O'qituvchilar ham kitobxonlik tanlovida ishtirok etyapti
“Kitob – aqldan haq so‘ramaydigan eng yaxshi xazina”, degan edi turkiy xalqlarning mashhur mutafakkiri, shoir Alisher Navoiy.
Qaysi zamonda yashasangiz ham kitob o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Kitob yuksalish sari yo‘naltiradi. Zamon rivojlanib, qanchadan qancha yetuk texnika, texnologiyalar yaratildi, yaratilmoqda. Ammo hali-hamon kitob ularga o‘rin bo‘shatgani yo‘q.
O‘tgan yili Zarafshon shahrida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida “Bir haftada bir kitob mutolaa qilamiz” loyihasi asosida ish boshlangan edi. Shahar hokimligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan kitoblar ro‘yxati har bir tashkilotga yetkazildi. Ahamiyatlisi shundaki, dastlab 20 ta guruh tashkil etilgan bo‘lsa, targ‘ibot natijasida bugungi kunda guruhlar soni 32 taga yetdi. Shakllangan har bir guruh tanlangan asar bo‘yicha imkon qadar ko‘proq ma’lumotlarni berishga, kezi kelsa ularni sahna asari asosida yoritib berishga harakat qilmoqda. Olib borilayotgan tanlov o‘z vaqtida ijtimoiy tarmoqlarda yoritib borilmoqda.
Bu tanlovning asosiy ahamiyati, nafaqat, biror bir badiiy asarni o‘qish, balki undagi asosiy maqsad, g‘oyani har bir kitobxonning hamda atrofdagilarning ong-u shuuriga yetkazishdan iboratdir. Kuni kecha yoritilgan Muhammad Alining “Sarbadorlar” tarixiy romani tahlili olib borilganda biror bir kitobxon, hattoki ishtirok etgan tinglovchi ham asarga befarq emasligi ko‘rindi.
Ushbu loyihaning birinchi mashg‘ulotidan buyon faollikni qo‘ldan bermay kelayotgan 10-maktab tarkibi ham 5 kishidan iborat bo‘lib, unda yosh mutaxassisdan, 25 yillik tajribaga ega o‘qituvchilar ham ishtirok etmoqda. Bu tanlovning mantiqiy davomi sifatida maktabda ham o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlik bo‘yicha turli xil tanlov va viktorinalar o‘tkazilmoqda. Bunda bizga maktab kutubxonachilari yaqindan yordam bermoqda.
“Kitoblar jonsiz, ammo sodiq do‘stlardir”, deganda buyuk fransuz yozuvchisi Viktor Gyugo naqadar haq edi. Kitob varaqlar ekansiz, uning beminnat murabbiy ekanligini, kitobdan oladigan zavqni hyech narsadan olib bo‘lmasligini his qilasiz. Shoir Sirojiddin Sayyidning ushbu so‘zlari bilan fikrimni muxtasar qilishni lozim topdim.
Otchopardan kimxob oling,
Ne bo‘lsa behisob oling,
Ammo qaytar chog‘ingizda
Bittagina kitob oling.
Xudo xayringizni bersin,
Yana umringizni bersin,
Uyingizga oftob oling –
Bittagina kitob oling.
Gulmira JO‘RAYEVA,
Zarafshon shahridagi 10-maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi