Madrasa ta’limi haqida nimalarni bilamiz?
Madrasa ta’limi haqida nimalarni bilamiz?
Kasbimiz nuqtayi nazaridan O‘zbekistondagi ta’lim tizimi tarixi haqida ko‘p savollarga duch kelamiz. Tarix fani o‘qituvchisi sifatida men ham ushbu savollarga javob topishga intilaman. Batafsil ma’lumotlarni faqat ilmiy manbalar yoki arxiv hujjatlaridan topsa bo‘ladi.
Shu maqsadda Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Qo‘qon davlat muzey-qo‘riqxonasi hamda Marg‘ilon shahar tarixi muzeyi fondlarida qisqa izlanishlar olib bordim. Manbalarning keng ko‘lamli ekanligi, mavzuga oid ma’lumotlarning uzuq-yuluqligi sababli mavzuni faqat Marg‘ilon shahri misolida yoritishga qaror qildim.
Ma’lumki, Marg‘ilon shahri O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan bo‘lib, u X asrdan buyon yirik shahar sifatida e’tirof etib kelinmoqda. Buyuk Ipak yo‘lining Marg‘ilon orqali o‘tishi shaharning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy tomondan rivojlanishida muhim o‘rin tutgan.
Shahar markazida yirik inshootlardan O‘rda, madrasa va masjidlar joylashgan. Bu binolar pishiq g‘ishtdan qurilgan bir va ikki qavatli bo‘lib, ular orasida ichki saroy ham o‘rin olgan. 1938-yili O‘zbekiston ko‘hna yodgorliklarni himoya qilish qo‘mitasining ekspeditsiyasi Marg‘ilonda bo‘lib, shahar 300 yil avval (XVII asrda) devor bilan o‘ralgan, to‘rtta darvozali shahar ekanligini ta’kidlagan edi. Qarama-qarshi darvozalar oralig‘i 2 chaqirimni tashkil etgan. Mudofaa devorining balandligi 12 paxsa(taxminan 7-8 metr), kengligi 2 quloch bo‘lib, devor tashqarisi xandaq bilan o‘ralgan. Zarurat bo‘lmaganligi sababli bu devorning ko‘p qismi XIX asr boshlaridayoq buzilib ketgan. Sheralixon davrida(1842–1845-y.) Marg‘ilonning devorlari yangitdan qurildi. Yangi devorning ikki qarama-qarshi darvozalari orasidagi masofa endi 8 chaqirimga yetdi. Unga 12 ta darvoza orqali – Xo‘ja Ma’oz, Nadirmat, Toshloq, Xotinariq, Bahrin, Gulchaman, Mash’ad, Eshon, Oltiariq, Sarmozor, Surhtepa va Chimyon darvozalari orqali kirib-chiqilgan.
Etnograf A.Pisarchikning ma’lumotiga ko‘ra, yangi devorning kengligi 2 quloch, yuqorisi esa 1 qulochga yaqin bo‘lgan. Devor atrofi xandaq bilan o‘ralgan. Devorning ich tomonida zambarak o‘rnatish uchun ko‘tarma supa qilingan. Afsuski, XIX asrning 70-yillariga kelib, uning bu mudofaa devori buzilib ketgan edi. Ruslar Marg‘ilonni bosib olayotgan payti “mudofaa devorlari yo‘q” deb yozishgan edi. Shunga qaramay 1875-yildagi A.Lebedevning xaritasida shahar devori va undagi 4 ta darvoza — Karvon, Qumtepa, Surhtepa, Yuqori soy darvozalarining o‘rni belgilab berilgan. Xaritaning yana bir qimmatli tomoni unda shahardagi 44 ta yirik inshootning nomi ham keltirilgan.
Marg‘ilon ruslar tomonidan egallab olingach, XIX asr oxirlarida 4 ta dahadan iborat bo‘lgan va ularning har biriga amin lavozimidagi shaxs tayinlangan. O‘z navbatida bu dahalar 16 ta mahallaga bo‘lingan.
Shahar markazida katta bozor bo‘lib, boshqaruvchisiga “Amin” mansabi berilgan.
Mirshablar tomonidan nazorat
qilish uchun shahar ikki qismga bo‘linib, har bir qismi alohida qo‘rboshi tomonidan boshqarilgan. Uning qo‘l ostida 4 katta mirshab, 17 kichik mirshab xizmat qilgan. Shaharda 7 ta jamoat hammomi, 35 ta choyxona faoliyat ko‘rsatgan. 1880-yillarda shaharda jami 200 ga yaqin katta-kichik ishlab chiqarish korxonasi bor edi. Ular asosan un va yog‘-moy ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. O‘sha paytdagi narx-navo ham manbalarda qayd etib o‘tilgan. Misol uchun 1894-yildagi “Farg‘ona viloyatining yillik obzori”da yozilishicha bir bosh qo‘y o‘rtacha 10 rubl, sigir 21 rubl, ot 60 rublga sotilgan. Agar harbiy bilim yurtini yangi bitirgan eng kichik lavozimdagi rus ofitserining bazaviy maoshi 45 rubl ekanligini
inobatga olsak, Marg‘ilondagi narx-navo ular uchun juda qulay bo‘lgan. Bundan tashqari, Turkistonda xizmat qilayotgan davlat va harbiy xizmatchilar uchun ustama to‘lash, turli mukofot va qo‘shimchalar joriy qilingan edi. Shuningdek, davlat organlarida faoliyat olib borayotgan mahalliy amaldorlar ham yetarli darajadagi maosh bilan ta’minlangan.
Shahardagi ta’lim tizimi O‘rta Osiyodagi umumiy tarzda qabul qilingan ta’lim uslubiga asosan yo‘lga qo‘yilgan. Bunda ta’lim asosan ikki bosqichda olib borilib, boshlang‘ich maktab va oliy ta’lim tizimiga ajratilgan.
Boshlang‘ich maktab – mahalla va masjidlardagi o‘quv muassasasi hisoblanib, bu yerda bolalar savodxonlik darslarini olish bilan birga dastlabki muhim diniy ta’limotlarni, musulmonlik majburiyatlarini, besh vaqt namoz qonun-qoidalarini, unga tayyorgarlik ko‘rish va tahorat olish yo‘l-yo‘riqlarini ham o‘rganadilar. Shuningdek, unda Olloh haqida asosiy tushunchalar, islomning mohiyati, farishtalar, jannat va do‘zax haqidagi tasavvur va boshqa diniy ta’limotlar berilgan.
Afsuski, maktablarda faqat o‘g‘il bolalar ta’lim olish huquqiga ega bo‘lgan. Qizlar esa odatda mahallalarda, ilmli va savodi bor ayollarning xonadonida tahsil olgan. Ushbu xonadonlarning egalarini maktabdorlar
deyishib, ular ma’lum miqdordagi to‘lov evaziga dars berishgan. Ahamiyatlisi, bunday maktablar bitta mahallada bir nechta bo‘lishi ham mumkin edi. Mashhur shoira Dilshodi Barno (1800–1906-y) ham shu tarzda maktabdorlik qilib, har yili o‘rta hisobda 20–30 nafar qizning savodini chiqargan. U 70 yildan ortiq vaqt davomida shu kasb bilan shug‘ullangan. Marg‘ilonda esa maktabdorlik qilgan mashhur shaxslardan biri sifatida Jahon Otin Uvaysiyni(1779–1845-yy) aytib o‘tish mumkin. Uvaysiy xonadoniga ta’lim olishga kelgan qizlarning ko‘pligi uchun u yashayotgan mahalla “Childuxtaron” deyilgan.
Madrasa – oliy ta’lim muassasasi bo‘lib, unda toliblar arab tilining chuqurlashtirilgan kursini o‘rganadi. Qur’on va shariat kitoblari, shariat va diniy huquqlar, turli yuridik normalarga taalluqli farmonlar, shaxsiy va oilaviy huquq, davlat va jinoyat huquqlarini mukammal o‘rganadi. Bundan tashqari, madrasalarda mantiq, notiqlik va falsafa darslari ham o‘rganiladi.
Madrasa muassislari tomonidan ushbu madrasani ta’minlash uchun maxsus mulk – vaqf ajratilgan. Bu mulkni boshqaruvchi maxsus mutavalli lavozimi joriy qilingan. Madrasalarning vaqf daromadlaridan bir qismi vaqf mulkini saqlab turish – madrasa bino va inshootlarini ta’mirlash uchun sarflangan bo‘lsa, boshqa qismi mutavalli, mudarris, tolib, imom, muazzin, sartarosh, farrosh va boshqa xizmatchilarga oylik maosh sifatida berilgan.
Madrasaga boshlang‘ich maktabni tamomlaganlar qabul qilingan. Ularning yoshi 10 dan 40 yoshgacha bo‘lishi mumkin. O‘qish, yashash huquqiga ega bo‘lgan kunduzgi bo‘lim va darslarga erkin qatnovchi sirtqi bo‘lim toifalariga bo‘lingan. Madrasa o‘quv dasturi umumiy jihatlari o‘rta asrlarda ishlab chiqilgan va keyinchalik takomillashib borgan.
Mashg‘ulotlar, odatda, sentabrda boshlanib, may oyigacha davom etgan. Yoz oylari va ramazon oyida ta’tilga chiqilgan. Madrasada tahsil shanba, yakshanba, dushanba, seshanba kunlari o‘tkazilib, chorshanba, payshanba va juma kunlari dam olingan. Darslar bomdod nomozidan keyin boshlangan.
Madrasada ta’lim 3 bosqichda – boshlang‘ich(adno), o‘rta(avsat) va yuqori(a’lo) guruhlarda olib borilgan. Adno bosqichi “Aqoid” kitobini o‘qishga o‘tguncha davom etgan. Avsat bosqichi “Aqoid” kitobini o‘qishdan boshlanib, “Sharhi mulla” kitobini o‘rganguncha bo‘lgan. Undan keyingi murakkab qo‘llanmalarni o‘rganuvchilar A’lo bosqichi talabalari hisoblangan.
Madrasada o‘qish talabaning iqtidoriga qarab, 7–12 yil davom etgan. O‘rta Osiyodagi madrasalarda asosan arab va fors tilida yozilgan kitoblar o‘qitilgan. Ko‘p hollarda bu adabiyotlar mudarris tomonidan talabalarga turkiy tilda sharhlab berilgan.
Madrasalarda o‘quv kursi, odatda, fors tilidagi “Avvali ilm” o‘quv qo‘llanmasini o‘zlashtirish bilan boshlangan. Keyin arab tili grammatikasi (arab tili morfologiyasi – sarfi va sintaksisi – nahvi “Bidon”, “Qofiya” kabi darsliklar asosida o‘qitilgan. Arab tili grammatikasidan so‘ng o‘quv kursi 2 bo‘limga: umumta’lim kursi – mushkulot va fiqh kursi – masala bo‘limlariga ajratilgan.
Madrasalarda fiqh kursining
faroiz – meros huquqi qismi bilan birga matematika(hisob) fani ham majburiy o‘quv kursiga kiritilgan. Talabalar o‘z istaklari va qobiliyatlariga qarab mushkulot yoki masala bo‘limlaridan birini yoki har ikki bo‘limni o‘qib, tamomlashlari mumkin bo‘lgan.
Madrasalarda to‘liq kursni o‘tib, tamomlash uchun talabalardan falsafa va huquq fanlariga oid taxminan 137 ta darslik-qo‘llanmani o‘zlashtirish talab etilgan. Bu darsliklarning aksariyatini o‘rta osiyolik allomalarning asarlari, jumladan, Imom Buxoriy va Imom at-Termiziyning “Hadis” to‘plamlari, Abu Mansur Moturidiyning “Kitob at-tavhid”, Burhoniddin Marg‘inoniyning “al-Hidoya”, Najmiddin Qazviniyning “ar-Risola al-Mantiqiya”, Abdurahmon Jomiyning “al-Favoid addiyoiya”, Mahmud ibn Ahmad Mahbubiyning “Viloyat ar-rivoyatil fil-masoil”, Ubaydulloh ibn Mas’ud Mahbubiyning “an-Nuqoya”(“Muxtasar al-Viqoya”) kabi asarlari tashkil etgan.
Madrasalarda talabalarning qiziqishi va mudarrislarning mavjudligiga qarab, falakiyot, handasa, tibbiyot, kimyo, jug‘rofiya, tarix, adabiyot, aruz ilmi, me’morlik asoslari, hattotlik, musiqa, axloq, notiqlik kabi fanlar ham o‘qitilgan. XX asr boshlarida bu madrasalarning o‘quv dasturi isloh etilib, mavjud fanlar tarkibiga turk, rus, fransuz, ingliz tillari, fizika, ziroatchilik, hisob, gigiyena, psixologiya, metodika, trigonometriya, siyosiy iqtisod, tijorat kabi fanlar kirib kela boshlagan.
Marg‘ilon uyezdi boshlig‘ining 1877-yildagi hisobotidan ko‘rinib turibdiki, shaharda 80 ga yaqin masjid va madrasalar faoliyat ko‘rsatgan. Ammo bizgacha ularning bir nechtasi yetib kelgan xolos. Albatta, buning sabablari turlicha: tabiiy nurash va yemirilish, ma’naviy kurash, mafkuraviy zug‘um, o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib
olish va boshqalar bunga sabab bo‘lgan. Bu yodgorliklar o‘zbek milliy me’morchilik maktabining o‘ziga xos mahalliy xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Ular orasida Pir Siddiq majmuasi, Sayyid Ahmadxo‘ja Madrasasi, Xo‘ja Ma’oz ziyoratgohi, Shirmonpaz va boshqalar ana shular jumlasidandir.
Turkiston Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, yirik sanoatchi va savdogar Marg‘ilonda turli ijtimoiy obyektlar qurish qatorida masjid va madrasalar qurilishiga ham e’tibor qaratgan edi. Endilikda masjidlar faqat namoz o‘qish joyi bo‘lib qolmay, mahalla jamoasi uchun o‘ziga xos markaz vazifasini ham o‘tay boshladi.
O‘rganilgan ushbu ma’lumotlar bugun bizning amaliyotdagi ta’lim tizimimizga qiyoslash uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O‘ylaymanki, mening bugungi kichik izlanishlarim hamkasblarimga foydali bo‘ladi.
Nargiza POLVONOVA,
Farg‘ona shahridagi
26-maktabning
tarix fani o‘qituvchisi