“My Sweet home” “Til — millat DNKsidir”
“Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha loyiha yuzasidan bahs-munozaralar hali hamon tinmadi. “Unday emas, bunday bo‘lishi kerak!”, deya men ham tengdoshlarim bilan ancha tortishdim.
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida olingan suratlarga ko‘zim tushdi-yu, bu boradagi fikrlarim butkul o‘zgardi: “Ko‘chadagi reklamalar, do‘kon-u yemakxonalarning nomlari haqida gapirmay qo‘yaqolay. Talabalar qalbiga ona tilimizga nisbatan hurmat, muhabbat urug‘larini
ekishi kerak bo‘lgan universitetlarni ham ajnabiy yozuvlar “ishg‘ol” qilgan bir paytda isloh qilish u yoqda tursin, bizga o‘zi alifboning nima keragi bor?!”.
Ushbu oliy ta’lim muassasasining rektori Sherzodxon Qudratxo‘jani tanimaydigan odam bo‘lmasa kerak. Bilmaganlar uchun O‘zAda e’lon qilingan “Til millat — DNKsidir” sarlavhali suhbatdan parcha keltiramiz:
“Jurnalist: — Ayting-chi, O‘zbekistonda o‘zbek tilining qadri qay darajada?
Sherzodxon Qudratxo‘ja: — Ochig‘ini aytsam, soxta sotsializm davrining salbiy ta’siridan to‘la-to‘kis xoli bo‘lganimizcha yo‘q. Bayramlarni yaxshi ko‘ramiz. Yaxshi bayramlarimiz ham bor. Masalan, Ramazon hayiti. Lekin, ungacha o‘ttiz kun ro‘za tutiladi va shu kunga munosib bo‘lishga harakat qilinadi. Bunda hikmat ko‘p. Lekin 364 kun o‘zbek tiliga loqaydlik ko‘rsatib, faqat 21-oktabrnigina bayram qiladigan bo‘lsak, bu noto‘g‘ri. O‘zbek tilining haqiqiy rivoji uchun harakat qilmaganimiz shundan ham ma’lumki, bugun yirik shaharlarimizdagi reklamalarning 80–90 foizi boshqa tilda. Aynan shunga ko‘ra, biz o‘tgan davr mobaynida juda kam ish qildik, deb o‘ylayman. Bu bizning fojiamiz. Chunki millatni millat qiladigan, uni boshqalardan ajratib turadigan jihati, bu – til…
Biz bag‘rikeng millatmiz. Lekin bag‘rikenglikda ham chegara bo‘lishi
kerak. Erkak ayolini rashk qilgani kabi, biz ham o‘z tilimizni boshqa tillardan qizg‘anishimiz, unga gard yuqtirmasligimiz lozim”.
Naqadar ta’sirli so‘zlar! Qalbingda uyg‘ongan hayajonning zo‘ridan titrab-titrab o‘qiysan. Shu onda so‘zlar ba’zan amalga to‘g‘ri kelmasligi ham mumkinligi xayolingga ham kelmaydi.
Sherzodxon Qudratxo‘jadek insonga “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasini eslatib o‘tirish, tilparvar rektori bor universitetda inglizcha lavhalarni uchratganimiz kabi g‘alati tuyuladi:
“Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”.
Humoyun QUVONDIQ