Morrining hayot darslari
Morrining hayot darslari
“O‘qituvchi abadiyatga ta’sir ko‘rsata oladi,
uning ta’siri qayerda tugashini hech qachon
bilib bo‘lmaydi”.
(Genri Adams)
Ancha vaqtdan beri hayotdan mazmun va maqsad qidiraman. Ba’zan o‘ylab qolaman, baribir o‘lib ketar ekanmiz, unda yashab nima qilamiz? Intihong tayin bo‘la turib yashash qanchalik qiyin. Bunday tarqoq fikrlar ba’zida insonni hayotdan bezdirib yuboradi. Maqsadsizlik domiga tushib qoladi odam. Shunday paytlar kutilmaganda bir kitobni qo‘lingga olasan va aynan shu kitob sening qarashlaring, o‘ylaring va ruhiyatingni tubdan o‘zgartirib yuboradi. Men uchun aynan shunday asar “Morrining seshanba darslari” bo‘ldi.
Amerikalik yozuvchi Mich Elbomning ushbu asari amiotrofik lateral
skleroz(ALS) xastaligiga chalingan sotsiologiya o‘qituvchisi Morri Shvars va uning talabasi Mich Elbom orasidagi munosabatlarni, Mich professordan
olgan hayot saboqlarini aks ettirgan. Asar 41 tilga tarjima qilib, 14 million nusxada sotilgan.
“Men buyuk safarga otlandim, odamlar esa so‘nggi yo‘lga nimalarni hozirlash zarurligini aytib ketishimni kutishyapti”. Asarning asl mohiyati bevosita ushbu jumlalar bilan bog‘liq. Kundan-kunga betobligi jiddiy tus olib, o‘limi yaqinlashayotganini his qilgan professor Morri kasalligi haqida ortiq qayg‘urishdan voz kechib, insonlarga yashash va hayotning asl mazmuni mehr ulashishda ekanligini anglatish uchun harakat qiladi. Bunda uning sevimli talabasi jurnalist Mich yordam beradi. Kitobni o‘qib bir olam samimiyat, mehr bulog‘i, oddiylik, insoniylik, insonlarga yetishmas yorug‘lik, odamzod muhtoj bo‘lgan hislar jamlanmasini topasiz. Morri insonlar hayotini yaxshilash uchun bir umr yelib-yugurib, oqibatda esa uning eng lazzatli lahzalarini o‘tkazib yuborishlari haqida shunday deydi: “Bizda odamlar nimani xohlashlari va aslida nimaga muhtojliklarini doim chalkashtirib yuboradi. Bilasanmi, odamlar miyasini yuvish qanday amalga oshiriladi? Bir narsani qayta va qayta takrorlayverish orqali. Mamlakatimizda hozir aynan shu narsa sodir bo‘lmoqda. Moddiyatga egalik qilish yaxshi.
Puling ko‘p bo‘lgani yaxshi. Mol-mulkning ko‘proq bo‘lishi ham yaxshi. Qancha ko‘p foyda kelsa, shuncha yaxshi. Ko‘proq bo‘lgani yaxshi. O‘zimiz ham shuni takrorlaymiz va toki hech kimning o‘zgacha fikrlashga hafsalasi qolmagunicha, boshqalar ham takror-takror shu narsani miyamizga quyishadi. Qanchalik boy bo‘lma, mehrga muhtoj paytingda pul ham, kuch-qudrat ham sen izlayotgan tuyg‘uni bera olmaydi”.
Asar sizni yaqinlaringizga bo‘lgan munosabatlar borasida real fikrlashga undaydi. Va siz oxirgi marta qachon birovga yaxshilik qildim, qachon oila a’zolarim bilan miriqib suhbatlashdim, qachon birovga manfaatlarsiz vaqt ajratdim, qachon mehr ulashdim kabi savollar girdobida qolasiz. U “Ko‘pchiligimiz uyquda yurgandek hayot kechiramiz. Dunyoni to‘laligicha his qilmaymiz, chunki yarim uyquda yuramiz va ko‘p ishlarni odatlanib qolganimizdan bajarishimiz shartdek qabul qilamiz”, deganida naqadar haq ekanligini tan olasiz.
U aynan jamiyatga ta’lim beruvchi qatlam haqida “Biz yoshlarga yanglish qadriyatlarni singdiramiz. Jamiyatda mavjud qarashlar hayotingni zaharlasa, ularga amal qilma, deyish uchun jasorat kerak. Bunday hollarda o‘z qarashlaringni yarat. Bu narsa aksariyat kishilarning qo‘lidan kelmaydi. Ular mendan ham baxtsizroq...”, deydi. Haqiqatan ham biz ta’lim-tarbiya jarayonida hammani bir qolipga solishga harakat qilamiz. O‘zimiz bilmagan holda yaxshi o‘qimasang, yaxshi pul topolmaysan, yaxshi ishlamasang, yaxshi obro‘ topolmaysan, puling ko‘p bo‘lsa, ko‘p narsaga qodir bo‘lasan kabi fikrlarni yoshlarning
ongiga singdirib, ularni manfaat ortidan quvishga o‘rgatib qo‘yamiz. Shu orqali ular hayotning asl mohiyatidan yanglishishiga sabab bo‘lamiz. Ilmni pul
topish emas, boshqalar bilan bo‘lishish uchun olish kerakligi, hayotda hamma narsang bo‘lishi emas, ko‘ngildosh do‘stlaring bo‘lishi ko‘proq ahamiyatga egaligini na o‘zimiz anglaymiz, na ularga anglata olamiz. Shu jihatdan Morri xayolimda ideal ustoz timsolida gavdalanadi. Mening ham hayotimda aynan shunday “murabbiyim” bo‘lishini, “hayotda yashashingdan maqsad mehr ulashish, mehr bersang, mehr olasan”, deb turishini istab qolaman.
Men “Morrining seshanba darslari” kitobini barcha o‘qituvchi o‘qishini, ular ham o‘z shogirdlari qalbida umrbod qoladigan insonlarga aylanishlarini juda istardim. Zero, bolaning dunyoqarashi qaysi yo‘nalishda shakllanishini ustozning qarashlari belgilab beradi.
Guloro YUSUPOVA