Kissaga qistirilgan pullar…
Kissaga qistirilgan pullar…
Bola ulg‘ayib maktabga chiqadi. Ota-onasi tomonidan har ayyomda sinf rahbariga yuborilib turadigan sovg‘a-salomlarning “qudrati” bilan amal-taqal o‘qishni tamomlaydi. “Tanka”larining himmati bilan oliy ma’lumotli ham bo‘lar... Korrupsion muhitda ulg‘aygan bolaning kelgusida yaxshi xodim bo‘lishiga qo‘lidagi bir parcha qog‘oz yordam bera olarmidi?!
Ish izlab sarson yurganda ota-onaning “Olmaydigan rahbar yo‘q, berolmaydigan uquvsizlar bor”, degan so‘zlari moydek yoqib tushadi. Qarabsizki, jamiyat yana bir savodsiz kadr bilan “boyiydi”. U shifokor yoki o‘qituvchi bo‘lsa, millatning ertangi kuni xavf ostida qoladi. Korrupsiya oqibatida kelib chiqadigan noxushliklar ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin.
Hatto shifoxona farroshiga ozgina “qistirsangiz”, bemor tuzalguniga qadar shohona hayot kechiradi. Go‘dak shifoxonadan chiqdi ham deylik, yosh oila bola parvarishi uchun moddiy yordam so‘rab, MFYga murojaat etsa, chinakam tomoshani ana o‘shanda ko‘ring. Oylab, yillab ijobiy natija kutish barobarida taqdim etilmagan hujjat, taqillatilmagan eshik qolmaydi. Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqda bir “maslahat”ga ko‘zim tushdi: “Bir oylik moddiy yordam pulini MFY xodimlarining kissasiga solib qo‘ysangiz, masala hal. Hech qancha vaqt o‘tmay, moddiy yordam pulining o‘zi sizni izlab keladi”. Naqadar achinarli hol. Shu birgina jumla bilan qanchadan qancha halol MFY xodimlarining pok nomi bulg‘anyapti.
Korrupsiya yaxshi ta’lim-tarbiya ko‘rmaslik va kam
maosh oladigan amaldorlarning ochko‘zligi natijasida vujudga keladi. Korrupsiyani jamiyat hayotidan butkul chiqarib tashlash mushkul masala. Biroq uni kamaytirsa bo‘ladi. Bu borada nafaqat huquqni himoya qiluvchi davlat organlari, balki har bir inson yon-atrofidagi yaqinlarini tarbiyalab, mamlakat rivoji uchun hissa qo‘shmog‘i darkor. Mehnatga munosib haq to‘lash, elektron hukumatni to‘la joriy etish hamda yosh avlod qalbini halollik ruhida tarbiyalash orqali ko‘zlagan maqsadimizga erishamiz.
Ozodabonu RUSTAMOVA,
O‘zJOKU talabasi