“Narx” navosidan bir shingil
Hurmatli o‘qituvchilar, siz attestatsiyaning go‘riga g‘isht qalash bilan ovvora bo‘lib, e’tibor berdingizmi, yo‘qmi, hafta davomida “shapaloq” so‘zi “salom”dan ham ko‘proq yangradi-yov. Ko‘chada, bozorda, uyda… Ijtimoiy tarmoqlarni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Hatto, dunyo miqyosida trendga chiqdi “shapaloq”. Ruknimizga ko‘z-po‘z tegib qolmasin deb, nafasi o‘tkir bir-ikki mullani chaqirib dam soldirdik. Asalning ham ozi shirin deganlaridek, bu qadar shon-shuhratni ko‘tarish oson emas ekan. Hammaning tiliga tushgach, ko‘cha-ko‘yda salobat bilan yurish, soqol-mo‘ylovni tez-tez olib turish kerak. Eng yomoni, tushlikda achiqqa bulab, “bo‘g‘irsoq” xolaning “perashka”sini ham yeyish baxtidan mosuvo bo‘larkansan. Axir odamlar nima deydi?!
To‘g‘risi, charchadik. Endi Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning yuziga tushgan shapaloqqa bizning aloqamiz yo‘qligini aytmasak bo‘lmaydi. Tag‘in ertaga eridan tarsaki yegan xotinlar ham yoqamizga yopishib yurmasin. Och qornim – tinch qulog‘im.
Lekin oxirgi paytlar “qimmatlashdi narx!”, deb navo qilayotganlarning dastidan quloq ham tinchimay qoldi. Shu haqida biz ham bir-ikki og‘iz gapirmasak bo‘lmas. Iting yomon bo‘lsa, otib qutulasan, oting yomon bo‘lsa sotib qutulasan, qarzing ziyod bo‘lsa bo‘lib qutulasan, fe’ling yomon bo‘lsa o‘lib qutulasan, lekin tiling yomon bo‘lsa, qutulib bo‘psan, deganlaridek, o‘zimiz yaxshi, lekin sal tilimiz yomonroq, aybga buyurmaysiz endi.
Sevimli taomimiz — palov. Har gal oshning ko‘rki go‘sht bilan deb, hurmat-izzat ko‘rsatib tovoqning to‘riga chiqarganimizga ham qaramay, qimmatlashganidan beri qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi qurmag‘ur. Taqdir ekan-da, ko‘nmay ilojimiz qancha. Go‘shti bo‘lmasa ham har oshamda yog‘i bilakdan oqib tursa, undan totli palov yo‘q, deya etning xumori tutganda moyini alqab, to‘y-u ma’rakani o‘tkazib yurdik ancha vaqt. Moyday yoqqan maqtov, moyga yoqmasinmi? U bachchag‘arning narxi ham osmonga chiqib ketdi. Moslashuvchan xalqmiz. Katta tovoqda guruch bilan sabzi mung‘ayibgina tursa-da, bunga ham bir hikmat o‘ylab topdik: “Afrikaning qaysidir burchagida odamlar tuproq chaynab yotibdi. Shukur qilmaysanmi, og‘ayni? Ana, yog‘i bo‘lmasa ham sabzisi bir chiroyli yaltirab turibdi-ku!” Shundan keyin ordona qolgur sabzining ham bahosi 7 ming bo‘lib ketishi tushimizga kiribdimi?!
Shu desangiz kecha jo‘ralar chaqirib qoldi: “Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi. Kel, bugun bir osh qilib o‘tiraylik”. Oshning nomini eshitiboq oyog‘imni qo‘limga olib yugurdim. Keta-keta o‘ylayman: biror boyning qizini ilintirgan, yo bo‘lmasa, bankka og‘irlikka tushgan. Emasam shunday qimmatchilik zamonda osh yeyishni kim qo‘yibdi bularga?
Qaynonasi suygan odamman, borishim bilan ordona qolgur palov ham suzildi. Qarab ko‘zlarimga ishonmayman. Nahotki, palov shu bo‘lsa!
Bu sho‘rlik ancha vaqtdan beri palov yemagani uchun hayratini yashirolmagan-da, deb kulyapsizmi? Mayli, bugun ko‘changizda bayram. Biror kun menga o‘xshab “Oh-oh-oh, palovni boplapsan, jo‘rajon, ertaga uylansang ham kelin qiynalmaydi”, deya oshpazni alqab, qaynatilgan suvda guruchni, karislarning cho‘pida yesangiz shunda salom beraman sizga. Mehmondorchilikdan qaytarkanman, internetda bir xabar o‘qidim. Guruchning narxi ko‘tarilarmish! O‘zi mallimjonlar, mamlakatda ko‘tarilmagan bir sizning oyligingiz-u, obro‘yingiz qoldi. Ming dollarlik tushlar ko‘rib yotibsiz…
Narx-navoga qo‘shilib ob-havo ham kundan kun ko‘tarilyapti. Haroratga narxning nima aloqasi bor deysizmi? Bor-da. Bitta qimmat uy solsa, 100 ta daraxtni qurbon qildilar. Kesilgan daraxtlarni qaytadan ekib bo‘lmaydi, hozirgi oyliklar bilan hatto u uylarning tutqichiga tegib bo‘lmaydi. Toshkentday joyda shamol hazillashib essa ham hamma tomon to‘palang. Daraxt kesganlarni odamlar changitib so‘kib yotibdi.
Yaqinda Toshkendagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi boshqa yirik shaharlarniki bilan solishtirilgan statistikalar ijtimoiy tarmoqlarda rosa aylandi. Rivojlanish borasida ularning changida qolib, toshbaqaday sudralayotgan bo‘lsak-da, narx-navo bo‘yicha London-u Parijlarni ham ortda qoldiribmiz. Ja-a nolimaylig-u, Surxondaryoning piyozi, suv, havo va amaldorlar bizda ancha arzon sotilar emish (mukofot berilyapti. Endi ularning narxi ham “potolok” bo‘lib ketsa kerak).
Benavo