“Kapalakmijozroq hozirgi yoshlar...”
“Kapalakmijozroq hozirgi yoshlar...”
Erkin Vohidov ijodida personajli lirika
She’rning asosiy obrazi lirik qahramon, ya’ni lirik subyekt bo‘lib, uning ichki kechinmalari, his-tuyg‘ulari biror hayotiy vaziyatda ochiladi. Agar she’rga personaj kirib kelsa, shoirning imkoniyatlari kengayadi. Uning o‘y-fikrlari lirik qahramonning his-tuyg‘ulari, personajning voqelikka munosabatida namoyon bo‘ladi. Asarga kirib kelgan personaj lirik qahramonni to‘ldiradi.
Xalqimizning suyukli shoiri Erkin Vohidov ijodida ham personajli lirikaning juda yaxshi namunalari uchraydi. Uning “Hozirgi yoshlar” she’rini bilmagan odam bo‘lmasa kerak. Unda lirik qahramon shoir bo‘lsa, salkam yuz yoshga kirgan mo‘ysafid personajdir. Mo‘ysafid zamon yoshlarining chidamsiz, yengiltabiat bo‘lib borayotganidan kuyunadi, axir, ular hayotning ne-ne qiyinchiliklarini boshdan kechirgan.
“Yurt tinch bo‘lsin,
Bir gap bo‘lsa mabodo,
Bardosh berarmikan
Hozirgi yoshlar!”,
deya o‘zining alg‘ov-dalg‘ovlarga to‘la hayotini ko‘z oldiga keltiradi:
Tohirni halitdan tinch qo‘ymas qizlar,
Yarim tunda qaytar uyga hamisha,
“Uncha bo‘lmasak ham ilmda bizlar,
Ammo kuchli edi odob, andisha.
Birovning qiziga sal qarab qo‘ysak,
Bizlar atalardik sho‘x-u beboshlar.
Ba’zi kinolarmi buzmoqda andak,
Kapalakmijozroq hozirgi yoshlar…”.
Erkin Vohidov she’rlariga kirib kelayotdan personajlar mukammal, hayot qiyinchiliklarini ko‘p ko‘rgan, shu qiyinchiliklar tufayli hayotning qadriga yetib yashagan insonlardir. “Dehli aeroportida bo‘lgan voqea” she’riga nazar solaylik. Undagi keksa shoir ham urush qatnashchisi, uning ko‘kragida shu urushdan “yodgorlik” qolgan, shu sababli aeroportda noqulay holga tushadi va tekshiruvchiga tushuntiradi:
Shunda tarjimonga der keksa shoir:
“Tushuntir, hech narsa yashirganim yo‘q,
Sergak apparati ilg‘agan temir —
Ko‘kragim oldida qolib ketgan o‘q.
Qirq yil yashayapman o‘sha o‘q bilan
Borligin bildirar bahor chog‘lari…
U menga Smolensk jangidan yodgor,
Urush o‘chmas qilib qoldirgan dastxat”.
Ko‘rib turibmizki, keksa shoir ko‘kragida o‘q bilan yashayotganiga achinishlarini istamaydi, u bunga ko‘ngan, lekin ishonishlarini xohlaydi. U his qilgan tuyg‘ularni hamma ham seza olmaydi. Bizningcha, agar shoir boshidan kechgan voqealar lirik qahramon tilidan bayon qilinganida o‘quvchida bunchalik xayrixohlik uyg‘otmagan bo‘lardi.
Shoirning amerikalik olima I.L.Sirtaytasga atab yozgan “Ilza xonim” nomli she’rida personaj sifatida shoir kirib keladi. U amerikalik olimaning o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatini ko‘rib lol qoladi. Urf-odatlarimizni yaxshi o‘rgangan ayol atrofidagi yoshlarga ham o‘zbek tilini o‘rgatgan, bu xalqqa nisbatan hurmat uyg‘otgan. Uning o‘zga xalqqa munosabati shoirning ko‘nglini tog‘day ko‘taradi.
Sizga egay podsholarning ham
Huzurida egmagan boshim,
deya xonimga tasannolar aytadi.
Yumoristik personajlar xatti-harakati yengil kulgi qo‘zg‘aydi va o‘quvchida zavq uyg‘otadi. “Tangri va yamoqchi” she’ridagi savol-javob bunga bir misol:
“Yamoqchi Tangriga derkan tinmayin:
— Ey Xudo!
Menga ham bir qayrilib boq!
Chorig‘ing so‘kilsa, tikib berayin,
Kavushing teshilsa, solayin yamoq.
Tangri debdi bir kun:
— Ol boqiy umr,
Farishta bo‘lursan!
— E, qo‘y kerakmas!
Umr berma menga, ber ozroq ko‘mir,
Ustiga bir chetan,
Yantoq bo‘lsa bas”.
Ko‘rib turganimizdek, Erkin Vohidov personajlari turli-tuman. Ular asarda lirik qahramon bilan teng ishtirok etib, qahramonning his-tuyg‘ularini to‘laroq ifodalashga yordam beradi.
Ma’sumaxon JO‘RAYEVA,
Izboskan tumanidagi
3-maktab o‘qituvchisi
Gulbahor ALIYEVA,
tumandagi 42-maktab o‘qituvchisi