Milliy kuy — milliy tarbiya
Ko‘pincha tadbirlarda o‘quvchilarning zamonaviy va sho‘x qo‘shiqlarga raqsga tushganini ko‘rib hayron qolaman. Ba’zida sevgi haqidagi qo‘shiqlarga raqs tushayotgan kichik yoshdagi bolalarni ko‘rib ajablanaman. Balki yanglishayotgandirman, lekin buni yoqlab bo‘lmaydi. Axir o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlari rang-barang-ku...
Ilm dargohiga ilk qadam qo‘ygan bolajonlar shunday beg‘ubor, ishonuvchan va mas’uliyatli bo‘ladilarki, ularni yozilmagan yangi daftarga qiyoslash mumkin. E’tibor berganmisiz, ko‘pchilik bolalar boshlang‘ich sinfda harf o‘rgatgan ustoziga taqlid qiladi. Yozuvlari va o‘zini tutishi birinchi ustozinikiga o‘xshash bo‘ladi.
Mening innovatsion uslubim milliy kuy-qo‘shiqlar uchun milliy zebigardon va tillaqoshlarni yasash va milliy kiyimlar tikishdan iborat.
O‘tgan o‘quv yilida 1-sinf rahbarligini oldim. O‘quvchilarim o‘zbek milliy qadriyatlariga hurmat, g‘urur va iftixor bilan qaraydigan insonlar bo‘lib yetishishni maqsad qilib qo‘ydim. O‘zim rahbarlik qilayotgan sinfda “Tanovar” ashula va raqs to‘garagi tashkil etdim. Qizlarga “Mustahzod” qo‘shig‘iga raqs o‘rganishimizni aytganimda, “Ustoz, shunaqa cho‘zib aytiladigan qo‘shiqqa raqs tushamizmi?” degan noroziliklar bo‘ldi. Lekin kundan-kunga raqsning sehrli harakatlari ularni mahliyo qiladi. Bora-bora qizaloqlarim Yulduz Turdiyeva ijrosidagi “Mustahzod” qo‘shig‘iga jo‘r bo‘la boshladilar. Ota-onalar bilan kelishgan holda beqasamdan o‘zbek milliy liboslarini o‘zim tikdim, zebigardon va tillaqoshlarni farzandim bilan birga yasadik.
Qizaloqlarim o‘zbek milliy liboslarini kiyganlarida ko‘zlari lov-lov yonib, jajji malikalarga aylandi. Shunda kechalari uxlamay bedorlikda qilgan mehnatlarim zoye ketmaganini ko‘rib ich-ichimdan quvondim.
Ilk tadbirda 1-sinf o‘quvchilarining o‘zbek milliy qo‘shig‘iga raqs tushganini olqishlagan tomoshabinlarni ko‘rib, quvonchimga quvonch qo‘shildi. Bulardan ilhomlanib yana bir qator raqslar sahnalashtirdik.
Tuman va viloyat tadbirlarida faol ishtirok etdik. To‘garagimiz faoliyati kengaydi. O‘quvchilarim qalbida shu qisqa vaqt ichida milliy raqslarga qiziqish uyg‘ota oldim. O‘z oldimga qo‘ygan maqsadim, ya’ni o‘zbek milliy raqslari, qo‘shiqlari, urf-odatlari, qadriyatlariga muhabbat uyg‘ota oldim, deb o‘ylayman. Kelajakda
ulardan Vatanimizni ulug‘laydigan, o‘z millati bilan faxrlanadigan, kerak bo‘lsa buyuk bobokalonlarimizdek xalqi uchun, millati uchun jonini ham fido qila oladigan mard yigit-qizlar yetishib chiqishiga ishonaman.
Ushbu innovatsion uslubimni kelgusida respublika miqyosida ommalashtirish niyatim bor. Mahoratli pedagog o‘z oldiga maqsad qo‘yar ekan, bu maqsad sari tinimsiz o‘qib, o‘rganib, izlanib, harakat qilmog‘i lozim.
Qunduz KANIMQULOVA,
Chinoz tumanidagi 21-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi