Milliy tovush jozibasi
Ma’lumki, tilning to‘plangan bilim, tajribalarini qayd qilish, milliy-ma’naviy qadriyatlar, tarixiy meros, urf-odat, an’analarni saqlash hamda avloddan avlodga o‘tkazish vazifasi bevosita yozuv orqali amalga oshadi. Anglashiladiki, til, yozuv va
alifbo masalasi milliy ahamiyatga ega. Bugun yurtimizda
lotin yozuviga bosqichma-bosqich o‘tish, alifbo islohotlari jadal ketayotgan bir paytda mazkur jihat yanada dolzarblik kasb etadi.
Ko‘pchilikka ayonki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi qarori bilan lotin alifbosiga to‘liq bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, hozirda kirill alifbosida yuritiladigan barcha joy, ko‘cha nomlari, atamalar, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, reklama va e’lonlar, ish qog‘ozlari va turli blanklar 2022-yil dekabriga qadar lotin grafikasiga o‘tkazilishi lozim. Yo‘l xaritasida lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosining yangi tahriri asosida “O‘zbek tilining imlo qoidalari”ni tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish alohida masala sifatida o‘rin olgan. Shu nuqtayi nazardan, hozirgi kunda 28 ta harf va 1 ta harfiy birikmadan iborat o‘zbek alifbosini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda quyidagicha o‘zgartirish taklif qilinmoqda: Ḡ, ḡ (G‘, g‘), Ō, ō (O‘, o‘), Ş, ş (Sh, sh), Ç,ç (Ch, ch). Modomiki,
ixchamlik yo‘lidan borilar ekan, so‘z o‘rtasi va oxirida qo‘llanadigan ng (ŋ) sonori uchun ham bitta belgini qabul qilish ayni muddao.
Tarixga nazar solsak, turkiy xalqlarning qadimiy xatlaridan sanalgan O‘rxun-Yenisey yozuvida sirg‘aluvchi ng tovushi maxsus harf vositasida ifodalangan. Jumladan, Kultegin
bitiktoshida quyidagi so‘zlarni uchratamiz: täŋri – tangri, tört buluŋ – to‘rt yoq, dunyoning to‘rt tomoni, küŋ boltï – joriya bo‘ldi, qaŋïm – otam.
Sir emaski, har bir alifbo qaysi tilda yaratilgan bo‘lsa, o‘sha tilning xususiyatlaridan kelib chiqadi. Qadimda yozuv, imlo va alifbo islohi bilan bog‘liq bir necha jarayonlarni kuzatish mumkin. Chunonchi, arab alifbosi turkiy tillar tovush xususiyatini to‘liq ifodalay olmagani bois tarixda uni bir necha marotaba o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar bo‘lgan. Chunki turkiy tilda arab tiliga nisbatan unli tovushlar ko‘proq. Bizdagi e, o‘ kabi tovushlar arab tilida yo‘q. Shuning uchun et so‘zi it, qo‘sh esa qush tarzida yoziladi. Holbuki, ularning ma’nolari o‘rtasida katta tafovut mavjud. Beruniy o‘zining “Saydana” asarida shunday yozadi: “Arab yozuvida buyuk bir ofat bor, u ham bo‘lsa bir necha juft harflarning ko‘rinishida bir-biriga o‘xshashliklari va ularni farq qilish uchun nuqta e’rob (ya’ni so‘zni to‘g‘ri talaffuz etish uchun harflarning osti va ustiga qo‘yiladigan) belgilarning zarurligidir. Agar bular tushirib qoldirilsa, ma’no mutlaqo anglashilmaydi”.
Mahmud Koshg‘ariy turkiy fonemalar bilan arab yozuvidagi grafemalar o‘rtasida katta nomutanosiblik mavjudligi, shuning uchun bu yozuv turkiy tillar fonetik (fonologik) tizimini to‘g‘ri ifodalay olmasligini ko‘rsatib beradi. Xususan, arab yozuvida shunday harflar borki, bu harflar faqat arab tiliga xos bo‘lgan fonemalarni ifodalaydi: “hech bir turk qabilasi tilida ث harfi (ni ifodalagan tovush) yo‘qdir. Itboq harflaridan bo‘lmish ط ظ ص ض harflari (ni ifodalagan tovush) ham turk tilida yo‘q. Shuningdek, bo‘g‘iz tovushlari ifodasi bo‘lmish ع ح ﻫ harflari ham turklarda yo‘qdir. اُکْكى ükkq so‘zini اُهى ühq deguvchilar juda kamdir. اُكّىِ ükkq so‘zini “k” bilan talaffuz qilish qipchoqchadir. Tutantiriq yog‘ochini kanjaklar جَهٰا ј ähä deydilar. Bu talaffuz til xususiyatiga mos emasdir, ko‘z og‘rig‘ini اَوَهْ äväh deydilar, bu so‘z ham yuqoridagidek mos emasdir”.
Yozuvdagi ana shu kamchilikni mavjud harflarga nuqtalar qo‘yish orqali to‘ldirishga harakat qildi. U turkiy tildagi o‘n sakkizta harf haqida gapirib, shunday yozadi: “bu asosiy harflardan boshqa talaffuzdagina (yozuvda emas) ifodalanuvchi yana yettita harf borki, bu tildagi so‘zlar ularsiz yozilmaydi. Bular qattiq talaffuz qilinadigan ب (p), arabcha ج (j) – “jim” (bu lug‘atda, ya’ni turkchada kam qo‘llaniladi), ز (z) bilan ش (sh) oralig‘ida talaffuz etiladigan ژ (j); arabcha ف (f), nuqtali غ (g‘), (7) ق (q) bilan ک (k) oralig‘ida talaffuz etiladigan yumshoq ک (g), kofi g‘unna bilan غ (g‘) oralig‘ida hamda ق bilan ن talaffuz etiladigan ng ( ң ) dir. Bu harflarni talaffuz qilishda turklardan boshqalar qiynaladilar”. Milliy til va tovushga xos mazkur holat “Devonu lug‘otit turk” asaridan keltirilgan maqollarda o‘zining go‘zal ifodasini topgan: Tirig es ӓ n bolsa taŋ ӧ küš(sh) k ӧ rür – odam eson (sog‘) bo‘lsa, qiziq narsalarni ko‘p ko‘radi, taǧïǧ (g‘) uqruqïn egm ӓ s, teŋizni qayǧïqïn bükm ӓ s – tog‘ arqon bilan egilmaydi, dengiz qayiq bilan bekilmaydi, Iŋ ӓ n iŋr ӓ s ӓ botu bozlar – urg‘ochi tuya ingrasa, bo‘talog‘i bo‘zlaydi (ovoz chiqaradi); Tavǧač xannïŋ turqusï telim teŋl ӓ m ӓ zib bïčmas — Tavg‘ach (Xitoy) xoqonining ipak matosi ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmaydi. Quvonarlisi, ko‘hna manbalarda qo‘llanishda bo‘lgan bu kabi ko‘plab so‘zlarimiz bugungi kunda ham o‘zining jozibasini saqlab qolgan.
1927-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan o‘zbek, qozoq va qirg‘iz jumhuriyatlarining ilmiy kengashida yangi alifbo qabul qilinadi. Bu alifbo O‘rta Osiyo turklari uchun yagona alifbo edi. Imlochilar turkiy xalqlar alifbosini birlashtirishga, imkon qadar bir-biriga yaqinlashtirishga harakat qildi. Bu alifbo turkiy tillar tabiati, fonetik xususiyatlariga nisbatan mos kelar edi. Bunga sabab alifboni shakllantirishda
ilmiy asoslarning to‘g‘ri tanlanganligidir.
1928-yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan butun ittifoq Yangi alifbo markaziy qo‘mitasining II plenumida lotin yozuviga o‘tish uzil-kesil hal etildi. Natijada 1929-yildan boshlab amal qilingan lotin yozuvida ham ng undoshi uchun ᶇ harfi tanlab olindi. 1993-yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. 1929–1940-yillardagi ijobiy tajribadan kelib chiqib, respublikaning rivoji va jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtirish maqsad qilingan ushbu qonunda dastlab ng sonorini ñ belgisi orqali yozish mustahkamlangan.
Aytish joizki, qayd etilgan tovush o‘zbek shevalari fonetik tizimida ƞ tarzida ifodalanib, sayoz til orqa undoshlari safidan o‘rin olgan. Shu bilan birga, zamonaviy qozoq (ŋ), tatar ( ӊ ), turkman (ñ), qoraqalpoq (ń) tillarining
alifbolarida bitta harf vositasida bitilgan. Bundan tashqari, turkologiyada qabul qilingan xalqaro transkripsiyada ng undoshi ŋ harfi bilan beriladi. Filologiya fanlari doktori Suvon Meli “Ma’rifat” (Baxtiqaro “ŋ” – 2021-yil 12-may, 2021-yil 23-iyun) gazetasida e’lon qilgan maqolalarida bu borada o‘rinli fikr-mulohazalarni ilgari suradi. Muallif kuyunchaklik bilan shunday yozadi: “Odamlarimiz chiroyli gapirishi, har bir so‘z va tovushni to‘g‘ri, aniq talaffuz qilishi yangi taraqqiyot bosqichiga kirgan mamlakatimizning ruhiy-ma’naviy iqlimiga ijobiy, xayrli ta’sir o‘tkazishi tayin. Pala-partish so‘zlash, xom-
xatala yozish, agar bu epidemiya darajasiga chiqsa, hech qachon ezgu natija bermaydi”. Binobarin, Mahmud Koshg‘ariy aytmoqchi, faqat turkiy tillar uchun xos bo‘lgan ng tovushini yozuvda aks ettirish uchun ŋ belgisini qabul qilish “bir tovush – bir harf” tamoyilini ifodalash barobarida qadimiy va milliy an’analarni tiklash hamdir. Qolaversa, ushbu tovush borasidagi “kerak yoki kerak emas” degan asossiz tortishuvlar barham topadi.
Baxtiyor ABDUSHUKUROV,
filologiya fanlari doktori,
professor