“Ma’rifat” — baridan qadrliroq!”
Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali “Ma’rifat” gazetasining 90 yilligi munosabati bilan gazetada faoliyat yuritgan jurnalistlar ro‘yxati e’lon qilindi. Qayta-qayta ismimni qidirdim. To‘qson yillik ro‘yxatda to‘qsoninchi o‘rinda turgan ekanman. Aslida, men ro‘yxatda borligimdan xursandman. Gazetada ko‘p ishlamadim, lekin umrga tatigulik ish zavqini his qildim, tajriba va ko‘pdan ko‘p yaqinlar orttirdim.
Matbuot uyi eshigi oldida kimdir meni ichkariga olib kirib ketsa edi, deb biror tanish ustozimiz kelishini soatlab kutib o‘tirardik. Nilufar Namozova bizni gazetalar bilan tanishtirganida, sizlarni birinchi “Ma’rifat”ga olib kiraman, u yerda ko‘p katta jurnalistlarning ustozi bor, ular bilan tanishtiraman dedi. Ming hayajon bilan bordik. Har bir bo‘lim bo‘ylab sayohat qildik Oybuvi, Hulkar opalarni ko‘rdik, Husan Nishonov bilan tanishdik. O‘shanda Husan aka bir kitob bergandi, mana bu kitobni xohlasanglar o‘qib chiqinglar, zo‘r bo‘lmasayam bir jurnalist yozgan degandi. Uyga borib qarasam o‘zining kitobi ekan. Va nihoyat ustozlarning ustozining oldiga kirdik — Mahmud Sa’diy. Ko‘pchilikning gap-so‘zlaridan u insonni juda boshqacha tasavvur qilgan edik, lekin birinchi taassurot aldamchi bo‘ladi deydi-ku, rostan ham shunday ekan. Dastlab qanday kitoblar o‘qiganimizni, qayerdan kelganimizni so‘radi. Menga navbat kelganda Qashqadaryoning Yakkabog‘idanman deganimni bilaman, “ha, jontoqlardanmisan?”, desa bo‘ladimi. Biram xafa bo‘lgandim. Keyinchalik bilsam “Ma’rifat”da menga o‘xshaganlar ko‘p ekan. Ustozni keyinchalik yaxshi bilib, ishlari bilan tanishib haqiqiy fidoyi ekaniga amin bo‘lganman. “Ma’rifat”da fidoyilar ko‘p. Eng katta qadamim — “Ma’rifat”, kelajakdagi odimlarim ham, inshoolloh, u bilan bog‘liq bo‘ladi.
“Ma’rifat” mahorat maktabi”dan saralangan to‘rt kishini ishga qabul qilishdi. Ular orasida men ham borligim juda katta baxt edi. Har yili bo‘ladigan “Ma’rifat” mahorat maktabi” juda ko‘p jurnalistlarning tilini chiqarib, ijodkor sifatida shakllantirgan. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Mahorat maktabidagi darslarning birida gazeta muharriri mahorat darsini o‘tayotgan edi. Men avvallari “Hurriyat”ning chin oshig‘i edim, shuning uchun har yerda “Hurriyat”ni birinchi o‘ringa qo‘yardim. Husan aka “Ma’rifat”ning boshqa gazetalardan ustunliklarini sanab boshlaganida baribir “Hurriyat” zo‘r deb ustoz bilan talashgandim. Shunda, “qachondir baribir tushunib yetasiz, “Ma’rifat” har tomonlama boshqa gazetalardan ajralib turishini” deganda, “ko‘ramiz” deb qo‘ygandim. Hozir bemalol ayta olamanki, men uchun ikki gazeta ham qadrli. “Ma’rifat” — baridan qadrlirog‘i!
Fayoza AVLAYEVA