MENING KIMLIGIMNI EL BILSA BO‘LDI

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi tasarrufidagi A. Cho‘lpon kutubxonasida Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan, “Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi” nomli xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Kechada Filologiya fanlari doktori Marhabo Qo‘chqorova, Jizzax davlat pedagogika universiteti tayanch doktoranti Shohista Axmedova, shoirning o‘g‘illari Diyor va Elyor Matjonovlar, yozuvchi Ashurali Jo‘rayev, Olmazor tumani Ma’naviyat ishlari yetakchisi Muazzam Alibo у eva va kutubxona mutaxassislari hamda bir guruh kitobxonlar qatnashdilar. “Sevimli yozuvchi bilan uchrashuv” loyihasi doirasidagi tadbirni kutubxona direktori Hafiza Karimova ochib berdi. So‘zga chiqqanlar Xorazm viloyatini Omon Matchondek yetuk shoirni kamolga yetkazgan tabarruk diyor ekani, shoirning she’rlari betakror, bir-birini takrorlamasligi bugungi yosh ijodkorlar nafasida ham Omon Matchon nafasi ufurib turganini ta’kidladilar.
Tadbirda yig‘ilganlar Omon Matjonning shoir, davlat va jamoat arbobi sifatida Vatan oldidagi ulkan xizmatlarini e’tirof etib, adib xotirasini sog‘inch bilan esga oldilar. Tadbir davomida O‘zbekiston Filarmoniyasidan tashrif buyurgan bir guruh sozandalar shoirning she’rlariga bastalangan qo‘shiqlardan kuylashdi. Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari tomonidan shoir ijodidan she’rlar o‘qib eshittirildi. Kutubxona mutaxassislari tomonidan “Istiqlol kuychisi – Omon Matjon” nomli ko‘rgazma tashkil qilinib, undagi adabiyotlarga bibliografik sharh berildi. Tadbir so‘nggida, kecha ishtirokchilariga “Bilim” AKM tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.
M. Doniyarova,
Toshkent shahar
“Bilim” axborot kutubxona markazi
yetakchi mutaxassisi