Ma’naviyat – tarbiyaning chuqur ildizi
Ma’naviyat insonning o‘zligini, ruhiy olami va fahm-farosatini aks ettiradi, shuningdek, yaxshilikni yomonlikdan, adolatni razillikdan, oqillikni johillikdan farqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’naviyatni shakllantiruvchi omillar xilma-xil bo‘lib, uni odam umri davomida egallab boradi. Bola, dastavval, oilada ota-onasidan eshitgan, ko‘rgan-bilganlariga amal qilsa, so‘ngra bog‘cha, maktab, litseylarda murabbiy va o‘qituvchilar ko‘magida o‘zining ma’naviy dunyosini rivojlantira boradi. Ta’kidlash joizki, ma’naviy tarbiya ishlarida ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yish nihoyatda xatarli. Ma’naviyat jamiyat hayotining shunday bir nozik, ahamiyatli sohasiki, bu borada xo‘jako‘rsinga ish qilish yaramaydi. Insonlarda, xususan, yoshlarda ma’naviyatning shakllanishi ancha murakkab va mashaqqatli jarayon hisoblanadi. Buni amalga oshirish uchun keng qamrovli ma’naviy, madaniy va tarbiyaviy ishlarni olib borish darkor. Ma’lumki, tarbiya deganda, avvalo, oila ko‘z oldimizga keladi. Jamiyatning kichik bo‘g‘ini hisoblangan bu jajji birlashmada ma’naviyatning o‘rnini hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydi.
Ota-ona odobli, bir-biriga mehrli, oqibatli bo‘lsa, farzandlar ham ular yo‘lini tutadi, komil insonlar bo‘lib yetishadi. Yaqinda o‘qib qoldim, bugun dunyoda har sohada yetakchi bo‘lgan Yaponiya oilalarida farzand tarbiyasiga juda katta e’tibor berisharkan. Eng muhimi, ular farzandiga unday bo‘l, bunday qil, deya nasihat qilmas ekan. “Biz o‘zimiz to‘g‘ri bo‘lishga, har bir ishda o‘zimiz farzandlarimizga yaxshi tomondan o‘rnak ko‘rsatishga harakat qilamiz” ana sizga yapon moʻjizasining siri. Mana, nima uchun “yapon xarakteri” nomi bilan tanilgan bu millatning yetti yoshdan yetmish yoshigacha yurti uchun jon fido qilishga tayyor, chin vatanparvar. Xo‘sh, biz oilada farzandlarimizga yaxshi tomondan o‘rnak bo‘lyapmizmi?
Shuning uchun Ma’naviyat – tarbiyaning chuqur ildizi hisoblanadi. Ta’lim va tarbiyani, avvalo, moʻjaz oiladan boshlasak ayni muddao bo‘lardi. Zero, olmaning tagiga olma tushishini aslo unutmasligimiz kerak.
Yusuf NASULLAYEV,
Vobkent tumani hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi