Nur sochayotgan ziyo maskani
Nur sochayotgan ziyo maskani
Kitob – insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, beminnat sirdoshi va bilim manbayidir. Abdulla Avloniy, Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Usmon Nosir, Abdulla Qahhor kabi ma’rifatparvar, ziyo ulashuvchi insonlarga haqiqiy ma’noda izdosh bo‘lib, “yaxshidan bog‘ qoladi”, degan naqlning haqiqiy isbotini ko‘rsatgan Do‘stqobil hoji ota Qodirov Surxon vohasida tug‘ilib, shu yurt uchun yonib-kuyib, ma’rifat ulashgan insondir.
2022-yil 18-mart kuni Muzrabot tumani Obihayot MFYda joylashgan Do‘stqobil hoji Qodirov uy kutubxonasida Surxondaryo viloyat xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi hamda O‘zMTDP Muzrabot tuman kengashi hamkorligida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davr talabi” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil qilindi va bu seminarda biz ham tinglovchi-kuzatuvchi sifatida qatnashdik.
Kutubxonadagi kitoblarning ma’lum bir tartibda joylashganligi, o‘zbek adabiyotidagi nodir asarlar, jahon adabiyoti durdonalari, bolalar adabiyotiga oid qiziqarli kitoblar, har bir yozuvchi va shoirlarning asarlari, she’riy to‘plamlari alifbo tartibda joylashganligibarcha tinglovchi-kuzatuvchini hayratga soldi.
“Sharq yulduzi”, “Saodat”, “Fan va turmush” kabi jurnallarni 1978-yilgi sonlaridan, hozirgi kungacha bo‘lgan sonlari saqlanib kelinishi biz o‘qituvchilarni nafaqat badiiy adabiyotlarni, balki ma’rifat tarqatayotgan har bir ziyo nurini ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, kelajak avlodga yetkazishimiz kerakligini his qildik. 10 mingdan ortiq kitobni o‘zida jamlagan bu uy kutubxona, chinakamiga Muzrabot tumanida nur sochgan ziyo maskanidir. Bunday savobli ishga qo‘l urish har bir pedagog qolaversa, har bir inson uchun sharafdir.
Seminardan qaytar ekanmiz, bu insonning farzandlari bilan ham suhbatda bo‘ldik. Yetti nafar farzandning har birini oliy ma’lumotli, yetuk mutaxassis qilib jamiyatga tarbiyalab bergan bu insonga yana bir bor qoyil qolmay ilojimiz yo‘q. Haqiqiy ilm izlagan inson ekanliklarining guvohi bo‘ldik.
“Bir kunlik ilm olmoq, ming kunlik ibodatdan afzaldir'”, deganlaridek, bir kunlik seminar davomida qanchadan qancha ibrat va nasihat hamda bir olam taassurotlar bilan qaytdik. Ilm olmoq ibodatdan afzal bo‘lsa, ilm ulashmoq ham ibodatga teng sherik bo‘lmoq kabidir degan fikrlar o‘tdi xayolimizdan.
Shunday savobli ishni qilish har bir mo‘min va mo‘minaga nasib qilsin. Har birimizga marhum ustoz Do‘stqobil hoji otaning savobli yo‘llarini bersin deb niyat qilar ekanmiz, manzilimizga qaytish davomida barchamiz ko‘rgan ibratli hayot maktabi hikoyatlarini tafakkur qilib, ajib sukut saqlab qoldik. Oddiy qishloq muallimining elga qoldirgan merosi, o‘zi vafot etsa-da, elga ta’lim berishni davom ettirish uning hali ham hayot ekanidan bir darak edi. Bir haftalik malaka oshirishda ta’lim olgan hamkasblar yaqin kunlarda o‘quvchilarimizni shu kutubxonaga ham ziyorat, ham ibrat, ham kelajakka motivatsiya uchun olib kelishga kelishar ekanmiz, o‘zimiz ham, albatta, uyimizda uy kutubxona burchagini yaratishga ahd qildik.
Gulnora BOBOJONOVA,
Tursunbibi YAKUBOVA,
Ona tili va adabiyot o‘qituvchilari