Majburiy mehnatmi yoki mehnat tarbiyasi?
Yaqinda o‘zim o‘qigan maktabga bordim. Kiraverishda qiyg‘os gullagan turfa gullar ifori borliqni tutgan. Lekin bir jihat e’tiborimni tortdi: gulzor o‘rtasida qog‘oz parchalari, sellofan paketlari uyulib qolgan...
Qaytar chog‘ avval uzr so‘rab, maktab direktoriga shu holatni aytdim. Aytdim-u, direktorning yarasiga tuz sepganimni angladim: bolalar mehnati, majburiy mehnat, xodimlarni va o‘quvchilarni obodonlashtirishga majburlash, bunday holatlarning ijtimoiy tarmoqlarda tezda shov-shuvga sabab bo‘lishi, rahbarga chora ko‘rilishi, jazolash... Xullas, biror o‘quvchi yoki xodimga bu yumushni bajartirish istagi yo‘qligini, boshi balolarga qolishini xohlamasligini aytdi. O‘ylanib qoldim. Qachondan beri tozalik, orastalik uchun ter to‘kish majburiy mehnatga aylanib qoldi? Axir, o‘z ish joyi, tahsil olayotgan maskanini ozoda tutish, supurib-sidirish, ko‘kalamzorlashtirish, obod qilishning yomon tomoni bormi? Qonunchilik nima deydi?
Majburiy mehnat – ish beruvchi yoki fuqaro tomonidan biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali, shuningdek, mehnat intizomini saqlash maqsadida fuqaroning ixtiyoriga xilof ravishda majburiy ravishda ish yoki xizmat bajartirish hisoblanadi.
Bolalar mehnati — bolalarni yoshligidan, insoniy qadr-qimmatidan, intellektual salohiyatini rivojlantirish imkoniyatidan mahrum qiluvchi hamda jismoniy va aqliy rivojlanishiga zarar yetkazuvchi ishlardir. Maktabdan keyin yoki ta’til davrida cho‘ntak puli ishlash maqsadida bolaning uy-ro‘zg‘or hamda qishloq xo‘jaligi ishlarida ota-onasiga yordam berishi bola mehnati hisoblanmaydi. Chunki bularning barchasi bolaning rivojlanishi va oila farovonligiga, kelajakda jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi uchun talab qilinadigan ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lishiga yordam beradi, salomatligi va rivojlanishiga ta’sir etmaydi hamda ta’lim olishiga to‘sqinlik qilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2009-yil 29-iyulda 1990-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan qo‘shma qarorda 18 yoshdan kichik shaxslarni mehnatga jalb qilish
taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlar ro‘yxati keltirilgan. Bu ro‘yxatda maktab gulzorini chopib yumshatish yo issiqxonadagi o‘simliklarni parvarishlash yoxud yo‘lak chetlaridagi begona o‘tlarni yulib, supurish yo‘q...
Nishonni to‘g‘ri oling, bloger!
To‘g‘ri, shunday paytlar ham bo‘ldiki, ba’zi kasb egalari, xususan, o‘quvchilar ham majburiy mehnatga jalb qilindi, 1-sinf o‘quvchilarigacha paxta yig‘im-terimiga haydaldi. O‘qituvchi-yu shifokorlar, zavod ishchisi-yu tadbirkorlar o‘z ishi qolib, obodonchilik va tozalik ishlariga jalb qilindi. Xayriyat, hukumatimiz tomonidan bu ishlarga chek qo‘yildi. Biroq bu asrlar davomida an’anaga aylangan mehnat tarbiyasini majburiy mehnat deb atashni anglatmaydi!
– Maktabimiz hududida yarim gektarga yaqin yer bor, – deydi Quva tumani Qaqir qishlog‘idagi 5-maktab direktori Dilfuza Qirg‘izova. – Shuncha maydonni faqat xo‘jalik mudiri zimmasiga yuklab qo‘yish insofdan bo‘lmaydi. Ba’zan o‘qituvchilar, gohida yuqori sinf o‘quvchilari ixtiyoriy ravishda gullar va daraxtlarni, ekin-tikinni parvarishlashda unga ko‘maklashamiz. Ishonasizmi, shunday paytlarda, garchi hech kim qarshilik bildirmasa-da, kimdir boshqacha talqin qilmasmikan, deb yuragimni hovuchlab turaman.
Opaning ilhaq bo‘lganicha bor. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda istalgan fikrni aytishga urinayotganlar bisyor. Masalaning tub ildiziga yetmay, ko‘r-ko‘rona axborot tarqatuvchilar ko‘p. Ayniqsa, maktab o‘quvchilariga aloqador mavzuda, “majburiy mehnat” borasida... Tarmoqlardagi “majburiy mehnat” tamg‘asi qo‘yilgan ayblovlarni kuzatar ekansiz, hammasi bir-biriga yaqin, ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va tozalash ishlari...
Mehnat qilib hech kim kam bo‘lmaydi
Azaldan ko‘chatchilik, gulchilik bilan mashhur Qaqir qishlog‘idagi maktab hovlisini aylanamiz. Barq urib o‘sayotgan archa, shamshod, gul ko‘chatlari soni mingdan ortiq, ularni kelgusi bahorda sotish rejalashtirilgan. Bir tomonda ixchamgina limonariy, bir yoqda 2 sotixlik issiqxona. Issiqxonaga ekilgan bodring ko‘chatlari qiyg‘os gulda, qalampirlar baravj.
– Xohlovchilar darsdan tashqari paytlari kiyimlarimizni almashtirib kelib dehqonchilik ishlarida qarashamiz, – deydi maktab o‘quvchilari Gulsevar Halimjonova va Ruslan Hoshimov. – Uyda qilib yurgan ishimiz, shu bois yer chopish, o‘tlardan tozalash, oqlash, kesish biz uchun qiyin emas. Aksincha, ish jarayonida sinfdoshlarimiz bilan suhbatlashish, har xil mavzularda bahslashish zavq beradi. Ota-onalarimiz ham bajonidil ruxsat berishadi.
– Issiqxonani o‘tgan yili maktabimizning sobiq bitiruvchisi homiylik qilib qurib berdi, – deydi maktabning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Ilhomjon Komilov. – Bu tashabbus ko‘pchilikka o‘rnak ham bo‘ldi, biz ham shu yerda o‘qiganmiz, maktabimizga nima yordam qilaylik, deb keluvchilar paydo bo‘la boshladi.
Maktab yerida dehqonchilik ortidan mo‘may daromad ham olinmoqda. Ana shu mablag‘lar evaziga sinfxonalarning isitish tizimi to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy “Akfa” eshik-romlar o‘rnatilibdi, pishiq g‘ishtdan bitta yangi sinf xonasi qurib bitkazilibdi. Birovga yordam so‘rab borilmabdi, yuqori tashkilotlarga “qurib bering”, “ta’mirlab bering” deb zorlanishmabdi, ota-onalardan pul yig‘ilmabdi. Hozir ham maktabning bankdagi hisobraqamida 8 million so‘m puli bor ekan! Rosti, qoyil qolmay iloj yo‘q. Maktabning ahil va mehnatsevar pedagogik jamoasi bu borada faxrlansa arziydi.
Maskanda ta’lim, o‘qitish sifati ham maqtangulik. 8-sinf o‘quvchisi dunyoning 80 dan ortiq davlati vakillari ishtirok etadigan tanlovda, 11-sinf o‘quvchisi matematika, yana ikki nafar o‘quvchi ingliz tili bo‘yicha xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarga erishgan. Bolalar kurash, futbol musobaqalarida ham birinchilikni qo‘lga kiritshgan. Tuman, viloyat miqyosidagi fan olimpiadalarida, tanlovlarda maktab o‘quvchilari faol qatnashishadi.
Bir so‘z bilan aytganda, yarim gektar yerda mehnat qilish ta’limga, o‘qib-izlanishga zarracha xalal qilmayapti.
Kelajakni toblanganlarga topshiraylik
– Besh farzandim bor. Ularning yutuqlari bizni quvontiradi. Lekin har bir yutuq zamirida mehnatsevarlik mujassamligini unutmaslik kerak, – deydi toshloqlik Feruzaxon Muhammadiyeva. – O‘quvchiligimizda shanba kuni to‘liq mehnat darsi o‘tilardi. O‘smirlarga, avvalo, oilada, keyin maktabda mehnat tarbiyasi berilishi tarafdoriman. Mehnat qilish hayotdagi qiyinchiliklardan qo‘rqmaslik, to‘siqlarni yengib o‘tishga, muammolar qarshisida dovdirab qolmaslikka o‘rgatadi. Axir, hammamiz ham mehnatning orqasidan muayyan yutuqlarga erishganmiz-ku. Faqat me’yorni bilish kerak. Mehnatda toblangan boladan yomonlik chiqishi qiyin.
Bugun mehnat tarbiyasi va majburiy mehnatni bir-biridan farqlab olishimiz zarur. Allaqaysi blogerning noto‘g‘ri tashviqoti natijasida yoshlarimizning yengil hayotga o‘rgangan, dangasa va takasaltang bo‘lib qolishiga jim qarab turish mumkin emas. Aniqroq aytsak, ish va o‘qishga xalaqit qilmagan holda biror daraxtni oqlash, butash yoki atrofni tartibga keltirish majburiy mehnat deb baholanmasligi, maktablarda o‘quvchilarning ixtiyoriy tarzda og‘ir bo‘lmagan ishlarga qatnashishi bolalar mehnati deb
talqin qilinmasligi kerak. Aks holda, kelgusi avlod ko‘chalarni supurish, suv sepib orasta qilish, beminnat yordam va hasharni bilmay ulg‘ayishi, milliy qadriyatlarimiz haqida faqat kitoblardagina o‘qishi ehtimoldan xoli emas.
Hayotjon BOYBOBOYEV
Mehnatsevar etib tarbiyalaylik
Bu haqda gap ketganda o‘quvchilik yillarim esimga tushadi. Boshlang‘ich sinflarda o‘qigan paytlarimiz paxta yig‘im-terimiga majburan chiqar edik. Lekin mehnat darsida maktabimiz hududidagi, bog‘idagi yumushlarni zavq bilan bajarardik, chunki buni o‘zimiz xohlar edik.
Yuqori sinfda o‘qigan paytlarimiz maktabimizni obodonlashtirish, ta’mirlash ishlariga o‘z-o‘zidan qiziqib kirishib ketardik. Bu ishlar dars jarayoniga ta’sir qilmasdi, albatta. O‘sha davrda mehnat tarbiyasi shunaqangi tushuntirilar ediki, hamma o‘zi xohlab va qiziqish bilan mehnat qilardi. Ehtiyoj uchun ota-onamizdan mablag‘ so‘ramasdan, o‘zimiz ishlab topganmiz. Bu birontamizning sog‘ligimizga yoki ma’naviyatimizga zarar qilmagan, aksincha, hayotda qiyinchiliklarga tayyor turish, ularni yengib o‘tishga, muammoga yechim topishga o‘rgatgan. Shu bilan birga, o‘zaro samimiy suhbatlar kechardi, bir-birimizga yordamlashish, zarur o‘rinlarda aybimizni aytishga o‘rganganmiz. Hozir ham o‘sha davrni eslasak, kayfiyatimiz ko‘tarilib, yoshlikka qaytgandek bo‘lamiz.
Kunlar kelib majburiy mehnatga chek qo‘yildi. Hozir maktab o‘quvchilari hech qanday mehnatga jalb qilinmayapti. Lekin yoshlarimiz o‘zi xohlasa, qiziqish bildirsa, ishlashga ruxsat berish kerak. Aslida, men ham majburiy mehnatga qarshiman, ammo xohish bilan, ayniqsa, ko‘pchilik bo‘lib, hashar usulida mehnat qilishning nimasi yomon?! Fikrimcha, farzandlarimizni mehnatkash emas, mehnatsevar qilib tarbiyalashimiz kerak. Bu esa biz, kattalarning vazifamizdir.
Baxtiyorjon MO‘MINOV
Qo‘shtepa tumani
Kelajagimiz vorislari uchun mas’ulmiz
Bugungi kunda o‘quvchi-yoshlarning mehnat tarbiyasi dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. Dolzarbligi shundaki, bu boradagi chegarani, aytish mumkin bo‘lsa, muayyan chiziqni aniqlab olishimiz zarur. Bu hech birimizni befarq qoldirmasligi kerak.
Ma’lumki, maktab — ta’lim-tarbiya maskani. Ya’ni, bu qutlug‘ maskanda bolalarga ilm bilan birga odob-axloq, tarbiya ham beriladi. Mehnat tarbiyasi esa shaxs kamolotida muhim o‘rin tutuvchi jihatlardan sanaladi.
Ko‘p yillardan buyon maktabda o‘qituvchilik qilaman. Aslida, o‘quvchilar o‘zlari ta’lim olayotgan maktab, sinfxonasini ozoda tutishga ishtiyoqmand bo‘lishadi. Hatto quyi sinflarda navbatchilik talash bo‘ladi. Bundan tashqari, maktab hovlisiga turli ko‘chatlar, gullar ekish bolalarga zavq beribgina qolmay, ularda mas’uliyat, faxrlanish tuyg‘ularini shakllantiradi.
Mehnat tarbiyasida ota-onalar asosiy o‘rin tutadi. Uyda, oilada mehnat qilishga, kattalarga yordamlashishga o‘rgangan bolalar boshqalarga qaraganda ertaroq mustaqil fikrlaydigan, to‘siq va muammolardan qo‘rqmaydigan bo‘lib ulg‘ayishadi.
O‘quvchilik paytimizda “Ijtimoiy foydali mehnat” degan dars o‘tilardi. Haftada bir kun maktab hududiga daxldor tozalash, obodonlashtirish, yig‘ishtirish ishlari bilan shug‘ullanardik. Ochig‘i, ko‘p ham terga botib ishlamasdig-u, lekin bu vaqtdagi samimiy suhbatlar, hazil-huzul, xush kayfiyat bizni o‘ziga chorlab turardi.
Maktab ham kichik vatan hisoblanadi. Bu maskandagi barcha sa’y-harakatlar yosh avlod kamolotiga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Zero, bu yerda maqsadlari yuksak, olijanob insonlar mehnat qilishadi, yurtimiz kelajagi vorislari voyaga yetadi.
Matlubaxon AZIMOVA,
Rishton tumanidagi 8-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi