“Ma’rifat” — mening taqdirimda
Inson hayotida shunday insonlar bo‘ladiki, bir umr unutmaysiz. Unutmasligingizga arziydi ular. Jurnalistikaga ilk qadamni “Ma’rifat”da qo‘yganman desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu dargohda unib-o‘sdim, ulg‘aydim, jurnalistikaning katta maktabini shu yerda o‘qidim. 2008-yilda ishga kirgan bo‘lsam, boshqa joyda ishlashni tasavvur qilmaganman. Bu yil barchaga ma’lum vaziyat tufayli boshqa ish qidirishga to‘g‘ri keldi. O‘zim haqimdagi ma’lumotni o‘qigan inson borki, shu paytgacha faqatgina bitta joyda — “Ma’rifat”da ishlaganimni ko‘rib hayratini yashirmaydi. “Buning birgina sababi bor: yo siz “Ma’rifat”dan ketishni xohlamagansiz yoki ketkizishmagan”. Agar vaziyat taqozo qilmaganda umrimning oxiriga qadar shu gazetada ishlayverardim.
Bakalavrda o‘qishdan ortib bir joyda ishlamaganman. Magistraturaga kirgach, vaqtim bemalol. Biror joyga ishga kirishni mo‘ljal qila boshladim. Boshidan aytib qo‘yay, radio-televideniye meni qiziqtirmagan. Shu bois, ish qidirib ikki-uchta gazetaga bordim. Ota-onamning tavsiyasiga ko‘ra, “Ma’rifat”ga ham. Bu dargohga ustoz
Halim Saidov boshchiligida amaliy mashg‘ulot uchun bir necha marta kelganimiz ham bir sabab bo‘ldi. Tanlovim aynan “Ma’rifat”da to‘xtadi.
Endi darsdan bo‘sh qoldim deguncha, gazetaga yuguraman. Jamoada ahillik, o‘zaro hurmat, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kuchli bo‘lgani uchunmi, kunim shu yerda o‘ta boshladi. O‘zimni hali bu yerda ishga kirishga tayyor deb hisoblamas, kim, nima buyursa qilib, qayerga yuborsa borib, bir yilni o‘tkazdim.
Gazetaga kelgan paytim Nargiza To‘xliyevaga biriktirib qo‘yishgan. Ancha payt ishlab, bir qator xabar va maqolalarim gazeta yuzini ko‘rgach “Shu qizni ishga olaylik” degan taklifni aytgan Nargiza opaga bosh muharrir “Hali vaqt bor” debdi.
Yosh, g‘o‘r paytim emasmi, o‘zimcha arazlab bir hafta tahririyatga umuman bormadim. Onam o‘qituvchi, dadamning ham ishi maktab bilan bog‘liqligi uchunmi negadir aynan “Ma’rifat”da ishlashimni mendan ham ko‘proq ular istashgan. Yosh boladek arazlab yurganimda onamning “Hayot kurashlardan iborat, bittada taslim bo‘lish irodasizlik. Ishga olishmasa ham, oylik berishmasa ham borib, chin dildan ishlayver!” degan tanbehidan o‘zimga keldim. Yana tahririyatga yugurdim. Hatto gazetadagilarning ko‘pchiligi meni shu yerda ishlaydi deb o‘ylashardi. Endi zo‘r berib, o‘zimni “ko‘rsatishga” intilardim. Qayerda, nima tadbir bo‘lishidan qat’i nazar, borishdan erinmadim.
Bir kuni Hulkar opa To‘ymanova “Respublika bolalar kutubxonasida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbirga borib keling” deb qoldi. Manzilni obdon so‘rab olganimga qaramay, hech topolmasam-da. Aksiga olib kimdan so‘ramay, u joyni bilmaydi. Tadbir boshlandi hamki hamon manzilni topolmay ovoraman. Oxiri, ko‘chada turgan taksichilardan so‘radim. Yo‘lni ko‘rsatib yuborish o‘rniga palon so‘m bersam oborib qo‘yishini aytdi. Talabada har doim buncha pul bo‘lmasa.
Tadbir tugab bo‘ldi, berilgan topshiriqni bajarolmadim deb alamimdan yig‘lab yubordim. Ilk bor shunda anglaganman, jurnalist bo‘lish oson emasligini.
— Qizim, nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan? — deya so‘radi bir amaki.
— Bolalar kutubxonasiga bormoqchi edim, lekin yo‘lni topolmayapman(g‘irt yosh bola bo‘lgan ekanman).
— Voy qizim-ey, shunga ham yig‘laysanmi? Hov, anavi ko‘rinib turgan yashil rangli bino kutubxona.
Yugurdim. Ammo tadbir allaqachon
tugab bo‘lgan. Shunday bo‘lsa ham, hali tarqamagan ishtirokchilardan fikr-mulohaza va ma’lumotlarni olib gazetaga xabar tayyorlab berdim. Tadbirga vaqtida borolmaganimni o‘zimdan boshqa hech kim bilmagan.
Bu orada ustoz Halim Saidov bizga dars o‘ta boshladi. O‘quv yili oxirida hamma o‘zi tanlagan dissertatsiya mavzusidan kichik taqdimot o‘tkazishi kerak edi. Men ham “Asqad Muxtor fiqralarida publitsist ma’naviy olami” mavzusida rahmatli ustoz Mahmud Sa’diy rahbarligidagi dissertatsiyamning qisqacha mazmunini gapirib berdim.
Shu voqeami yoki boshqa sababmi, ertasi kuni Halim Saidov “Hujjatlaringizni olib keling, sizni ishga olamiz” deb qoldi. O‘sha paytda mendan baxtli inson bo‘lmasa
kerak. Deyarli bir yil kutgandim bu damlarni. Nazarimda hech kim menday qiynalib ishga kirgan emasdi gazetaga.
Shu tariqa qadrdon dargohdagi faoliyatim boshlandi. Bu yerda nafaqat jurnalistika sohasida, balki hayotda ham asqotadigan darslarni olganim — mening yutug‘im. Tahririyatdagilar bilan ona-bola, opa-singil, aka-uka bo‘lib ketdik.
Hulkar To‘ymanova “Ma’rifat”dagi ilk ustozim. Meni bo‘limga ishga olgan kunning ertasiga ta’tilga chiqib ketgandi. Xullas, yolg‘iz o‘zim ishga kirishdim. Har safar keyingi son rejasi yig‘ilishiga kirishdan oldin Hulkar opamga qo‘ng‘iroq qilaman. Avvalgi sonda chiqqan-chiqmaganiga qarab qaysi materiallarni tavsiya qilishimni aytadi. Tayyor materiallar ro‘yxati maxsus jurnalga yozib qo‘yilgan. Shu tariqa ishga o‘rganib ketdim.
Eh-he, Hulkar opamdan o‘rganganlarimni yozsam tugamasa kerak. U kezi kelsa talabchan, ishni doim birinchi o‘ringa qo‘yardi. Boshqa tengdoshlarimdan ko‘ra meni ko‘proq yaxshi ko‘rishi o‘zgacha g‘urur bag‘ishlardi. Ishda, o‘qishda, shaxsiy hayotda, farzand tarbiyasida, uy-ro‘zg‘or yuritishda Hulkar opamdan o‘rganganlarim hamon hayotimda asqotmoqda.
Magistraturaning ikkinchi bosqichiga o‘tganimda ukam o‘qishga kirdi. Endi oilada uch nafar talaba kontraktda o‘qiydi. “Qaysi birini to‘laymiz?” deb ota-onamning boshi qotgan. To‘ng‘ich farzandman, buning ustiga 4 yil kontraktda o‘qib qo‘yganman. Endi ukalarimning navbati, deya o‘ylab-o‘ylab bosh muharririmiz Halim Saidovga uchrashdim.
— Ustoz, oyligimni kontrakt to‘lashga o‘tkazsam maylimi?
Zo‘r odatlari bor-da. Nimadandir ajablansa yoki hayron qolsa, ko‘zoynagini yechib birpas odamga qarab turadi.
O‘shanda ham menga birpas qarab
turdi-da:
— Oyligingiz qancha o‘zi? — deb
so‘radi.
Bir yil oyliksiz ishlashimga to‘g‘ri kelarkan, agar kontrakt pulimni to‘lamoqchi bo‘lsam.
— Oylik olmasdan ishlasa, odamning ishlagisi kelmay qoladi, shuniyam bilasizmi?
— Bilmasam...
— Shartnomangizni olib kelib, hisobchiga berib qo‘ying.
Oradan ikki kun o‘tib, bosh hisobchi to‘lov qog‘ozini qo‘limga tutqazdi. Bosh muharrir xonasiga chopdim. Bir dunyo minnatdorlik so‘zlarim bor edi.
— Rahmat, ustoz... — deya oldim xolos.
Xonadan chiqa solib onamga telefon qildim:
— Aya, aya, tahririyat kontrakt pulimni to‘lab berdi, endi qiynalmaysizlar. Oyligimni ham olarkanman.
— Yo‘g‘-e, rostanmi?
Onam boshqa gapirolmadi. Bildimki, quvonganidan yig‘layapti..
Birozdan keyin telefon qilgan onam, bosh muharririmizga qo‘shib, butun “Ma’rifat” ahlini uzoq duo qildi. Xushxabarni hamkasblariga maqtanishga ham ulguribdi.
Milliardlab puli bo‘lsa-da, birovga yordam qilmaydiganlar zamonida bir necha talabaning kontrakt pulini to‘lab berish katta voqea edi, albatta.
Husan aka gazetaga bosh muharrir bo‘lganidan keyin o‘zimizni avvalgidan ham erkinroq his etishni boshladik. Qaysi mavzuda yozsak ham doim qo‘llab-quvvatlagan. Doimo birga ishlab, maslahatlashib, fikr almashib yurganimiz uchunmi, u kishiga haddimiz sig‘ib istagan mavzuda gapira olardik. Ha-ya, aytgancha, Husan aka meni Reyhan deydigan yagona inson!
U kishining hazil-huzulga o‘ralgan kinoyalari-yu, maqtovlarini ham o‘z o‘rnida qabul qilishni o‘rgandik. Husan aka yoshi katta insonlarga ham, endigina jurnalistikaga qadam qo‘ygan talabaga ham birdek do‘st bo‘lolgan samimiy inson. U kishidan aynan shu xislatlarni o‘zlashtirsak, arziydi.
Xullas, “Ma’rifat” va unda ishlagan yillarim haqida qancha gapirsam ham adog‘iga yetmasa kerak. Hozir qayerda, qanday vazifada ishlamaylik, uning maktabi, bergan ta’limi bir umr bizga asqotadi.
Rayhona XO‘JAYEVA