Kaltak qachongacha bizning boshimizda sinadi?
Repetitor va maktab mavzusi matbuot, televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p va xo‘p muhokama qilingan bo‘lsa-da, men ham ba’zi fikrlarim bilan o‘rtoqlashishni joiz topdim.
Nega repetitorga borgan bola o‘qishga kiradi-yu, maktabni bitirgan bola kam ball oladi. Repetitorga borgan o‘quvchining imtihonlarda yaxshi natija ko‘rsatishiga quyidagilar sabab:
1. Repetitorning tanlash huquqi bor — bilimli bolalarni sinov asosida saralab oladi.
2. Ota-ona tayyorlovga pul to‘laydi va shuning uchun har kungi dars natijalari bilan qiziqadi, farzandiga repetitor bergan topshiriqlarni bajarishi uchun sharoit yaratib beradi. Bolasini uy ishlari bilan chalg‘itmaydi.
3. Repetitor o‘quvchilar bilan ko‘p vaqt shug‘ullana oladi.
Maktabdagi fan o‘qituvchisi esa:
a) Bolalarni saralay olmaydi va 30 nafardan ortiq o‘quvchiga dars beradi;
b) Maktab bepul. Shuning uchun qadrsiz. O‘qituvchilarga yuqori maosh to‘lab qo‘ygandek “oyligini olyapti-ku, o‘qitadi-da” deb o‘qituvchi shaxsiyatiga tosh otishlari hammamizga ma’lum. Ota-onalar farzandi maktabda berilgan vazifalarni bajargan yoki bajarmagani bilan qiziqmaydi, befarq qaraydi.
3. O‘qituvchida vaqt chegaralangan.
Bu fikrlar bilan birovni “qoralab”, o‘zimizni “oqlash” maqsadidan yiroqmiz. Faqatgina biroz oydinlik kiritib o‘tdik xolos. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan maktablarni baholashda, hududlarning sharoit va imkoniyatlari hisobga olinishini so‘raymiz. Bu sharoitlar quyidagilar:
1. Maktabning qanday geografik hududda joylashgani (tuman markazi yoki shaharga uzoq-yaqinligi, chunki cho‘l hududida yuqori sinf o‘quvchilari ota-onasiga uy ishlarida yordam bermay iloji yo‘q).
2. Har bir maktabning sharoiti o‘rganib chiqilsa (jumladan, bizning maktabimizda darslar 2 navbatda tashkil etilgan, kabinetlarda ham o‘quvchilar o‘qiydi. Alohida shug‘ullanish uchun sinfxona yetishmaydi).
3. Aholining turmush darajasi hisobga olinsa(hamma tayyorlovga jo‘natish imkoniyatga ega emas).
Repetitorda tayyorlanib o‘qishga kirgan o‘quvchi ham dastlabki ta’limni maktabda olgan-ku. Maktabda savodi chiqmaganida edi, repetitorga ham qatnay olmasdi. Maktablarni baholashda 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga qarab baholansa, nur ustiga nur bo‘lardi. Maktab o‘quvchilarni savodli qiladi, ammo olqishni o‘quv markazi-yu, “repetitorjon”lar olmoqda. Gap o‘quvchining oilaviy muhiti va qobiliyatiga ham bog‘liq. Qo‘y boqib yurib, kitob o‘qib tibbiyot institutiga kirgan odamlarni bilaman, universitetda dars beradigan o‘qituvchiga tayyorlanib yillab o‘qishga kira olmaganlarni ham. Mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan, vaqtini bekor o‘tkazmagan, sabr-iroda bilan intilgan, shu bilan birga ota-onasi qo‘llab-quvvatlagan bolagina o‘z ko‘zlagan maqsadiga erishadi. Talabalik baxtiga muyassar bo‘ladi. Yuqorida bildirgan fikrlarim bo‘yicha mulohazalaringizni kutib qolaman, aziz ustozlar.
O‘rol TO‘LABOYEV,
Qumqo‘rg‘on tumanidagi 46-maktab direktorining o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari