Kecha va bugun tutashgan maskan
Insoniyat ma’naviy yuksalishiga beshik bo‘lgan, kechmishi necha ming yillik tarixga bog‘lanadigan, bashariyatning barcha taraqqiyot bosqichlariga guvoh bo‘lgan, bag‘rida o‘tmish, ham bugungi tamaddun jarayonlarini namoyon etuvchi maskanlar mamlakatimizning har bir hududi, shahar va tumanlarida bor.
Toshkent viloyatining Qibray tumani ham o‘ziga xos tarixga ega ana shunday go‘shalardan. Chunki tumanning kecha va bugunini o‘zida jamlab kelayotgan mo‘jaz idora bugun 83 mingga yaqin tuman aholisiga hamda ta’lim tizimiga oid hujjatlarni bag‘rida saqlab kelmoqda. Shu bilan birga kuniga 80 nafarga yaqin turli hayotiy ehtiyoj bilan kelgan aholiga xolis xizmat qilinmoqda.
Bu tashkilot barpo etilganiga salkam yarim asr bo‘lgan. Unga 1973-yilda Qibray tuman shaxsiy tarkib hujjatlar davlat arxivi nomi bilan asos
solingan.
— Ushbu maskan tuman aholisi tarixiga oid manbalar, esdaliklar va davr ruhini o‘zida mujassam etgan arxiv saqlanayotgani bilan qadrli, — deydi shaxsiy tarkib hujjatlar davlat arxivi rahbari Nigora SALOMOVA. — Hozirgi vaqtda hukumatimiz tomonidan barcha tarmoqlarda bo‘lgani kabi bu sohaga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki arxiv hujjatlarini asrab-avaylash juda muhim vazifadir. Biz ham mana shu aqidaga amal qilib ishlab kelyapmiz. Har yili 9-iyun “Xalqaro arxivlar kuni”, 15-iyun esa “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kun sifatida nishonlab kelinadi. Bu esa jamomiznining o‘z kasbiga mehr va ishonchini mustahkamlaydi.
So‘nggi yillarda Qibray tuman shaxsiy tarkib hujjatlar davlat arxivining fondlari fan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarga oid hujjatlar bilan boyitilmoqda. Tuman arxivi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlariga, shuningdek, “O‘zarxiv” agentligining nizom, yo‘riqnoma, qaror hamda farmoyishlari, ko‘rsatmalariga, o‘z Nizomiga amal qiladi. Xalq xizmatidagi mazkur jamoa o‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan ado etib kelmoqda.
Dilrabo UMIRZOQOVA