“Navoyi ensiklopediyasi”ning tarixiy taqdiri
“Navoyi ensiklopediyasi”ning tarixiy taqdiri
Bugun xalqimiz uchun juda zarur “Navoyi(shoir taxallusini yozishda maqola muallifining talqini saqlandi) ensiklopediyasi” qirq yillik yaratilish(1985–2021) tarixiga ega bo‘lib qoldi. Bu kattagina tarixiy davr hisoblanadi. Agar Navoyi wqomusi vaqtida yakunlanib, chop etilganida, Markaziy Osiyo mintaqasida adabiy qomusni birinchi bo‘lib O‘zbekiston yaratishga erishgan bo‘lar edi. Navoyi qomusi asoschisi, marhum ustoz Abduqodir Hayitmetovning orzusi ham shu edi. Qomus vaqtida yuzaga chiqqanida, u va uning boshchiligidagi navoyishunos olimlar adabiy qomus yaratish yo‘lini birinchi bo‘lib bosib o‘tgan ijodkorlar bo‘lishardi. Ammo bu orada qozoq birodarlarimiz Abay qomusini bizdan keyin boshlab(Navoyi va Abay qomuslari zalvori barobar bo‘lmasa-da), vaqtida tugallab, nashr etishga muvaffaq bo‘lishdi. Mana, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” ham qisqa muddatlarda yaratilib, munosib tarzda nashr etildi.
“Darhaqiqat, shuni alohida e’tirof etmoq joizki, – deb yoziladi ushbu nashr haqida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2015-yil 9-yanvardagi sonida bosilgan maqolada, – “Bobur ensiklopediyasi” nashri mamlakatimizda fuqarolik jamiyati shakllanganining yaqqol namunasi, nodavlat-notijorat tashkilotlar, keng jamoatchilik o‘z sa’y-harakati, jonkuyarligi bilan bunday xayrli ishlarni o‘z zimmasiga olayotganining amaliy ifodasidir. Albatta, bu nashrni tayyorlab, chop ettirishda fidoyi ziyolilarimiz, boburshunos olimlar, mutaxassislar beg‘araz faollik ko‘rsatishdiki, mazkur qomusning yuzaga kelishida ularning xolis, hech qanday manfaatlarsiz, davlatdan ko‘mak kutmay qilgan mehnatlari, ayniqsa, tahsinga loyiqdir”. Navoyi ensiklopediyasi esa davlat tashkilotida, davlat mablag‘i evaziga yaratilmoqda. Mazkur ish dastlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining 10 yillik(1986–1995) ilmiy tadqiqotlar rejasiga kiritilgan bo‘lsa, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi shu ish uchun yana 5(2012–2016) yillik grant ajratgan. Bu degani – institutning Navoyi qomusi bilan shug‘ullanuvchi xodimlari 15 yillik maosh bilan ta’minlangan. Buxgalteriya hisobi bilan qiziqib ko‘rish kerak (agar tayyor qismlari bo‘lsa), “Navoyi ensiklopediyasi” materiallarining har bir beti davlatga necha puldan tusharkin? Afsonaviy raqam chiqsa kerak. Bas shunday ekan, Navoyi ensiklopediyasining yaratilish tarixini bir sarhisob
qilish, uning yakunlanishi va dunyo yuzini ko‘rishidan tashvishlanishga asos bor.
Qayta qurish va oshkoralik avjiga chiqqan 1985-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga yangi Prezident saylandi. U kishi(Po‘lat Habibullayev) akademiya ilmiy-tadqiqot institutlarini birma-bir aylanib, ularning ishlari bilan tanishib chiqa boshladi. O‘shanda men Til va adabiyot institutining o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limida ishlar edim. Yangi prezidentning o‘ta talabchan ekani, institutlar faoliyatini sinchiklab o‘rganayotgani, bo‘limma-bo‘lim yurgani, har bir xonaga kirayotgani, ilmiy xodimlar bilan bevosita suhbatlashayotgani, har bir bo‘lim hisobotini tinglayotgani, agar hisobotda yoxud bo‘lim rejasida biror “pichoqqa ilinadigan” jiddiy ish bo‘lmasa, unday bo‘limni yopib yuborayotgani haqidagi o‘ziga xos vahimali mish-mishlar ilmiy xodimlarni shoshirib qo‘ydi. Rahbarning tashrif navbati Til va adabiyot institutiga ham yetib keldi. o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limi mudiri A.Hayitmetov doimo yangi g‘oya va rejalarga to‘lib yurardi. Muhokamalarga o‘qlangan miltiqdek tayyor turardi. Bo‘limning amaldagi ish rejasi bajarilib tugallanmasdan, ilmiy xodimlar bilan navbatdagi istiqbol rejalarini muhokama qilib pishitib borardi. Bu safar ham u katta majlisgacha bir necha yangi mavzuni qizg‘in muhokamadan o‘tqazib qo‘ydi. Ularning orasida Navoyi ensiklopediyasini yaratish eng qiziqarli va munosib mavzulardan biri edi. Lekin Akademiya prezidenti qarshisida minbarga chiqqanida, A.Hayitmetov qaysi mavzuni o‘rtaga tashlashini hech kim bilmas edi. Bu o‘sha paytdagi vaziyat va A.Hayitmetovning kelgan qat’iy to‘xtamiga bog‘liq edi. Olim tavakkal qilib Navoyi ensiklopediyasi yaratish g‘oyasi va rejasini o‘rtaga tashladi. Ustoz nishonga aniq urgan edi. Rahbarga bu reja juda ma’qul tushdi va shuni mahkam ushladi.
Zabardast olim A.Hayitmetovda “Navoyi ensiklopediyasi”ni yaratish g‘oyasining paydo bo‘lishi va uning bu ishga dadil kirishishi mutlaqo tasodifiy emas. Buning uchun tarixiy vaziyat ham, ilmiy-adabiy jarayon ham, olimda ilmiy fikr va tayyorgarlik ham pishib yetilgan edi. Bu davrgacha A.Hayitmetov rahbarligida 5 tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqoti yaratilgan, uning 2-tomi to‘liq Alisher Navoyi
hayoti va ijodiyotiga bag‘ishlangan, bu tom boshqa tomlarga nisbatan eng katta hajm – 30 bosma taboq – shuning o‘zidayoq Navoyi haqidagi katta bir ensiklopedik material jamlangan edi. Bundan tashqari, “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqotini O‘zbekistondagi eng yuksak saviyali, saralangan 50 dan ortiq mutaxassis-olimlar bilan jips hamkorlikda amalga oshirish A.Hayitmetovda jamoaviy tadqiqot yaratish tajribasini shakllantirgan edi. Shu bilan birga, “Navoyi mukammal asarlar to‘plami” nashrining tayyorlangani, Navoyi haqida o‘nlab ilmiy to‘plamlarning maydonga kelgani, yuzlab navoyishunos olimlar mavjudligi, jahon navoyishunosligi mahsullari yuz ko‘rsatayotgani, boshqa o‘lkalarda adabiy ensiklopediya yaratish tajribasi takomillashib borayotgani A.Hayitmetov tafakkurida “Navoyi ensiklopediyasi” yaratish g‘oyasi va rejasini pishitib yetiltirgan edi. “Navoyi ensiklopediyasi” yaratish rejasi amaliy izga tushishiga Akademiya yangi Prezidenti P.Habibullayev bilan bo‘lgan tarixiy uchrashuv bir turtki bo‘ldi, xolos.
P.Habibullayev bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng, juda talabchan va qattiqqo‘l ilmiy rahbar A. Hayitmetov Navoyi ensiklopediyasi loyihasi(prospekti)ni tuzish ustida bo‘lim xodimlari bilan qattiq ishladi. o‘sha davrdagi og‘ir va murakkab ishchan vaziyat, jiqqamusht tortishuv-talashishlar haqida hamkorlarimiz Suyima opa G‘aniyeva va Yoqubjon aka Is’hoqovlar bilan ko‘p yillar eslashib yurdik. Xorijiy mamlakatlar va sobiq Ittifoqdagi respublikalarning adabiy ensiklopediya yaratish tajribasi zudlik bilan ko‘zdan kechirildi. A.Hayitmetov tajriba o‘rganish uchun bir-ikki respublikaga xizmat safariga borib keldi. “Navoyi ensiklopediyasi” yaratish ishiga barcha navoyishunos olimlar jalb etildi. Ensiklopediya loyihasi to‘g‘risida A.Hayitmetov Institut Ilmiy kengashining 1986-yil 1-martidagi yig‘ilishida (6-bayonnoma) axborot berdi. Loyiha bo‘yicha, Navoyi ensiklopediyasi 2 tomdan tashkil topishi, ish 10(1986-1995) yilga rejalashtirilishi, 1-tom 1991-yilda yozib tugallanishi va nashr etilishi, 2-tom 1995-yilda yozib tugatilishi va nashr etilishi ko‘zda tutilgan. Rahbariyat tomonidan Navoyi ensiklopediyasi so‘zligini 6 oyda tuzib tugallash topshirilgan. Institutning 1987-yil 11-dekabrdagi hisobotiga ko‘ra, 3871 so‘z-maqoladan iborat Navoyi ensiklopediyasi so‘zligi tuzilgan. (Maqoladagi dalillar bizning xotiramiz va O‘zR FA markaziy arxivining 52-fondida saqlanayotgan hisobotlarga muvofiqdir – N.J).
Arxiv ma’lumotlariga binoan, Navoyi qomusini yaratish ishlari jadal va izchil davom etgan. Masalan, o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limining 1988-yilgi hisobotiga ko‘ra, 586 maqola yozib tugatilgan(hajmi 31,25 b.t), 1989-yilgi hisobotga ko‘ra, 248 maqola yozib tugatilgan(hajmi 30,5 b.t). Ilmiy-ijodiy ishlar ayni shunday qizg‘in tus olgan pallalarda mazkur satrlar muallifining “O‘z AS”da(1989-yil, 24-mart soni) “Navoyi qomusi yaratilmoqda” sarlavhali maqolasi ham bosilib chiqqan. Unda 1988-yili nashr etilgan “Navoyi ensiklopediyasi” so‘zligining mazmun-mundarijasi, undagi asosiy yo‘nalishlar, yaratilayotgan qomusning maqsad va vazifalari, ishning qanday borayotganligi haqida ma’lumot berilgan. “Navoyi ensiklopediyasi” yaratishning natijalari sifatida ayrim olimlarimiz, masalan, filologiya fanlari doktori, professor Abdurashid Abdug‘afurovning yirik maqolalari “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnalida chop etilgan edi.
Saqlangan ma’lumotlardan ayon bo‘lishicha, ensiklopediya ishlarining bo‘limdagi asosiy bajaruvchilari 12 nafar ilmiy xodim: A.Hayitmetov, A.Abdug‘afurov, S.Erkinov, S.G‘aniyeva, Y.Is’hoqov, T.Ahmedov, M.Mirzaahmedova, T.G‘afurjonova, N.Jumaxo‘ja, A.Habibullayevlar bo‘lishgan. Arxiv ma’lumotlarida bajaruvchilar yozib topshirgan maqolalarning nomi, soni va hajmi(bosma taboqlarda) aniq ko‘rsatilgan. “Navoyi ensiklopediyasi” asosiy bajaruvchilarining teng yarmi – 6 kishi, ya’ni Y.Is’hoqov, S.G‘aniyeva, M.Mirzaahmedova, T.G‘afurjonova, A.Habibullayev, N.Jumaxo‘ja yaqin yillargacha hayot va faoliyatda edi. Hozir ulardan atigi 4 kishi – Y.Is’hoqov, T.G‘afurjonova, A.Habibullayev va N.Jumaxo‘ja
hayot.
A.Hayitmetov ijodiy faoliyati davrida “Navoyi ensiklopediyasi”ni yaratish bilan bog‘liq ilmiy-ijodiy safarlar ham tashkil etilgan. Masalan, S.G‘aniyeva Leningraddagi Pushkin uyida 1987-yil 17-27-noyabr kunlari bo‘lib, Lermontov va Pushkin ensiklopediyalari bilan yaqindan tanishganini, o‘zi uchun hamda “Navoyi ensiklopediyasi”ning boshqa bajaruvchilari uchun ham tajriba to‘plaganini qayd etgan. A. Hayitmetov ilmiy rahbarligi davrida “Navoyi ensiklopediyasi” uchun yozilgan ilmiy-ijodiy ishlarni qabul qilish va baholashda ilmiylik, aniqlik, tartiblilik va odillik tamoyillari asosida yondashilgan. Ba’zi bajaruvchilar Fanlar akademiyasining, Til va adabiyot institutining moddiy-ma’naviy mukofot va rag‘batlantirishlarini olganligi ham bayonnomalarda rasman qayd etilgani shundan dalolat beradi.
Bir bayonnomada “Navoyi ensiklopediyasi” uchun jami 3800 ta so‘z-maqola jamlangani haqida dalil mavjud. Bu – “So‘zlik”da rejalashtirilganidan 71 ta kam, xolos. Xususan, bo‘lim boshlig‘i, “Navoyi ensiklopediyasi” loyihasi rahbari A.Hayitmetovning o‘zi tuzgan va imzolagan 1989-yil 5-iyundagi hisobotda “Navoyi ensiklopediyasi” yakunlanib, Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devonini nashrga tayyorlash rejalashtirilganligi qayd etib o‘tilgan. Bundan tashqari, 1990–1995-yillar orasidagi bayonnomalarda ham loyiha rahbari A.Hayitmetovning “Navoyi ensiklopediyasi”ni nashr qilish haqidagi ko‘rsatmalari uchraydi. Darvoqe, O‘ZR Fanlar akademiyasi Prezidiumining 1991-yil 15-oktabrdagi 21-u 125-qarorida (Ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limining taqdimnomasi bo‘yicha) “Adabiyot instituti “Navoyi qomusi”ning adabiyotga oid qismini tuzib nashrga topshirdi” deyilgan va “O‘zbekiston Davlat matbuot komitetidan 1993-1994-yillarda “Navoyi qomusi”ni nashr etish so‘ralsin”, deb qaror qilingan. Bu dalillarning hammasi “Navoyi ensiklopediyasi” A.Hayitmetov faoliyati davridayoq tugallanganligini bildiradi. Lekin nima sababdan bu ish hali ham yakunlanmay, yuzaga chiqmay yotibdi? Nega “Navoyi ensiklopediyasi”ning tayyor, mashinkalangan, bo‘lim muhokamalaridan o‘tkazib protokollashtirilgan qo‘lyozmalari, agar A.Hayitmetov 2005-yilda vafot etgan bo‘lsa, uning vafotigacha 10 yil va uning vafotidan keyin yana 7 yil unutilgan, tashlab qo‘yilgan yoki yo‘qotilgan? Nega, chetdan jalb etilgan mutaxassislarni ham hisobga olganda, elliklab olim bosh qotirgan va qalam tebratgan shunday keng ko‘lamli tadqiqot dom-daraksiz ketgan? Shunisi ham ajablanarliki, nega Bobur ensiklopediyasi jamoatchilik asosida uch yarim yilda yaratilib chop etiladi-yu, Navoyi ensiklopediyasi davlat ta’minotida 40 yilda ham yakunlanmaydi? To‘g‘ri, Bobur merosi ko‘lami Navoyi merosi ko‘lami bilan barobar emas. Lekin ensiklopediyalarni yaratishga sarflangan yillar va kuchlarning miqdori ham o‘zaro katta farq qiladi. Nazarimizda, hayitmetovchasiga jidd-u jahd, adolat, halollik, fidoyilik, matonat, hamkasabaviy bag‘rikenglik bilan boshqarilganida, “Navoyi ensiklopediyasi” allaqachon xalqqa yetib borgan bo‘lardi. A.Hayitmetov “Navoyi ensiklopediyasi” so‘zligi so‘zboshisida ta’kidlagan mana bu yo‘riqnomani yana bir marta uqib olsak va unga amal qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi: “Navoyi ensiklopediyasi”ni yaratish g‘oyat murakkab ish, – deya saboq beradi ulug‘ ustoz. – Uni bir-ikki muassasa mutaxassislarigina yarata olmaydi. Bu qutlug‘ vazifani bajarishga Respublikadagi va undan tashqaridagi barcha mutaxassislarni tortish, mushkul muammolarni jamoaviy jipslikda hal
qilish shart”.
Ushbu muammo mazkur satrlar muallifining “Tafakkur” jurnalining 2001-yil 2-sonida e’lon qilingan “Abadiy daho” sarlavhali maqolasida ham ko‘tarilgan. Unda taklif etilganki: “...Ezgu ishning kechi yo‘q, tayyorlangan materiallarni milliy istiqlol ruhi bilan yangilab, yakunlab, xalqqa yetkazish vaqti keldi. Hatto, boshqa ayrim tadqiqotlar va mayda-chuyda tadqiqotnamo ishlardan mablag‘ hamda qog‘ozni iqtisod qilib bo‘lsa ham, mana shunday ulkan ishlarga yo‘l ochish kerak...”. Shundan keyin ham o‘n yil o‘tib, davlatning hotamtoyligini qarang, bitgan ishga yana besh yillik fundamental tadqiqotlar granti va 2 marta nashrga tayyorlash uchun amaliy grant ajratgan.
Men A.Hayitmetov tashabbuskorligida boshlangan va yaratilgan “Navoyi ensiklopediyasi” materiallarini yuzaga chiqarish, yakunlash va nashr etish masalalarini ko‘tarib 2 marta O‘zRFA sobiq Prezidenti Shavkat Ismoilovich Solihovga rasmiy murojaat qildim. Birinchi – 2014-yil 4-sentabr kuni qilgan murojaatim uzoq muddat javobsiz qoldi. Nihoyat, o‘z harakatim bilan javobni oldim. Javob Til va adabiyot instituti rahbariyati tomonidan tayyorlangan bo‘lib, unda “Navoyi ensiklopediyasi”ning haqiqiy ahvoli haqida to‘g‘ri ma’lumot berilmagan, A.Hayitmetov davrida yaratilgan materiallar esa mafkuraviy jihatdan qoralangan edi. Ammo bu materiallarning qayerdaligi ham ma’lum emasdi. Ikkinchi marta – 2015-yil 16-fevralda murojaat qilganimdan so‘ng, Akademiya sobiq Prezidentining maxsus buyrug‘i bilan 10 kishidan iborat nufuzli komissiya tuzilgan. Komissiya a’zolari quyidagi kishilar: B.Abduhalimov, O‘zRFA vitse-prezidenti, komissiya raisi, A.Qayumov, O‘zRFA akademigi, B.Nazarov, O‘zRFA akademigi, N.Mahmudov,
O‘zRFA Til va adabiyot instituti direktori, T.Mirzayev, O‘zRFA Til va adabiyot instituti yetakchi ilmiy xodimi, S.Hasanov, O‘zRFA Davlat Adabiyot muzeyi direktori, S.G‘aniyeva, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti professori, A.Habibullayev, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti dotsenti, N.To‘xliyev, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti professori, H.Yadgarov, O‘zRFA yuristi. Afsuski, ushbu komissiya ham haqiqiy ishlamadi. Men Til va adabiyot institutidagi yaqin hamkasblarim, bir necha komissiya a’zolari bilan bir oy davomida telefon orqali xabarlashib, haqiqiy ahvolni bilib turdim. Komissiya a’zolarining asosiy qismi, biz ishongan eng ulug‘ navoyishunos olimlar ham
institutga umuman borishmagan, mening murojaatim bilan tanishib chiqishmagan, “Navoyi ensiklopediyasi”ning haqiqiy ahvoli bilan qiziqishmagan. Komissiya xulosasini institutdagi uddaburonlarning o‘zlari yumalaq-yostiq qilishgan va barcha a’zolarga qo‘l qo‘ydirib olishgan. Shuning uchun komissiya xulosasi soxta, chala, biryoqlama, yana ilgari yaratilgan “Navoyi ensiklopediyasi” materiallarini mafkuraviy jihatdan qoralashdan iborat bo‘lgan, xolos. Men bu xulosadan mutlaqo qanoatlanmadim. Keyingi besh yillik grant asosida yaratilayotgan “Navoyi ensiklopediyasi” qanday ahvolda ekanligi esa hanuz noma’lum. Ishning necha foizi bajarilgan, nechta maqola tayyorlangan, aniq bajaruvchilar kim? Bu haqda gap yo‘q.
Lekin bizning murojaatlarimiz butkul natijasiz qolmadi. Jumladan, oldingi yaratuvchilardan 18 ta papkada mashinkalangan materiallar mavjudligi e’tirof etilgan. Demak, A.Hayitmetov ijodiy jamoasi mahsuloti, merosi pinhonlikdan yuzaga chiqdi. Shuning o‘zi ham natija.
U o‘zlashtirib yuborilish xavfi ostida turgan edi. Birinchi murojaatimdan keyin mening 33 ta maqolam borligi haqida ma’lumot berilgan bo‘lsa, 2-murojaatimdan so‘ng 79 ta maqolam tayyor va ular ayrim tahrirlar bilan “Navoyi ensiklopediyasi” tarkibida nashr etilishi haqida ma’lumot berildi. Komissiya xulosasiga har bir papkadagi materiallar haqida ixcham taqrizlar ilova qilingan. Taqrizlarning mazmunidan ishning katta qismi yaroqliligi ko‘rinib turibdi.
Avvalo, shuni anglash kerakki, o‘z davrining yetuk navoyishunoslari tuzgan “Navoyi qomusi” qaytadan yozadigan darajada nochor bo‘lmagan. Ular siyosiy, mafkuraviy jihatdan mustaqillik ruhi bilan yongan, millatparvar ziyolilar edilar. Milliy o‘zlikni anglash va mafkuraviy yangilanishlar adabiyotshunosligimizda o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlangan. Tasavvuf tadqiqi va targ‘ibiga keng yo‘l ochilgan. Buni o‘sha “Navoyi qomusi” yaratilgan bo‘limning ishlaridayoq ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, zabardast navoyishunos olim, Beruniy mukofoti sohibi Y.Is’hoqovning 1983-yilda chop etilgan “Navoyi poetikasi” tadqiqotida navoyiyona ishq konseptsiyasi batamom yangicha baholangan. 1980-yillarda bo‘limda “Tasavvuf va o‘zbek adabiyoti” mavzusida 3 yillik tadqiqot rejalashtirilgan. Ish uch qismdan iborat bo‘lishi, Navoyigacha bo‘lgan qismini I.Haqqulov, Naqshbandiya va o‘zbek adabiyoti qismini Y.Is’hoqov, Qalandariylik va o‘zbek adabiyotini S.Rafiddinov yozishi kerak edi. Y.Is’hoqov qalamiga mansub kitob chop etilgan. Qolgan ikki qismining taqdiri esa mualliflarning sa’y-harakatlariga bog‘liq bo‘lib qolgan. O‘sha yillari chop etilgan boshqa yuzlab maqola va tadqiqotlarda hurfikrlik epkinlari yuz ko‘rsatgan. Diniy-tasavvufiy asarlarni nashr etish va ommalashtirishga 1985-yillardan jiddiy kirishilgan. Bu sohada “Adabiyot va san’at” nashriyoti “O‘zbek adabiyoti bo‘stoni” nomi bilan yangi rukn ochgan. Uning “Mangu buloqlar” deb nomlangan 1-kitobidan Burhoniddin Rabg‘uziyning diniy asari “Qisasi Rabg‘uziy”ning katta qismi ham o‘rin olgan bo‘lib, u 1986-yil 100 000 nusxada nashr etilgan. Ahmad Yassaviyning “Hikmatlar” kitobi xuddi shu ruknda 1990-yil 300 000 nusxada chop etilgan. Agar kitobning 1989-yil
25-oktabrda bosmaxonaga berilganini inobatga olsak, demak, “Hikmatlar” bir necha yil oldinroq nashrga tayyor bo‘lgan. Ilmiy tayyorgarligining yetukligi, bilim zaxirasining boyligi, yozma uslubining pishib yetilganligi jihatlaridan ham katta avlod navoyishunoslarining merosi kamsitishga loyiq emas. Hozir bunday ulkan olimlar pleyadasi mamlakatda yo‘q. Ular olamdan o‘tib, maydon bo‘shab, muqaddas mulklari ayrim nopok shaxslar tasarrufida qoldi. Albatta, har qanday ish uchun tahrir zarur. Tahrir tadqiqotni yanada sayqal toptiradi. Biroq tahrir qaytadan yozish yoki tayyor tadqiqotni o‘zlashtirish degani emas. Huquqiy jihatdan qaraganda, tugallab topshirilgan tadqiqot davlat tasarrufiga o‘tgan intellektual mulk hisoblanadi. Uni harakatdan to‘xtatish, berkitish, o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish yoxud mualliflik huquqini o‘zlashtirish davlat mulkiga xiyonat bo‘lib, buning uchun javobgarlik belgilangan.
Men professor A.Hayitmetov davrida yaratilgan “Navoyi ensiklopediyasi”ning bajaruvchilaridan biri va bu intellektual mulkning vorislaridan biri sifatida quyidagilarni taklif etaman: Birinchidan, “Navoyi ensiklopediyasi” oldingi va hozirgi materiallarini umumlashtirib, notugal qismlarini tugallab, mafkuraviy va ilmiy jihatdan tahrir etadigan tezkor tahrir jamoasini tuzish maqsadga muvofiqdir. Ikkinchidan, “Navoyi ensiklopediyasi”ni yakunlash va chop etish uchun Respublika va undan tashqaridagi ilmiy-adabiy salohiyat kuchlarini birlashtirish zarur. Uchinchidan, hozirgi jamoadagi ba’zi xodimlar yetarli
ilmiy tajriba va saviyaga ega emas. Jamoa tarkibini yuqori saviyali, mahsuldor olimlar hisobiga yangilash kutilgan natijani berishi, shubhasiz. To‘rtinchidan, 2016-yili Alisher Navoyi tavalludiga 575 yil to‘ldi. Ulug‘ va fidoyi navoyishunos olim A.Hayitmetov tavallud topganiga 90 yil to‘ldi. Shu yili vafot etganlariga 10 yil to‘ldi. Olim “Navoyi ensiklopediyasi”ni Navoyi tavalludining 550 yilligiga nashr etishni mo‘ljallagan edi, bu armon bo‘lib qoldi. “Navoyi ensiklopediyasi”ni mana shu qutlug‘ uch sanaga tuhfa sifatida tayyorlab nashr etish maqsadga muvofiq edi. Afsuski, bu imkoniyat ham boy berildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining o‘sha davrdagi raisi Muhammad Ali bir kuni meni uyushma a’zosi sifatida chaqirib, Navoyi qomusining hozirgi holati bilan yuqori tashkilotlar qiziqayotganligi, uning nashri uchun zarur bo‘lsa, yordam bermoqchiliklari haqida gapirib, Navoyi qomusining hozirgi ahvoli haqida bir ma’lumotnoma tayyorlab berishimni so‘radi. Men ushbu ma’lumotnomani 2015-yil 16-aprel kuni tayyorlab topshirdim. M.Ali meni yana bir maslahatga chaqirganida, yuqori tashkilotlar bilan ma’lumotnoma asosida kelishganini, Til va adabiyot instituti direktori N.Mahmudovni chaqirib, “Navoyi entsiklopediyasi” tayyorligiga qarab, uning nashri uchun yordam berilishini taklif etganini aytdi. N.Mahmudov esa ish hali tayyor emas, 2016-yilda grant yakunlanishini, o‘shanda qomus nashri haqida o‘ylash mumkinligini aytibdi. Shu bilan “Navoyi entsiklopediyasi” nashri yana noma’lum muddatga orqaga surilib ketdi. Afsuski, Alisher
Navoyi tavalludining 580 yilligi tadbirlari rejasida ham “Navoyi ensiklopediyasi” nashridan darak yo‘q.
Beshinchidan, “Navoiy ensiklopediyasi” nashrida professor A.Hayitmetovni g‘oya muallifi sifatida alohida ko‘rsatish allomaning xizmatlariga loyiq ish bo‘lar edi.
Nusratullo JUMAXO‘JA,
filologiya fanlari doktori,
Alisher Navoyi nomidagi
Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universiteti
professori