Milliy kurash - milliy qadriyatimizning bir bo‘lagi!
Milliy kurash - milliy qadriyatimizning bir bo‘lagi!
Yangi O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sog‘lig‘ini mustahkamlashga ko‘maklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari bo‘yicha yuqori natijalarni ta’minlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida 2021-2022-o‘quv yili davamida sport turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish tartibini belgilash to‘g‘risidagi” qo‘shma qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazida Oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari o‘rtasida sport “Milliy kurash” turi bo‘yicha musobaqa O‘zbekiston Kurash Milliy Federatsiyasining amaldagi qoidalariga asosan o‘tkazildi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirlig akademiyasi, Davlat Bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti, Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti harbiy xizmatchilari, kursantlari hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Musobaqani FVV Akademiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Choriyor Xo‘janov ochib, sportchilarni bugungi musobaqada munosib ishtirok etib, muvaffiqiyatli yutuqlarga erishishlarini tilagan holda, oliy harbiy ta’lim muassalarining kursantlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan bunday musobaqalar yurtimizda yuksak madaniyatga ega bo‘lgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sog‘lom iqtidorli yosh sportchilarni tanlab olishga hamda harbiy xizmatchilarning har tomonlama jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilganini, ularda zarur ma’naviy-ruhiy sifatlar va amaliy ko‘nikmalarni hosil qilishga va sog‘lig‘ini mustahkamlash va organizmini chiniqtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Ichki ishlar vazirligi akademiyasi jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rinni Favqulodda vaziyatlar vazirlig akademiyasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti jamoasiga nasib etdi.
Shaxsiy hisobda turli vazn toifalarida ringga ko‘tarilgan sportchilarimiz shiddat bilan kurashib, musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra, 60 kg vazn toifasida IIV Akademiyasi kursanti Shaxzod Ibrgaimov birinchi o‘rinni, FVV Akademiyasi kursanti Akmal Ikromov ikkinchi o‘rinni, Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti kursanti Arslonbek Avlayorov uchinchi o‘rinni egallashdi. 66 kg vazn toifasida FVV Akademiyasi kursanti Shoxrux Yuldashev birinchi o‘rinni, Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti kursanti Allambergen Tlepov ikkinchi o‘rinni, DXX Akademiyasi kursanti Islom Karimov uchinchi o‘rinni egallashdi. 73 kg vazn toifasida IIV Akademiyasi kursanti Najot Nurmuratov birinchi o‘rinni, FVV Akademiyasi kursanti Aydos Djalelov ikkinchi o‘rinni, Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti kursanti Samariddin Mengelov uchinchi o‘rinni egallashdi. 81 kg vazn toifasida IIV Akademiyasi kursanti Madiyor Erkinov birinchi o‘rinni, Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurti kursanti Xurshid Suyunov ikkinchi o‘rinni, FVV Akademiyasi kursanti Ibrohim Jonto‘rayev uchinchi o‘rinni egallashdi. 81 kg.dan yuqori vazn toifasida DXX Akademiyasi kursanti Xurramshox Botirov birinchi o‘rinni, IIV Akademiyasi kursanti Boxojon Ashurov ikkinchi o‘rinni, FVV Akademiyasi kursanti Jasur Eshmo‘minov uchinchi o‘rinni egallashdi.
Musobaqa yakunida tashkilotchilar tomonidan barcha sovrindorlar medal, diplom, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
─ O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimidagi Oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari o‘rtasida milliy qadriyatimizning bir bo‘lagi hisoblangan sportning milliy kurash turi bo‘yicha musobaqa Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi jamoasi tomonidan yuqori saviyada tashkillashtirildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi deydi ─ FVV Akademiyasi katta o‘qituvchisi katta leytenant Rustam Choriyev ─ Albatta s port yuksak madaniyat, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishda ham muhim o‘rin tutadi. Yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash orqali jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptiradi. Bu sohada erishilgan yutuqlar mamlakatni dunyoga tanitadi, barcha yurtdoshlarga g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi.
Farhodjon XOJAYEV,
Akademiya katta o‘qituvchisi, kapitan