Milliy o‘yinlar yashashi kerak
Oq terakmi, ko‘k terak,
Bizdan sizga kim kerak?
Ha, bu o‘sha — olis bolaligimizni yodga soluvchi xalq o‘yini. Siz yana qanday o‘yinlarni bilasiz? “Kesak qo‘ydi” o‘yinini eshitganmisiz? Bu o‘yinda barcha yoshdagi bolalar ishtirok etishi mumkin.
Yerga bir qancha predmetlar terib qo‘yiladi. Bolalar, avval ularni diqqat bilan kuzatadi, so‘ng esa, “bir, ikki, uch, to‘rt, besh, olti, yetti, ketdi”, deb sanaydilar. “Ketdi” so‘zi kimga taqalsa, shu qatnashuvchi ko‘zini yumib turadi. Davraboshi o‘rtadagi biror predmetni yashirib qo‘yadi. Ko‘zi yumilgan bola o‘sha predmet nomi va kimda ekanligini topishi lozim. Topa olmasa ishtirokchilarning talablariga binoan, she’r, topishmoq aytadi. O‘yin shu tariqa davom etadi. Bu o‘yin bolalarning xotirasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yoki bo‘lmasa, “Solay-solay kimga solay, sochi uzun qizga solay” o‘yinida qizlar davra bo‘lib turadi. Davraboshi qo‘liga mayda toshni olib, jamoadagi bir ishtirokchining kaftiga bildirmasdan soladi. Qolgan ishtirokchilar kimning qo‘lida tosh borligini topishadi va topgan ishtirokchi bilan davraboshi o‘rin almashadi. Bu o‘yinning qiziq tomoni shundaki, davraboshi o‘yin jarayonida unga mos she’r aytadi. Bu o‘yin zamonaviy “Qopqon” o‘yiniga ham o‘xshaydi.
Buvijonlarimiz xotirasida, kitoblarda faqatgina nomi qolgan xalq o‘yinlari talaygina: “Quloqcho‘zma”, “Kamondan o‘q otish”, “Oq suyak”, “Soqqa”, “Beshtosh”, “Podachi”, “Charxpalak”, “O‘rdato‘p”, “Chigi”, “Qo‘tir echki”, “Lanka”, “Yong‘oq terish”, “Lakat cho‘g‘on”, “Chillak”… eh-he sanasangiz adog‘iga ham yetmaysiz. Ammo bir o‘ylab ko‘ring-a, nega hozirgi kunga kelib qadimdan sport bilan tenglashuvchi milliy xalq o‘yinlari yo‘qolib bormoqda? Shunchalar zamonaviylashib ketdikmi yoki e’tiborsizlik natijasimi?
Siz qay birini yoqlagan bo‘lardingiz: milliy o‘yinlarnimi yoki kompyuter o‘yinlarini? Kompyuter yoki telefon o‘yinlari aniq dasturga asoslangan va hech qanday jismoniy mehnat talab qilmaydi. Endi tasavvur qilaylik, kunbo‘yi kompyuter o‘yinlari bilan band bolalarda deyarli harakat bo‘lmaydi. “O‘yinda yutsam bo‘ldi”, degan maqsad bo‘ladi xolos. Milliy o‘yinlar esa xilma-xil harakatlarga asoslanadi hamda shunga mos og‘zaki savol-javoblar bo‘ladi. Folklordan foydalangan holda qo‘shiqlar aytiladi. Qo‘shiqni o‘yin davomida yodga olish
bevosita xotirani ham sinaydi. Milliy o‘yinlarimiz bilan ulg‘aygan bola nafaqat jismonan baquvvat bo‘ladi, balki aqlan rivojlanadi, mantiqiy fikrlashga ham o‘rganadi.
Hozirgi kun yoshlarining milliy o‘yinlarni o‘ynamasligiga yana bir sabab o‘yinlardan mutlaqo bexabarligidir. Milliy o‘yinlar targ‘ib qilinishi
kerak. Telekanallarda milliy o‘yinlar haqida qisqa metrajli filmlar efirga uzatilsa, ayni muddao bo‘lar edi. Shuningdek, reklamalar qatorida miliy o‘yinlarga bog‘liqlarining bo‘lishi teletomoshabinlar qiziqishini yanada oshiradi. Buning yana bir foydali tomoni milliy o‘yinlarni bola reklama orqali ham o‘rganib, so‘ngra takrorlashi mumkin. Maxsus o‘rgatishga hojat yo‘q.
Masalaning yana bir tomoni — milliy o‘yinlar desa, biz faqat bahor kelsa yoki Navro‘zda o‘ynaladigan o‘yinlarni tushunib qolganmiz. Aslida milliy o‘yinlarning ko‘pi fasl tanlamaydi. Bilmadim, agar Navro‘z bo‘lmasa, bu o‘yinlarimiz o‘ynalishi tugul, eslanmasligi ham mumkin edi. Bayram bahonasidagina milliy o‘yinlarni eslab qolamiz. Xalqimizda varrak uchirish, sochni qirqta qilib o‘rish faqatgina bahor, Navro‘zdagina qilinishi kerak, degan fikr paydo bo‘lgan. Bunga sabab, oson narsaga o‘rganish va biroz befarqlik, menimcha.
Milliy o‘yinlarni tiklash, ularni yoshlar hayotiga keng joriy etish davlatimiz jismoniy tarbiya tizimining muhim vazifalaridan biri ekan, mas’ullarimizdan faollikni kutib qolamiz.
Shu o‘rinda bir taklif: folklorshunoslar bilan dasturchilar hamkorlikda milliy o‘yinlarga asoslangan dasturlar yaratishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. “Kontr”, “Clash of clans” — turli xil urush, bir-birini o‘ldirish kabi salbiy o‘yinlar o‘rniga milliylikni, o‘zimizning xazinamizni singdirsak har holda
yomon bo‘lmasa kerak.
Dilafro‘z ABDURAJABOVA,
ToshDO‘TAU talabasi