O‘ZBEGIM AZAMATI

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tavallud topib, voyaga yetgan hamyurtimiz MMA (Aralash jang san‘ati) bo‘yicha jahon chempioni Azamat Nutfullaev jahon chempionatida yana birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbek “ajdari” nomi bilan mashhur bo‘lgan og‘ir vaznli sportchimiz galdagi g‘alabasini padari buzrukvori Bobonazar Sattorovning 55 yoshli tavallud kuniga bag‘ishladi.
Kasbi tumanidagi Maymanoq qishlog‘i manbalarda qayd etilishicha, 11 – 12 asrlarda islom ilmini o‘rgatuvchi yirik ilm maskani bo‘lib, unda Naxshab va Buxoroning turli taraflaridan o‘quvchilar kelib o‘qigan. Shuningdek, xalq og‘zaki ijodining noyob mahsuli bo‘lgan “Yozi bilan Zebo” dostonining voqyealari ham shu qishloqda kechgan. Shu bilan bir qatorda polvonlar yurti bo‘lib, Buxoro amirligining nomdor polvonlari shu joydan yetishib chiqqan va mashhur bo‘lishgan. Dunyo tanigan jahon va xalqaro musobaqalar sovrindori, jahon chempioni Azamat Nutfullaev ham shu qishloq ko‘chalarida o‘ynab katta bo‘lgan. Bobosi Nutfulla bobo o‘z davrining yelkasi yerga tegmagan, mard va tanti polvon, shuningdek el kayvonisi bo‘lgan. Nutfulla bobo ko‘plab nomdor shogirdlarga ustozlik qilgan. O‘z davridagi polvonlar Nutfulla polvonni ustoz deb tan olgan va maslag‘atlariga quloq solib, izidan borishgan. O‘tkaziladigan to‘ylardagi katta-katta kurashlar Nutfulla polvonsiz o‘tmas edi. Azamatning otasi Bobonazar ham polvonlikni davom ettirib, ko‘plab musobaqalarda g‘olib bo‘lgan – xalqimizning hurmatiga sazovor bo‘lib, bir qancha shogirdlar yetishtirib chiqargan. Bobonazar Sattarov ayni paytda Maymanoq 1-sonli kasb-hunar maktabi direktori lavozimida mehnat qilib kelmoqda. Ziyoli inson Bobonazar Sattarov texnika fanlari nomzodi, xalq deputatlari Kasbi tumani kengashi deputati sifatida El koriga yarab kelmoqda.
Qalblari iftixorga to‘la O‘zbekiston ahli safida kamina polvonlar oilasini qo‘shaloq yutuqlar bilan muborakbod etaman. Og‘ir vaznli MMA jangchimiz Azamat Nutfullaev jahonning ko‘p davlatlarida kurashib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan o‘zbegimning asl o‘g‘lonlaridan biri.
Qashqadaryolik yosh ijodkor, shoir va jurnalist, shogirdimiz Lochin Elmuhammad O‘zbekiston MMA olamida “Ajdar” nomi bilan tanilgan, og‘ir vazn toifasi vakillaridan biri Azamat Nutfullayevga bag‘ishlab she’r bitibdilar. O‘qib ko‘zlarimga yosh keldi.
O‘zbekiston yurti asl o‘g‘lonlar,
Maydonlarda baland bayrog‘imiz tik.
Vatan polvonlari nomi dostonlar,
Y engilmas Azamat Nutfullaevdek.
Qashqadaryo elin iftixori bu –
Maymanoqda kulgan sport quyoshi.
Azamat polvonning madadkori shu –
Ota-ona qilgan duo yo‘ldoshi.
Har kimning orzusi ushalsin shunday,
O‘g‘lonlar ulg‘ayib yurtga yarasin!
Ismi jismiga mos Azamat sherday
Dovrug‘i dunyoga chunon taralsin!
Janggohlarga kirar mardona yurak,
Azamat polvon-ku yurtim askari.
Vatanning bayrog‘in ko‘tarib yuksak
Aslo yengilmaydi O‘zbek “ajdari”!
***
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Abdulla Ayizovning chempion sharafiga yozgan she‘rini ham havola etishni lozim topdim.
G‘ALABA MUBORAK, AZAMAT!
MMA sporti bo‘yicha jahon chempioni Azamat Nutfullaevga!
Ismi jismiga mosdir
Polvonlik unga xosdir.
Jasur – Alpomishkelbat,
Bobonazar o‘g‘li Azamat.
Elning obro‘sin to‘kmay,
Raqiblarga tiz cho‘kmay,
G‘olib Nutfullo polvon,
Izdosh Azamat polvon.
Chorladi ulkan maydon,
Hayajonda keng jahon.
Alloh madadkor, albat,
G‘olib yana Azamat.
Dunyo tan oldi bugun,
Polvonning ori butun.
Quch mudom zafar, omad...
G‘alaba muborak, Azamat!
Yurt bayrog‘i osmonda,
Oltin kamar polvonda.
Allohga shukr, bu – baxt!
Yuz yorug‘dir Azamat!
Yuksalaversin bayroq,
Olqishlaydi Maymanoq.
O‘zbekiston zo‘r davlat,
Faxr etgay Azamat.
Ota-onangga rahmat!
Mard ustozlarga rahmat!
Xalq duo aylar har vaqt,
Omad yordir Azamat.
El qatori bir yo‘la,
Qutlar bugun Abdulla.
Hamma havasda shu payt,
Chempiondir Azamat!
2023 - yil 15 - oktabr.
***
Polvonimizning otasiga havasim keldi. Dunyo tan olgan shunday o‘g‘il bilan ko‘ksi iftixorga to‘lib, har qancha shukrona qilsa arziydi. 2023-yilning 15-oktabr sanasi tavallud kuni va o‘g‘lining g‘alabasini nishonlagan Bobonazar Sattarovning xonadoni aziz mehmonlar, sportsevarlar va yor-do‘stlar bilan jamuljam bo‘ldi. O‘zbekning asl o‘g‘loni, yengilmas polvon mehmonlarni yaqinlari safida quchoq ochib kutib oldi va otasiga avtomashina hadya etdi. Ertalabdan elga osh tortildi. Tadbirga ezgu niyatlar bilan tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz baxtiyor ota va Vatanning asl o‘g‘loni Azamat Nutfullaev haqiga duolar qilishdi.
Yana bir bor barcha yurtdoshlarimiz nomidan Sattorovlar xonadonini qo‘shaloq bayram bilan muborakbod etamiz va g‘alabalar bardavom bo‘lishini tilab qolamiz.
Sevin OCHILOV