Metroda ham “qog‘ozbozlik”
Ertalab metroga tushganmisiz? Yaxshisi, tushmay qo‘ya qoling! Tiqilinch-ku, mayli, chipta olish uchun cho‘zilgan navbatning oxiri ko‘rinmaydi. Shoshib turgan payt soatga qarayverib charchab ketasiz. Odatda, odamlar kech qolmaslik uchun metroga chiqadi, ammo hozir oldingidek jeton tangachalarni bir olishda 10–20 ta olib, istalgan paytda ishlatishning imkoni yo‘q. 30 minut ichida foydalanish lozim bo‘lgan qog‘oz chiptalar berishyapti.
Shaxsan o ‘ zim navbatda turib , kech qolavergach , oylik kartadan foydalanadigan bo ‘ ldim . Sariq — talabalar, yashil — o‘quvchilar, qizil — nafaqaxo‘rlarga mo‘ljallangan kartalar ancha qulay. Bundan tashqari, “Humo” kartasidan ham ko‘pchilik foydalanadi. Biroq jamoat transportiga bizga o‘xshab har kuni emas, onda-sonda chiqadiganlar ham bor-da. Umuman, hammani birdek o‘ylash kerak, nazarimda. Chunki har kuni ertalab shu holatni ko‘rib, kimga qanday arz qilishni bilmay boshim qotadi.
— Biz foydalanayotgan qog‘oz chiptalarning yana bir salbiy tomoni — ishlatib bo‘lgach hamma ham uni maxsus idishga tashlamaydi, yo‘l o‘rtasida sochilib yotadi. Juda xunuk holat, odamning g‘ashiga tegadi. Buni ko‘rgan turistlar madaniyatimizga “tasanno”, deb ketmaydimi?! — deydi talaba Malika Ergasheva.
To‘g‘ri, qog‘oz chiptalar virus tarqalishining oldini olish uchun qilingan ish. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Jetondan yuqadigan virus, masofa saqlamasdan to‘da-to‘da bo‘lib, navbatda turganimizda yuqmaydimi?!
Dilafro‘z ABDURAJABOVA,
“Ma’rifat” muxbiri