“Ko‘rkam” yigitlar
Yaqinda bir gap eshitdim: “koreys yigitlari bo‘yanadi, ular bundan uyalishmaydi, aksincha faxrlanishadi”. Ishonmadim. Lekin “Ko‘rkam yigitlar” nomli koreys filmiga bexosdan ko‘zim tushgach, hayratda qoldim, to‘g‘risi. Yuziga upa, qoshiga qalam surtib, kamiga qulog‘iga zirak ham taqib olgan bu “yigitlar”ni ko‘rib, “erkak” deyishga tilim bormadi. Birdan o‘zbek o‘g‘lonlari ham ulardan andoza olmayaptimikan, deb cho‘chib ketdim.
Bizga ma’lumki, botirlik, pahlavonlik, bir so‘zlilik o‘zbek o‘g‘lonlari qon-qoniga singib ketgan. Bu xislatlar o‘zbek yigitlarining qonida bor. Ularning tarbiyasida Sharqqa xos bir qancha fazilatlarni ham ko‘rishimiz mumkin.
Lekin hozir ahvol qanday? Yigitlar tarbiyasi, ularning ota-onaga munosabati? Kattalarga salom berish tugul, “hurmat qilish” tushunchasini unutib qo‘yganlar, afsuski, ko‘plab topiladi. Avtobusda ko‘p kuzataman, juda ko‘p yigitlar qulog‘iga naushnik taqib, atrofidagi hassa suyanib turgan bobosi tengi chol-u kampirni ham ko‘rmay yoki ko‘rib ko‘rmaslikka olishadi.
Ijtimoiy tarmoqlar bugun jamiyatning ko‘zgusiga aylandi-qo‘ydi. Unda paydo bo‘layotgan videolarda bir gala qizlar o‘zaro yulishib, mushtlashib, so‘kinayotgan bir vaqtda yigitlar bunga barham berish o‘rniga tomoshabin bo‘lib, videoga olib turgani, keyin esa bu videolarni tarqatish bilan o‘zlarini kun qahramoniga aylantirayotganini ko‘ryapmiz. Ojiza ayollarning xo‘rlanishini videoga olib tarqatayotgan erkaklar ko‘payib ketayotganini o‘ylab, ular ko‘zimga ayollardek bo‘yanib olgan koreysning “ko‘rkam yigitlar”idan ham jirkanch bo‘lib ko‘rinib ketdi. Afsus, ular ham ertaga bir oilaning boshiga, bir qancha farzandning otasiga aylanadi.
Shu o‘rinda yosh bo‘lsam-da bir xulosaga keldim. Onalar o‘g‘il farzandlarining nafaqat yaxshi o‘qishi, hayotda o‘z o‘rnini topishiga, balki onasidan tashqari jamiki ayollarni hurmat qilish, qadriga yetish hissini ham to‘g‘ri shakllantirishlari va har qanday vaziyatda o‘zbek o‘g‘loniga mardlik, odillik, g‘urur yarashishi kerakligini uqtirishlari kerak.
Dilafro‘z ABDURAJABOVA,
ToshDO‘TAU talabasi