NAVOIYNING HARBIY UNVONI BO‘LGANMI?
Kitoblar sizni minglab asr avval dunyodan o‘tgan dohiylar bilan uchrashtiradi.
Rene Dekart
Nishon tumanidagi Ma’naviyat maskanida filologiya fanlari doktori, navoiyshunos olim Sherxon Qorayevning yangi “Alisher Navoiy ustozlari”, “Alisher Navoiy tarjimayi holining noma’lum qirralari”, “Temuriylar davri adabiy majlislari Alisher Navoiy qarashlari asosida” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirish buyuk allomalarimiz hayoti va nodir asarlarini tadqiq etish va keng jamoatchilikka va yoshlar ongiga yetkazish maqsadida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu kitob taqdimoti ham shular jumlasidan.
Tadbirda Nishon tumani hokimi o‘rinbosari S.Xudoyqulov, Ma’naviyat boʻlimining rahbari X.Davronov, Nuriston shaharchasida joylashgan harbiy qismdan tashrif buyurgan harbiylar, nuroniylar, maktablarda faoliyat yuritayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar hamda o‘quvchi yoshlar ishtirok etishdi. Navoiyshunos olim Sherxon Qorayev taqdim etayotgan bebaho ma’lumotlarga boy bo‘lgan kitoblari haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi. Yig‘ilganlar Navoiy hayoti va ijodi bo‘yicha ko‘plab yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so‘zga chiqqanlar kitob mutolaasi va uning inson hayotida tutgan o‘rni xususida gapirib, Sherxon Qorayevning mazkur kitoblari ezgu maqsadlarga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tishdi.
Tadbir qizg‘in bahslarga, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Nega Navoiyning onasini ismi hech qaysi manbada yo‘q, noma’lum? degan savol meni doimo qiziqtirib kelgan,ushbu savolimga Navoiyshunos olim Sherxon Qorayevdan javob oldim.
Harbiy qismdan tashrif buyurgan harbiylar ham "Alisher Navoiyning harbiy unvoni bo‘lganmi?" degan savol bilan murojaat qilishdi.
Sherxon Qorayev Navoiyning harbiy unvoni boʻlmagan, ammo bir muddat harbiy xizmatda boʻlgan deya barcha savollarga tushunarli,qisqa va mohirona javob berdi.Taqdimot marosimi go‘zal g‘azalxonlikka ulanib ketdi. Tadbir so‘ngida ijodkor o‘quvchilar Mir Alisher Navoiy g‘azallaridan mohirona o‘qib bergani yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Saodat QURBONOVA,
Nishon tumanidagi 18-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi