Netiket haqida bilamizmi?
Netiket haqida bilamizmi?
Ma’lumki, har bir davra, har bir jamoaning o‘z yozilgan va yozilmagan qoidalari bo‘ladi. Maktabda o‘quvchilar yoki o‘qituvchilarning yurish-turish qoidalari, mehnat jarayonida, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi, tibbiyot, maishiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning va hokazolarning o‘z kasbiy etiketlari mavjud.
Siz-u biz kim bo‘lishimizdan qat’i nazar, muomalaga kirishayotgan tomonning yoki jarayon kechayotgan zamon hamda makonning qonun-qoidalariga, odob-axloq normalariga rioya qilishimiz shart. Bu bizning tarbiyamiz, farosatimiz va, umuman olganda, ma’naviyatimizni aks ettiruvchi dastlabki mezondir.
Bugungi turmushimizning ajralmas qismiga aylangan internet tarmog‘i – ijtimoiy tarmoqlar ham o‘ziga xos davralardan, jamoatlardan iborat maydonga aylangan. Bu ijtimoiy tarmoqlar bozor vazifasini ham, maktab vazifasini ham, jang maydoni vazifasini ham, do‘stlik va boshqa hissiy munosabatlar o‘rnatish mumkin bo‘lgan “xiyobon” vazifasini ham a’lo darajada o‘tamoqda. Bu turfa maydonlarda insonlar o‘zaro fikr, axborot, tovar, his-tuyg‘ular ayirboshlar ekan, bu jarayonlarning har birida o‘ziga xos axloqiy me’yorlar shakllanib ulgurgani tabiiy. Biroq tarbiyali, farosatli, umuman olganda, ma’naviyatli kishilar internet olamida ham o‘zlarining xushxulqlari bilan namoyon bo‘laveradilar.
Xo‘sh, internet olamida bunday axloq normalari, an’analari qanday ataladi va ular nimalardan iborat. Shu haqda to‘xtalib o‘tsak. Internet(xususan, ijtimoiy tarmoqlar)da o‘zini tutish, muloqot qilish qoidalari, madaniyati va an’analari “netiket” degan termin bilan izohlanadi. Atama inglizcha “net” (tarmoq) va “yetiquette” (odob) so‘zlaridan hosil qilingan. Ruslar buni setiket deya ataydilar.
Kim bilandir ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilar va yoki shunchaki sms-xabarlar jo‘natar ekanmiz ko‘p hollarda odatiy odobni ham unutib qo‘yamiz. Xalqimizda bir ibora aynan shunday holatga nisbatan ishlatiladi: “O‘zi yo‘qning yuzi yo‘q”. Ya’ni o‘zini ko‘rmagandan, ko‘z ko‘zga tushmagandan keyin andisha, uyat, odob ham “shart bo‘lmay” qoladi, go‘yo. Ammo tarbiyasi komil-u, farosati benuqson inson ikkinchi tomon uning qarshisidami, ko‘ryapti yoki ko‘rmayaptimi, tanish yo notanishmi, muloqot davomida odob me’yorlarini unutmasligi shart. Yoki aksariyat hollarda “tanimasni siylamas” iborasini shiorga aylantirib olish ma’qul ish emas, aslida.
Shunday ekan, odatiy jamiyatdagidek vizual jamiyatda ham odob me’yorlari qat’iy bo‘lib qolaverishini unutmasligimiz lozim.
Biroq zamonning zayli bilan ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi odatiy odob me’yorlariga qo‘shimcha “moddalar” kiritishni davr talabiga aylantirgan va netiket shu tariqa vujudga kelgan.
Endi bevosita netiketning ayrim me’yorlari haqida to‘xtalib o‘tsak:
1. Odamlarga ijtimoiy tarmoqlar (yoki sms-xabar) orqali yozma murojaat qilayotganingizda, salom berib, jim turavermang. Murojaatingiz sababini darhol bayon qiling, aks holda suhbatdoshingizning vaqtini olasiz va unga hurmatsizlik qilgan bo‘lasiz.
2. O‘z fikringizni boshqalarnikidan ajratib yozishni istayotgan bo‘lsangiz ham, FAQAT KATTA HARFLAR bilan yozmang. Bunday yozuvlar ko‘zni charchatadi, diqqatni susaytiradi, kichik harflar bilan yozilgan matn kabi qulay o‘qilmaydi. Bundan tashqari, katta harflar Sizni “baqirayotgan”dek tasavvur uyg‘otadi. Matnda so‘zlarni ajratishning juda ko‘p usullari bor, asosiysi — me’yorni saqlash. So‘zlarni ajratishda ham ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki har bir harakatning o‘z ma’nosi bor yoki o‘quvchi uni g‘alati, siz istamagan mazmunda tushunishi ehtimol. Masalan, qo‘shtirnoq ichida yoziladigan jumlalar ko‘p holda kesatiq ma’nosida qo‘llanilsa, to‘q ranglarda yoki boshqa ranglarda jumlalarni ifodalash o‘quvchi ko‘zlariga ortiqcha charchoq yuklashi mumkin. Juda ajratish lozim holatda so‘z ostiga chiziq tortish ma’qul nazarimizda.
3. Xabarni bir nechta qismga yoki so‘zlarga bo‘lib jo‘natmang, bu odamni chalg‘itadi. Fikringizni oxirigacha ifodalamasingizdan oldin suhbatdoshingiz javob berishni boshlashi mumkin. Butun bir matnni o‘qish qulay va tushunish oson, qismlarga bo‘lingan matn o‘zingizni ham, boshqalarni ham chalkashtiradi. Buning ustiga, suhbatdoshingizga xabarlar to‘xtamay ketma-ket kelaversa, unga noqulaylik tug‘dirgan bo‘lasiz.
4. Ijtimoiy tarmoqlarda axborot almashar ekansiz bahslashish jarayonida asabiylashmang. Har qanday munozarani boshlashdan tiyiling yoki ilk lahzalardayoq bartaraf eting!
5. Ijtimoiy tarmoqlarda turli toifa vakillari borligini unutmang. Ularni hurmat qiling va sizga nisbatan salbiy izohlarga bee’tibor bo‘ling.
6. Izohlar mualliflariga tushuntirishlarni imkon doirasida shaxsiyda hal qilishga, uni ham bosiqlik va yotig‘i bilan tushuntirgan holda amalga oshirishga harakat qiling.
7. O‘z jahlingizni namoyon qilmang (Agar buning imkoni bo‘lmasa, jahlingizni “3a@9ku@m@)(#*&&$*(ml” kabi mantiqsiz belgilar bilan ifodalashingiz mumkin). Aks holda bu sizga ham huquqiy, ham iqtisodiy, ham ma’naviy muammo bo‘lishi mumkinligini unutmang. Zero, jahl chiqqanda sukut saqlay olish kuchlilarning ishi!
8. O‘z sahifangizda (asosan, feysbukda kuzatiladigan holat) post joylar ekansiz uni do‘stlar bilan baham ko‘rishga (otmetit
qilishga) shoshilmang. Qo‘yayotgan suratingiz, maqolangiz, munosabatingiz bevosita daxldor bo‘lgan shaxslarnigina belgilash (otmetit qilish) mumkin, shunda ham ularning roziligini olish odobning yanada yuqori darajasi ekanligini eslatib o‘tamiz, odatiy postlar, axborotlar va kechinmalari-
ngizga, turli munosabatlaringizga iloji boricha hech kimni belgilamaganingiz ma’qul.
9. O‘z post yoki bloglaringizda boshqa birovning ma’lumot yo maqolalaridan
foydalanadigan bo‘lsangiz, albatta muallifni eslatib o‘ting! Axir intellektual mulk degan tushunchalar, huquqlar mavjud yurtimizda.
Imkon doirasida yuqoridagi qoidalarga rioya qiling, shuningdek, o‘zingizga nomaqbul bo‘lgan xatti-harakatlarni boshqalarga nisbatan ham qo‘llamang. Ijtimoiy tarmoqlar ham jamoat joyi ekanligini unutmang!
Dilfuza SAPARBOYEVA,
Urganch davlat universiteti talabasi