Ko‘ngil rozi bo‘lgan asarlar
10-yanvar – Oybek tavallud topgan kun
Adabiyotga berilgan taʼriflar juda koʻp. Men esa adabiyotni millat maʼnaviyatining ustuni deb bilaman. Biz oʻz adabiyotimiz bilan hamda uni boy qilgan shoir-u yozuvchilarimiz bilan ham qancha faxrlansak arziydi. Adabiyot xazinamiz asrlar davomida boyib kelgan va ayni davrda ham ma’naviy yuksalib kelmoqda. Hamma vaqtda shoir-u adiblarimizga ijod qilishlari uchun shart-sharoit yetarli boʻlishi zarur.
Shoʻrolar istibdodi davrida ijodkorlarimizning emin-erkin ijod qilishlariga toʻsqinlik qilishgani barchamizga yaxshi ma’lum. Ammo biz buyuk adabiyotimiz vakillariga tasannolar aytishimiz joiski, ular shunday tahlikali vaziyatda ham oʻz qalamiga suyanib asrlarga tatigulik asarlar yaratishdi. Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Usmon Nosir, Shuhrat singari bir qator adibu shoirlarimiz qatori Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek ham shunday bir davrda tugʻilib, samarali ijodi bilan adabiyotda munosib iz qoldirdi.
Adibimiz 1905-yilning 10-yanvarida Toshkentda tavallud topdi. “Namuna” nomli maktabni tamomlagach, Navoiy nomidagi taʼlim-tarbiya texnikumiga oʻqishga kiradi. Va shu texnikumda ustoz adibimizning ijodi boshlanganini oʻzining quyidagi xotiralaridan bilib olishimiz mumkin:
“ … Oʻqtin-oʻqtin oʻzimcha mashq qilib, bitta yarimta sheʼr yozib ham qoʻyardim. Xotiramda bor, ilk sheʼrim texnikumning “Tong yulduzi” nomli gazetasida chiqdi. Keyin shu gazetaga oʻzim masʼul muharrir boʻldim”...
1926-yili shoirning ilk “Tuygʻular” nomli sheʼriy toʻplami chop etildi. Shundan soʻng “Koʻngil naylari”, “Mashʼala”, “Baxtigul va Sogʻindiq”, “Sheʼrlar” nomli sheʼriy toʻplamlari dunyo yuzini koʻrdi. Ustoz Oybek nafaqat nazm balki, nasrda ham barakali ijod qildi. “Dilbar – davr qiz”, “Oʻch”, “Qizlar” singari dostonlari, “Musicha”, “Singan umid”, “Fanorchi ota”, “Tillatopar” kabi hikoyalar, “Nur qidirib”, “Qutlugʻ qon”, “Quyosh qoraymas”, “Ulugʻ yoʻl”, “Navoiy” nomli romanlarini yaratdi.
Mana masalan, “Fanorchi ota” hikoyasini olaylik. Tursunqul akaning darvozasi tepasiga Fanorchi ota fanor iladi. Bolalar, ayniqsa, Qosim battol fonarning “koʻz”ini Fanorchi ota qancha yangilamasin, har kuni sindirishadi. Fanorchi ota ularga yomgʻirli, qorongʻu tunda ariqqa tushib ketgan chol haqida aytib bergach, bolalar fanorni sindirmaslikka vaʼda beradilar. Hikoya oʻquvchini insof, shafqat koʻchasiga chorlaydi, oʻzgalar mehnatining qadrini anglashga undaydi.
Maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida bir necha yillik faoliyatim davomida o‘quvchilarim bilan mashg‘ulotlarda ushbu hikoyadan ko‘p foydalanaman. Ularning endi shakllanayotgan dunyoqarashlarida bu kabi ibratli hikoyalar albatta, o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
“Bolaning koʻngli poshsho” hikoyasida esa, bolalik shunday nozik, sof yoritiladiki, oʻqigan kishi bolalikka qaytadi, goʻyo asar voqealari oʻquvchining koʻz oʻngida namoyon boʻladi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, bu davrda koʻplab ziyolilar zulm qurboni boʻlishgan. Shu jumladan adibimiz ham. 1937-yil til va adabiyot institutidagi ishidan haydaladi, yozuvchilar uyushmasi safidan chiqadi. Shunday boʻlsada, ustoz Oybek tushkunlikka tushmaydi. Bu tahlikali yillarni adibning rafiqasi Zarifa Saidnosirova quyidagicha xotirlaydi:
“Har daqiqa tashvish, har daqiqa yurak titroqda. Biz bolalarni qo‘rg‘onda qaynota-qaynonamga qoldirib, ikki temir karavotni bog‘ning chetiga ko‘chirdik. (Go‘yo bizni bog‘dan topisholmaydigandek)…”.
“Adabiyot – ko‘ngil ishi, ilhom samarasi. Tuyg‘usiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulag o‘xshaydi – meva tugmaydi. Ko‘ngil rozi bo‘lgan asargina kitobxonning ko‘ngliga yo‘l topadi, kitobxonning ko‘nglida meva tugadi” – degan edi Abdulla Qahhor. Ustoz Oybek yaratgan barcha asarlar ilhom samarasi o‘laroq dunyoga kelgan. Hech shubha qilmay shuni aytishimiz mumkinki, bu asarlar yillar o‘tsa ham o‘quvchining muhabbatini tark etmaydi.
Dilbar AXMEDOVA ,
Navoiy shahar 17-maktab o ‘ qituvchisi