“Ma’rifat”ning besh bosh muharriri Zukko, xokisor, kamtarin
1988-yilning yoz oylari. “Yosh leninchi” gazetasida stajyor (o‘rganuvchi)-muxbir vazifasida ishlayman. Oylik maosh yo‘q, gazetada chiqqan maqolalarimga qalam haqi berishardi.
Tahririyatimizdan “O‘qituvchilar gazetasi”ga bosh muharrir o‘rinbosari lavozimiga ishga o‘tgan rahmatli Mahkam Rahmonov meni yo‘qlayotganini aytib qolishdi. Bir jihati, hayiqdim. Gazeta ishida sochi oqargan mo‘ysafid jurnalist Samarqandning olis bir qishlog‘idan kelgan oddiygina ijodkor qizni nimaga chaqirayotgan bo‘lishi mumkin? U kishi bilan “Yosh leninchi”da bir muddat birga ishlash nasib etgan edi. Yozgan maqolalarimga o‘z munosabatini bildirib, rag‘batlantirib turadigan Mahkam akaning yoniga oshiqib tushdim.
– Sizning o‘rningiz “O‘qituvchilar gazetasi”da, maoshli ishga o‘tishingiz kerak. Yuring, bosh muharrirning qabuliga kiramiz!
Tahririyat joylashgan hozirgi bino, to‘rtinchi qavat to‘rida gazeta bosh muharriri Ahmadjon Dolimovning xonasi. Mahkam akaga ergashib, iymanibgina ichkariga kirdim. Qisqa muloqotda ustoz jurnalist mendagi bor-yo‘q sifatlarni aytib, gazeta bosh muharririga “Ishga olsangiz, yutqazmaysiz!” degandek bir talabni qo‘ydi. Shu tariqa shtatdan tashqarida yurgan yoshlar gazetasi muxbiri 1988-yilning avgustidan boshlab yangi tahririyatga qabul qilindim.
Gazeta katta formatda chop etilar, ayrim sahifalarida ruscha matnlar uchun ham joy ajratilardi. Ancha yillardan buyon bosh muharrirlik qilayotgan rahmatli Ahmadjon Dolimov o‘zbek va rus jurnalistlarini bir maqsad-maslak yo‘lida ishlashga undar, xalq ta’limi sohasidagi muammolarni o‘rganadigan, tahliliy-tanqidiy maqolalar yozadigan muxbirni hamisha qo‘llab-quvvatlar edi.
Esimda, Samarqand viloyati Nurobod tumanidan tahririyatimizga shikoyat xati kelgach, uni o‘rganish menga yuklatildi. Xatda yozilishicha, muallima “lodka” uzugi bilan o‘quvchining boshiga urishi oqibatida bolaning boshida o‘simta paydo bo‘ladi. Ota-onasi uni ko‘p shifokorlarga ko‘rsatishadi, ammo dardi zo‘rayib borardi. Surishtirib ko‘rganimda va bemorni davolagan shifokor bilan suhbatlashganimda, bolaning boshida avvaldan o‘simta bo‘lganu, zarbadan keyin dard zo‘rayibroq ketgan va muallima aybdor bo‘lib qolgan. Aslida, pedagogika talablariga ko‘ra, o‘qituvchi bolaga qo‘l ko‘tarishi kerak emas, ammo bilasiz, jahl chiqsa, aql qochadi. Xullas, sixni ham, kabobni ham kuydirmay, “Xato” degan maqola tayyorladim va u “O‘qituvchilar gazetasi”da chop qilindi. O‘qituvchini oqlaganim ham, qoralaganim ham yo‘q, betaraf pozitsiyada turdim. Shifokorning asosli fikrlarini keltirdim.
Ko‘p o‘tmay, tahririyatga bemor bolaning ota-onasidan yana shikoyat xati keldi. Ular maqoladan qoniqmaganligini ma’lum qilishibdi. Ahmadjon Dolimov meni yoniga chaqirib, xatni ko‘rsatdi va noqulayroq vaziyatga tushganimni ko‘rib:
– Siz sira xijolat bo‘lmang, Hulkaroy. Boshqa muxbir ham xuddi shunday yo‘l tutgan bo‘lardi. Ularning xohishi bo‘yicha siz muallimani yerga urib, ustidan mag‘zava ag‘darishingiz kerak edi. Ammo betaraf muallif sifatida voqea tafsilotini bergansiz, – dedi.
Yengil tortdim. Kim bilsin, Ahmadjon akaning o‘rnida boshqa muharrir bo‘lsa, menga nimalar degan bo‘lardi? Zukko, xokisor kamtarin bu inson bilan uzoq yillar birga ishlash nasib etib, jurnalistikaning past-baland jihatlarini o‘rganib olganimdan bir umr minnatdorman. Ustozimizning oxiratlari obod bo‘lsin.
Sa’dullla akaning siymosi
1995-yilning aprel oyida dekret ta’tilidan so‘ng qadrdon ish joyimga qaytdim. Bu paytda gazetaga taniqli shoir Sa’dulla Hakimov bosh muharrirlik qilar, nashr katta formatda chop etilardi. Hassos shoir avval adabiy xodim bo‘lib ishlagan ayolni bo‘lim mudiri lavozimiga tayinlaganida, to‘g‘risi, ulkan mas’uliyat bo‘ynimga yuklanganidan cho‘chidim. Axir, katta gazeta bo‘lsa, ziyolilar o‘qiydigan nashr. Ammo ko‘p o‘tmay, xavotirim asossiz ekanligiga amin bo‘ldim.
Sa’dulla aka bosh muharrir sifatida har bir ijodkorni qo‘llab-quvvatlar, mavzuga biryoqlama emas, balki ikki-uch tomondan yondashishimizni talab qilardi. Nafaqat oliyjanob rahbarligi, balki insoniy sifatlari bilan ham qalbimizdan joy egallagan ekanmi, keyinchalik Sa’dulla aka Prezident devoniga mas’ul lavozimga tayinlanganida, tahririyat ayollari u kishini ko‘zda yosh bilan kuzatganimizni yaxshi eslayman. Tabiatan ko‘ngli bo‘sh xilqat – ayol zotining yuragini mehr-muruvvati, g‘amxo‘rligi, hammaga teng muomalada bo‘lishi bilan zabt etgan rahbarlar juda kam uchraydi. Sa’dulla akaga “Ma’rifat” gazetasida ishlayotgan opa-singillarimizning yig‘lab kuzatishi nasib qilibdimi, demak, shuning o‘zi ham baxt. Axir, kimningdir yuragidan joy egallash, kimgadir kerakligingni his qilishdan-da, yuksak turadigan tushuncha bormikan?
Sa’dulla akaning siymosi qalbimizda yashaydi...
14 yillik qadrdon
Mansab, lavozimni qoshiqqa o‘xshatishadi. Galma-gal keladi va ketadi. 1991-yildan boshlab “Ma’rifat” deya atalgan nashrning navbatdagi bosh muharriri
Halim Sayidov rahbarligida rosa 14 yil ishladik. Sa’dulla Hakimov mas’ul lavozimga tayinlangan kezlar yosh jurnalist Halim Sayidov ham “Ma’rifat” gazetasida xizmat qilardi. Ko‘p o‘tmay, yanglishmasam, 1995-yil oxirrog‘ida vaqtli matbuot nashrlarini o‘zining qiziqarli maqolalari bilan boyitib kelayotgan Halimjonni gazeta bosh muharrirligiga tayinlashdi. Xursandmiz. Rahbar o‘zimizniki, chunki chetdan keladigan boshliqqa ko‘nikish, moslashish oson emas.
Ijod qilaman degan xodimga hech qanday monelik yo‘q. Tahririyatga kompyuter texnologiyalari keltirildi, hattoki, deraza oldida tuvaklar paydo bo‘ldi. To‘rtinchi qavat ta’mirlandi, parket pol laklangach, yangilangandek yaraqlab ketdi. Tahririyat xodimlari bosh muharrirning tashkilotchiligi, tashabbuskorligi va didli ekanligiga ko‘p bora tan berganmiz. Hattoki, Yangi yil bayrami yoki Ramazon, Qurbon hayitlari munosabati bilan tahririyat xodimlariga un, go‘sht, yog‘, shakar kabi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilgan paytlar ham bo‘ldi.
“Ma’rifat” gazetasining 2007-2008-yilgi taxlamini varaqlagan kishi nashr sahifalarida “Qalb rishtasi” rukni ostidagi turkum maqolalarga ko‘zi tushadi. Xalqimizning asriy an’anasi – ustoz-shogirdlik munosabatlariga bag‘ishlangan 12 ta maqolam oyma-oy bosilib turdi. Halimjon bilan munosib bosh qahramonni tanlash bobida maslahatlashardim. Loyihada uch avlod vakillarining ustoz-shogirdlik munosabati bo‘yicha bir-biriga uzviy bog‘liq taqdirlari ko‘rsatib berilgan. Chunonchi, bosh qahramon, O‘zbekiston Xalq artisti Erkin Komilovning ustozi Shukur Burhonov bo‘lsa, Erkin Komilov ham endilikda ustozlik maqomiga erishib, aktrisa Lola Eltoyevaga teatr san’atining sir-asrorlari haqida saboq beradi.
Turkum maqolalarim 2008-yili “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bunday maqolalar Halim Saidov bosh muharrirlik qilgan yillarda ko‘p e’lon qilingan. Sezgir, sinchkov, yetti o‘lchab bir kesadigan sobiq bosh muharrirni birga ishlagan safdoshlar, qadrdonlar hamisha mamnuniyat bilan tilga olamiz. 2009-yilda Prezident farmoniga ko‘ra, kamina “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Xushxabar bilan ilk bor samimiy tabriklagan va xuddi o‘zi ham shu unvon bilan taqdirlangandek quvongan insonlardan biri gazeta bosh muharriri Halim Saidov bo‘lgan...
Qisqa muddatdagi katta iz
“Ma’rifat” – taqdir, “Ma’rifat” saodat, degim keladi. Bu dargohga kelib, kimlar ishlamadi, kimlar o‘z taqdir yo‘lini yaratmadi. Kimdir bir yil, kimdir o‘n yil, yana birov o‘n bir oy. Buyurgani, nasib qilgani. Katta tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan muqaddas tahririyatning har bir ijodkorga bag‘ri ochiq. Gazeta ishiga kamtar, bosiq, bilimdon, sinchkov, hayotning past-balandini bosib o‘tgan kishilar rahbarlik qilgan. Muntazam ravishda chop etilgan va o‘z muxlislari qo‘liga yetib borgan ushbu nufuzli nashrga 2010-yilning may oyida Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimi bo‘lib ishlayotgan Abdusamad Rahimov bosh muharrirlikka tayinlandi. Bu lavozimga ketmay turib “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari vazifasida ishlagan
Abdusamadning qadrdon dargohga yuborilishi jamoaga katta shod-u xurramlik bag‘ishladi. Mehnat faxriysi Qutbinisa Fozilova, fidoyi jurnalist Qurbonboy Matqurbonov, tajribali mas’ul kotib Akmal Islomov, sinchkov musahhihlar Sanobar Hakimova, Oydin Aloviddinova, Surayyo Shayxovalar bilan birga ishlash yangi bosh muharrirga ancha qulaylik, yengillik tug‘dirgan bo‘lsa, ajab emas.
Gazeta haftasiga ikki marta 16 sahifadan bosilar, seshanba va juma kunlari tongotar bo‘lardi. Bunday kezda bosh muharrir qatorida musahhih, mas’ul kotib, navbatchi muharrir ham zahmat chekar, har bir sahifa, har bir maqolaning mas’uliyati, e’lon qilingandan keyingi taqdiri ko‘z o‘ngimizda turardi.
Ko‘pdan beri miyamda pishitib yurgan g‘oya – o‘zbek xalqiga xos insoniy xislatlar bo‘yicha turkum maqolalar yozish taklifi bosh muharrirga ma’qul keldi-yu, kamina 2011-yil yanvaridan boshlab har oyda bittasini e’lon qilib borishga muvaffaq bo‘ldim. “Diyonat”, “Bag‘rikenglik”, “Mardlik”, “Mehr-oqibat”, “Halollik”, “Tadbirkorlik” singari 15 ta maqoladan iborat turkum xuddi ipga tizilgan marjondek shaklga keldi. Aslida, niyatim bu ijodiy loyiha mahsulini “Oltin qalam” xalqaro milliy ko‘rik-tanloviga topshirish edi. 2012-yilning may oyida igna bilan quduq qazigandek, mashaqqat bilan yozgan maqolalarim ushbu nufuzli ko‘rik-tanlov hakamlar hay’ati e’tirofiga sazovor bo‘ldi. O‘zbekning 15 xislatiga bag‘ishlangan maqolalar uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi. Buning zamirida butun tahririyat xodimlari mehnatiga berilgan bajo mujassam edi... Hamon e’tirof etamanki, “Ma’rifat” gazetasi nashr etilmasa, uning ahil jamoasi bir yoqadan bosh chiqarib ishlamasa, men singari qalam tebratadigan ijod ahlining yozgan-chizgani qayoqqa borardi?
2017-yili Abdusamad Rahimov Prezident devoniga mas’ul lavozimga tayinlandi. Garchand buni jamoa a’zolari istashmasa-da, yuqori idoraning tayinlovi tahririyatga nisbatan yuksak ishonchdan dalolat berardi. Bosh muharrirning qisqa muddatdagi katta izini, g‘ayrat-shijoatini, rahbarlik madaniyatini, sinchkovligi va puxtaligini u kishi bilan birga ishlagan har bir xodim e’tirof etadi.
“Ma’rifat” lotin imlosida
2019-yilning yanvaridan boshlab kirill imlosida chop etib kelinayotgan qadimiy nashr to‘liq lotin imlosiga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazildi. Bunga qadar gazetaning ayrim sahifalari ana shu imloda bosilgani bois, musahhihlar ancha-muncha malaka hosil qilishgandi. Ochig‘ini aytganda, kirill imlosi men kabi katta avlod vakillariga “qardon” bo‘lib qolgan ekan, ko‘nikish ancha qiyin kechdi.
O‘ylab qarasam, bir dargohda 31 yil ishlab qo‘yibman. Daraxt bir joyda ko‘karadi, ana shu muqaddas dargohda ijod qilib, izlanib, kam bo‘lmadim. To‘rt muharrir qo‘l ostida ishladim, har birining o‘z uslubi, o‘z talablari bor, biri ikinchisiga o‘xshamaydi. Beshinchi bosh muharrir – Samarqand viloyatining Nurobod tumanida tavallud topib, ijod maydonida o‘z o‘rnini topib olgan ma’rifatparvar yigit – Husan Nishonov rahbarligida ham bir muddat birga ishlash nasib etdi.
Bosh muharrirning tashabbusi bilan lotin imlosida bosila boshlagan “Ma’rifat” ta’lim muassasalariga suv va havodek kirib bordi. Chunki umumta’lim maktablari, kollej-litseylarda ta’lim jarayoni allaqachon to‘liq lotin imlosiga o‘tib, darslik va o‘quv qo‘llanmalari ham ana shu yozuvda bosilardi.
Qadrdon maskanni tark etish, jon-jigardek aziz bo‘lib qolgan insonlar bilan xayrlashish oson bo‘lmadi. Bunga o‘zimni ancha vaqtgacha ruhan tayyorlab yurdim. Qat’iy qarorimdan taajjublangan bosh muharrir noiloj ishdan bo‘shashimga rozi bo‘ldi. Axir, hech narsa abadiy emas, ko‘zda yosh, qalbda hayajon bilan qadrdonlar davrasini tark etdim...
Ana, besh muharrir haqida boricha yozganlarim... Bo‘yamadim, bejamadim, maqtamadim, barchasi haqiqat. Bir ijodkor hayotida ularning har biri qanday rol o‘ynaganini ifodalashga urindim. Qay darajada, hukmingizga havola.
Hulkar TO‘YMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist