“Ma’rifat”da toblangan jur’at
“Doimo eng qo‘rqqan ishingni qil”
"Doimo eng qo‘rqqan ishingni qil va qo‘rquvning o‘limi muqarrar", degan edi mashhur yozuvchi Mark Tven.
Maktabda eng a’lochi o‘quvchilardan edim. Darslarda, fan olimpiadalarida faol qatnashar, tadbirlarda boshlovchilik qilardim. O‘qituvchilar ham eng mas’uliyatli vazifalarni menga ishonardi.
Hatto tengdoshlarimga namunali darslar ham o‘tganim esimda. Biroq ko‘pincha bir narsani atrofimdagilarga sezdirmaslikka harakat qilardim. Bir ishga kirishish avvalida meni juda kuchli hayajon bosib, buni qila olmayman degan qo‘rquv bo‘lardi. Har ishning boshi katta jur’atni talab qilardi. Bu tuyg‘uni bir so‘z bilan qanday ta’riflashni bilmayman, ya’ni u xavotirmi, hayajon yoki tortinchoqlik? Shunisi aniqki, maqsadimdan chekinishni xohlamay, muntazam kurashardim.
Yodimda, 9-sinf bitiruvchisiman, 25-may so‘nggi qo‘ng‘iroq kuni. “Xayr, maktabim” qo‘shig‘ini kuylashim kerak. Butun maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilar, ota-onalar, mehmonlar yig‘ilgan. Barcha bitiruvchilar singari musiqa yangrashi bilan ko‘zlarimga yosh keldi. Qo‘limda mikrofon, qo‘shiqning yarmiga kelganda ovozim titray boshladi, hatto qo‘shiq matni yodimdan chiqdi, hayajondan qo‘llarim qaltirardi. Biroq men doimgidek o‘zimda kuch yig‘dim, hislarimni jilovlashga, hayajonni yengishga urindim. Nihoyat sinfdoshim bilan qo‘shiqni kuylab bo‘ldik. O‘qituvchilarimdan biri yonimga kelib menga “barakalla” dedi-yu, hayajondan tez urib turgan yuragim maromiga tushdi va men buni uddaladim, deya taskin topdim.
“Ma’rifat”da toblangan jur’at
Keyinchalik litseyni tugatib, ta’limni jurnalistika yo‘nalishida davom ettirdim. Talabalik yillari teleko‘rsatuvlarda boshlovchilik ham qildim. O‘shanda har bir ko‘rsatuv oldidan qanchalik qattiq hayajonlanganimni yaxshi eslayman.
2017-yili talabalikning eng oxirgi oylari. Menda matbuotga qiziqish uyg‘ondi va o‘qituvchilar, kursdoshlarim tavsiyasi bilan “Ma’rifat” gazetasida amaliyot o‘tadim. Ungacha boshqa joylarda ishlaganim bois, menda solishtirish imkoniyati bor edi. Bu yerdagi ijodiy muhit menga juda yoqardi. Hech kim bir-birining ishidan ayb qidirmaydi, o‘zaro hurmat, samimiyat bor. Tajribali xodimlar maqolalarimdagi kamchiliklarni doimo bosiqlik bilan tushuntirar edi. Shu sabab bo‘sh ish o‘rni borligini eshitishim bilan yurak yutib bosh muharrir qabuliga kirdim. Muharrir materiallarimni kuzatib borishini aytib, “yozib yuravering, bo‘sh ish o‘rinlarini yana bir ko‘rib chiqaman” deya menga umid berdi. Keyin kun ora “Ma’rifat”ga qatnab bir necha oy maqolalar yozib yurdim. Ishga kirish uchun hujjatlarimni ham tayyor qilib qo‘yganman. Shunday kunlarning birida muharrir qabuliga qayta kirdim va afsuski, yana “yozib yuravering, men bo‘sh ish o‘rinlarini ko‘rib chiqaman” degan javobni eshitdim. Lekin bu meni maqsadimdan qaytarolmadi. Chunki “Ma’rifat”ga mehrim tushib qolgan, hech ko‘ngil uzolmasdim. Hatto ushbu vaqt davomida boshqa gazetaga na maqola berdim, na ish izladim.
Ayni voqeadan chamasi ikki oy o‘tib, chop etilgan maqolalarimni olib bosh muharrir eshigiga keldim. Bu mening to‘rtinchi urinishim edi. Kuchli hayajon, yana rad etilishdan qo‘rqish yuragimni qurshab olgan. Ammo eshikni taqillatdim va ichkariga kirdim. Bu safar jumla o‘zgardi: “familiyangizni vazirlikka jo‘natdim, ular tasdiqlashini kutyapman”. Hech narsa deya olmay, “xo‘p” deb xonadan chiqib ketdim. Shundan so‘ng deyarli bir yil davomida 5-6 marta yuqoridagi javobni eshitib, jur’atim muharrir eshigi orqasida toblanardi.
Hammasi yaxshilikka
Oxiri umidni uzib-uzmay boshqa nashrda ish boshladim. Elimiz suygan mashhur aktyorlar, olimlar bilan intervyularim chop etildi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra ushbu gazetada faoliyatimni to‘xtatdim va oradan bir hafta o‘tib “Hammasi yaxshilikka. Bir eshik yopilsa, ikkinchisi ochiladi” degan hikmatning naqadar to‘g‘riligiga amin bo‘ldim. Ya’ni “Ma’rifat”da bosh muharrir o‘zgarganini eshitib, qadrdon gazetaga yana bordim. Bu safar mehnat mevasini berdi. “Hujjatlaringizni kadrlar bo‘limiga topshiring” degan javob oldim. Muxbir sifatida ishga qabul qilindim. O‘sha kundagi quvonchimni so‘z bilan ta’riflash qiyin.
Bilishimcha, insonda muvaffaqiyatsizlik, o‘zgarishlar, omma oldiga chiqishga nisbatan qo‘rquv bo‘lishi normal holat hisoblanadi. Afsuski, dunyoda juda ko‘plab odamlar ichki qo‘rquv sabab o‘z orzulariga erisha olmasligi ham haqiqat. Hamon biror ish oldida turganimda bu tuyg‘u hamroh, ba’zan u meni yengadi, ortga chekinishga undaydi. Ammo maqsad va orzularim undan-da ustunroq. Boisi, hozirga qadar hayotimdagi eng yaxshi narsalar eng katta jur’at evaziga keldi.
Shohsanam MAHMUDOVA