib qolasiz. Bunday tasvir ila asar yozish uncha buncha yozuvchiga nasib qilmagan. Ona va o‘g‘ilning oralaridagi munosabatlarning samimiyligidan yuragingiz to‘lqinlanib ketadi va beixtiyor hayotda ularday pokiza qalb egasi bo‘lishga intilasiz. Sizda shunday tuyg‘uni hosil qilish yozuvchining ulkan mahoratidir, - dedi.
O‘qituvchi Azimova Gulbahor “Ikki eshik orasi” asari bo‘yicha o‘tkazgan ochiq darsida:
- Asarda Ikkinchi Jahon urushida urush ortidagi barcha azoblarni, ayriliqlar, judoliklarni ko‘rgan ayol hayotiga bag‘ishlangan. Asar qahramoni urushda barcha farzandlaridan ayrilib qolgan baxtiqaro o‘zbek ayoli obrazini shunchalar tiniq, yorqin ko‘rinishda yaratganki, u ayolning siymosi orqali o‘sha tolatumda farzandlaridan, erlaridan ajralib qolgan barcha o‘zbek onalarini ko‘rganday bo‘lasiz. Ular haqida yozish va siz o‘quvchilarga yetkazishni yozuvchi o‘z oldiga oliy maqsad qilib olganligini yurak-yurakdan his qilasiz, -dedi.
Bu tadbir tashrif buyurgan mehmonlarda ham, o‘quvchilarda ham yaxshi taassurot qoldirdi. Ha, farzandlarimizga kitob o‘qishlarida ana shunday yo‘l bilan kitoblar ta’sirini kuchaytirish ijobiy ta’sirini ko‘rsatar ekan.
Dilovar Nurmuradova
Alisher Navoiy nomli o‘zbek tili va adabiyoti universitetining o‘zbek filologiyasi "Adabiyotshunislik" mutaxassisligi 2-kurs magistranti, Nizomiy nomli TDPU akademik liseyining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi