Kechirasiz, o‘rtoq muallim!
Yaqinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkan A’zamning “Kechirasiz, o‘rtoq muallim” nomli hikoyasini o‘qib qoldim. Hikoya qahramoni oddiy qishloq maktabini, u dargohda kechadigan turli munosabatlar va ma’naviy muhitni juda shirali til va kinoya bilan tasvirlaydi. Adib bir hikoya asnosida o‘sha davrdagi ta’lim tizimining ahvoli, ilm va ma’rifatga bo‘lgan munosabat va o‘qituvchilarning ma’naviy qiyofasini qahhorona usulda bayon etadi. Hikoyada tasvirlangan har bir dars epizodi, o‘qituvchilar xarakteri, o‘quvchilar va ustozlar orasidagi munosabatni ko‘rib, ba’zi mulohazalar tug‘ildi. Hikoya so‘ngidagi achchiq xulosa esa meni mazkur maqolani yozishga undadi.
Hamma zamonda ham o‘qituvchining ma’naviy qiyofasi jamiyatning ma’naviy qiyofasini ko‘rsatadi. Sababi, ustozlik juda muqaddas kasb. Shuning bilan birga uning zahmati va mas’uliyati ham juda katta. Millionlab ota-onalar va hukumatimiz, farzandlarimiz taqdirini bizga ishonib topshirdimi, demak, bunga javobgarlik hissini tuyishimiz, ularning taqdirini hayot-mamot masalasi deb bilishimiz shart.
Xo‘sh, bugungi o‘qituvchining ma’naviy qiyofasi qanaqa? Undan ko‘nglimiz to‘ladimi? O‘qituvchining qiyofasi jamiyatimiz yoshlari uchun ibrat bo‘la oladimi? Uning bilimi, tafakkuri, dunyoqarashi zamon shiddatiga dosh bera olyaptimi? Ta’lim tizimida yuz berayotgan izchil islohotlar, o‘zgarish va yangilanishlarni barcha o‘qituvchilar ham birdek anglab, tushunib yeta olyaptimi?
Shu bilan birgalikda, ilm-fanda, madaniy va adabiy hayotimizda kechayotgan o‘zgarishlarni qanday o‘zlashtiryaptilar? Hamisha zamon bilan hamnafas bo‘lishi va kerak bo‘lsa, o‘z davridan picha oldinroqda yurishi kerak bo‘lgan hurmatli muallimlarimiz bugun qanday ilmiy manbalardan oziqlanmoqdalar? Hurmatli yozuvchimiz bayon etgan voqealar bizning bugungi hayotimizga ham daxldor emasmi?
Albatta, bunday murakkab va ayni paytda og‘riqli savolga biroz qiynalibroq bo‘lsa ham ijobiy javob bera olamiz. Sababi, tafakkuri va dunyoqarashi keng, zamon va makonda kechayotgan turli voqea-hodisalar mohiyatini anglagan va o‘z ustida tinimsiz ishlab, zamon va o‘quvchilar talabiga javob bera oladigan o‘qituvchilarimiz keragicha topiladi. Butun umrini millat yoshlari tarbiyasiga bag‘ishlagan, har qanday qiyin va murakkab vaziyatlarda ham o‘z a’moli, e’tiqodi va fikridan qaytmaydigan, millatga ma’naviy onalik vazifasini qoyilmaqom qilib o‘tayotgan fidoyi ustozlarimiz bugun har bir go‘shada, har bir maktabda bor. Biz ular bilan har qancha faxrlansak, hurmat va izzatini joyiga qo‘ysak kam.
Ammo ming afsuski, masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ochig‘ini aytsak, holva degan bilan og‘iz chuchimaydi. Oqning yonida qorani, kunduzning yonida zulmatni ko‘rganimizdek, yutuqlarimiz yonida muammolarimiz ham yo‘q emas. Yozuvchi hikoya sujetini osmondan olmagan. Unda tasvirlangan o‘qituvchilar, o‘sha ma’naviy muhit, o‘sha xarakter va jarayonlar bugungi ta’lim tizimimizda ham ming taassufki, bor. Institutda olgan bilimlari bilan cheklanib qolgan, bugungi ilm-fan va ta’lim tizimidagi yangiliklardan mutlaqo xabarsiz va o‘z ustida deyarli ishlamay qo‘ygan o‘qituvchilarimiz ham bugun afsuski, oramizda ishlab yuribdi.
Kasbim taqozosiga ko‘ra har kuni shunday ustozlar bilan muloqotga kirishaman, birgalikda yangi vazifalar ijrosi va boshqa masalalarda hamkorlikda ishlaymiz. Shu jarayonlarda ba’zi ustozlarimizning donoligi va tirishqoqligidan quvonib ketsang, ayrim ustozlardagi loqaydlik, mas’uliyatsizlikni ko‘rib hayratga tushasan.
Misol uchun, chekkaroq qishloqdagi maktabda ancha yillardan buyon ishlaydigan, ko‘p yillik tajribaga ega ustozdan sohangizga oid qanday ilmiy nashrlar, yangi kitoblar va qo‘llanmalar bor, degan savolimga jo‘yaliroq javob topa olmadim.
Yana bir adabiyot o‘qituvchisidan XX asr uyg‘onish davri adabiyotining atoqli vakillaridan biri Abdurauf Fitrat hayoti, ilmiy merosi, adabiy asarlari haqida batafsilroq bir maqola olishga harchand urindim, ammo afsus, qo‘lida ma’lumotlar, ilmiy manbalar yo‘qligi haqidagi bahonalardan boshqa hech narsa ololmadim. Bunday achinarli va og‘riqli misollarni istagancha keltirish mumkin.
Shu o‘rinda meni qiynayotgan yana bir masala haqida to‘xtalib o‘tsam. Bugun texnika zamonida bosma nashrlarning o‘rnini elektron nashrlar, virtual axborot manbalari egallagani bor haqiqat. O‘qiyman, izlanaman, o‘rganaman degan odamga virtual olam ham yetarlicha manba berishi mumkin. Ammo afsuski, ba’zi o‘qituvchilarimiz internet deganda faqat ijtimoiy tarmoqlardagi bo‘lar-bo‘lmas kanallar, turli saytlar, platformalardagi oldi-qochdi videotasvirlar, g‘iybat-fasodga to‘la ma’lumotlarni olishnigina tushunmoqda. Bugun ulardan qaysidir san’atkor hayotidagi o‘zgarish yoki qo‘yingki, trendga aylangan ko‘cha mashmashasi haqida so‘rasangiz, biyron-biyron javob berishadi-yu, “Ma’rifat” gazetasi yoki “Tafakkur” jurnalidagi biror maqola haqida so‘rasangiz, yelkalarini qisishadi. Ustoz, o‘z nomi bilan ustoz, u ma’rifatning, ziyo va yuksak tafakkurning timsoli bo‘lishi kerakmi yoki ko‘cha mashmashasiga o‘ralashgan oddiygina odammi? Bu oldi-qochdilar bilan ongini to‘ldirgan o‘qituvchi ertaga maktabga kirib bolalarga nima haqda gapiradi yoki o‘sha ko‘rganlarini o‘quvchilar bilan muhokama qilmasmikan, degan tashvishli savollar ham ba’zida yurakka g‘ulg‘ula soladi.
Muhtaram yozuvchimizning hikoyasini o‘qiy turib, bir narsa yodimga kelgandi. Shu o‘rinda achchiq bo‘lsayam, shu mulohazani aytib ketmasam bo‘lmas. Yozuvchi hikoyasida o‘qituvchi xarakteridagi saktaliklar, ojizliklar, xatolar haqida to‘xtaladi. Meni esa ayrim o‘qituvchilarning yozuvidagi, imlosidagi xatolar qiynaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘qituvchilar orasida ochilgan turli xil guruhlarni kuzatib, ba’zi o‘qituvchilarimizning savodxonlik darajasi, matn tuzish, fikrini yetkazish masalasidagi saktalik va xatolarni ko‘rib, xuddi hikoya qahramonidek “Kechirasiz, o‘rtoq muallim” devorgim keladi.
Bular bir hikoya mutolaasi natijasida tug‘ilgan mulohazalar edi. Uni yozishdan maqsad ertaga bizga ham kimdir qo‘lini nuqib “Kechirasiz, o‘rtoq muallim” deya kinoya qilmasa, biz bunga yo‘l qo‘ymasak, o‘z oldimizga qo‘yilgan maqsad va bizga bildirilgan ishonchni to‘la oqlagan bo‘lamiz.
Feruza HAYITOVA,
Dehqonobod tuman xalq ta’limi
bo‘limining boshlang‘ich ta’lim metodisti