O‘qituvchi talabchanligi — jamiyat foydasi
Rivoyat qilishlaricha, Tanburiy taxallusli bir musiqachi bo‘lgan ekan. Uning huzuriga bir necha ota farzandlarini shogirdlikka berish uchun olib kelibdi. Tanburiy bolalarni imtihon qilish maqsadida har biriga novda beribdi. Bolalardan biri novdani qarichlab o‘lchabdi, musiqachi uning otasiga o‘g‘lini savdogarga shogirdlikka berishi kerakligini aytibdi. Novdani archib turgan boladan yaxshi duradgor, novdani ot qilib mingan boladan ajoyib chavandoz, novdani yerga qadayotgan boladan bog‘bon, qilich qilib o‘ynayotgan boladan mohir qilichboz chiqishini aytibdi. Faqat usti yupun bir bola novdani nay qilib chala boshlabdi. Buni ko‘rib, Tanburiy uni shogirdlikka qabul qilibdi. Bolakay mashhur naychi bo‘lib yetishibdi.
Qarang-a, ustozning zukkoligini! O‘qituvchining donoligini shu birgina rivoyat orqali ham ko‘rsak bo‘ladi. Qadimdan ilmi, mehnati bilan el orasida tanilgan, qaysi sohada bo‘lmasin tajribasi, bilimini yoshlarga bergan kishilar ayricha e’zozlangan. Hozir-chi, yoshlar va ularning ota-onalari muallimni qanday qadrlashmoqda?
1-sinf o‘quvchisi Akbarjonov maktabdan uyiga qaytganida, yuzida ozgina ko‘kargan joyini ko‘rib g‘azab otiga mingan bobosi nabirasini yetaklab, sinf rahbari huzuriga kiradi. Aytmagan gapi qolmaydi. Nima emish, nabirasini ustoz urib, yuzini ko‘kartirganmish. Aslida, o‘quvchilar uyiga qaytayotganida hazillashib, bir-birini turtib-turtib ketishgan. Sinfdagi bolalar ham,
Akbarjonov ham ustozning aybsiz ekanini aytishdi. Lekin bobo: “Sen bolamni urgansan, yaxshi tarbiya bermayapsan”, deya haqorat qila ketdi. “Senlarning olgan maoshlaring harom”, degan gapi esa o‘qituvchini yig‘latdi. Bu holatga nima deysiz?
Kezi kelganda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi onadek g‘amxo‘r bo‘ladi. O‘qituvchilarni “haromxo‘rlar” deguvchilar, shuni unutmangki, eng mashaqqatli kasb — o‘qituvchilik.
Ustoz — ta’lim-tarbiya berib, to‘g‘ri yo‘lda qoqilmaslik uchun jonini fido etuvchi zot. Kerak bo‘lsa, u qattiqqo‘llik qilishi, tanbeh berishi, gohida tergashi ham mumkin. Afsuski, ayrim kattalar o‘quvchida ustozning haqqi borligini bilishmaydi. Bugun sirkasi suv ko‘tarmaydigan bolalar kelajakda turli sinovlarga qanday chidarkan?
Har bir pedagog o‘quvchisining haqiqiy inson, jamiyatga nafi tegadigan yetuk shaxs bo‘lib yetishishini chin dildan istaydi. Shunday ekan, hurmatli ota-onalar, o‘qituvchini kamsitmang. O‘qituvchi talabchanligi — siz va jamiyatning foydasi. Axir niholning ham ba’zi keraksiz shoxlarini qirqib turishadi-ku!
Navro‘za ZAYNIDDINOVA,
Quvasoy shahridagi
18-maktabning boshlang‘ich
sinf o‘qituvchisi