Nepotizm haqida bilasizmi?
Nepotizm haqida bilasizmi?
Nepotizm — korrupsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, siyosatda, ish, lavozimga erishishda, tadbirkorlik va boshqa sohalarda shaxslarning qobiliyati, bilimi, ma’lumotiga emas, balki urug‘-aymoqchilik, oshna-og‘aynichilikka yon bosish, qo‘llab-quvvatlash, sharoit yaratib berish shaklida namoyon bo‘ladi.
NEPOTIZM – bu lotincha “nepos” – urug‘, zot, nasl, sulola, “nepotis” – nabira, jiyan so‘zlaridan olingan.
Uzoq o‘tmishda Italiyada Rim papasi hukmronligi davrida paydo bo‘lgan bo‘lsa, yaqin o‘tmishda yaqqol Ruminiyada Chaushesku diktatura rejimi misol bo‘la oladi. Nikolay Chaushesku hukmronligi vaqtida o‘z turmush o‘rtog‘i Yelena Chausheskuni 1972-yili hukmron partiya bo‘lgan Ruminiya Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasiga kiritdi va 1980-yili uni Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinladi.
Shu kabi Chausheskuning o‘g‘li Niku Ruminiya Kommunistik partiya Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy Ijroiya Qo‘mitasi a’zoligiga nomzod etib tayinlandi. U yana Ruminiya Kommunistik talabalar uyushmalari ittifoqi rahbari va Ruminiya Kommunistik Yoshlar Ittifoqi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi mansablarida ishlagan. 1980-yillarning o‘rtalariga kelib, hatto Niku Chausheskuni otasining merosxo‘ri sifatida ko‘ra boshlashgan. O‘sha vaqtlari Ruminiya rahbarining boshqa qarindoshlari bo‘lgan 40 ga yaqin kishi davlat va partiyaning muhim lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Nepotizm shaklidagi korrupsiya yuzaga kelganida sulolalar, urug‘lar davlatning, iqtisodiy sektorning muhim mexanizmlarini egallay boshlaydi. Buning natijasida ulardagi urug‘chilik, sulolaviy daxlsizlik imkoniyati sabab kishilarda adolatli boshqaruv, adolatli sudlov va adolatli taqsimotga nisbatan ishonchsizlik kuchayadi. Jamiyatda rivojlanish to‘xtaydi, tanazzul boshlanadi.
Nepotizmning oldini olish uchun mansab, lavozimlarga tayinlashda ochiqlik – shaffoflik va jamoat nazoratini tashkil qilish hamda alohida hollarda kishilarga o‘qishga kirish, ijtimoiy, iqtisodiy, tadbirkorlik sohalarida imtiyozlar berishni kamaytirish, balki butunlay bekor qilish kabi choralar ko‘rilishi talab qilinadi.
Akbar AHROROV,
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi