“O‘qituvchining xatosi qimmatga tushishi mumkin”
“O‘qituvchilik — mas’uliyat demakdir. Boshlang‘ich sinf muallimasi bo‘lish esa ko‘proq mas’uliyat. Senga jovdirab turgan jajji bolajonlarning barchasi e’tiboringga, shirin so‘zing, odilligingga muhtojligini his qilishing kerak. Yo‘qsa, ularning nozik qalbiga ozor yetkazishing, o‘qishga bo‘lgan intilishiga zarba berib qo‘yishing mumkin”.
Kosonsoy tumanidagi 24-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Mastura Yodgorova 30 yillik ish faoliyati mobaynida o‘z kasbiga mana shunday katta mas’uliyat hissi bilan qarab kelmoqda. O‘zining aytishicha, ustozlik sha’niga nisbatan bunday ehtiyotkorlik unga otasidan o‘tgan.
— Ilk ustozim dadam bo‘ladilar, — deydi Mastura Yodgorova. — U kishi matematika o‘qituvchisi bo‘lganlar. Oilada 9 farzandning yettinchisiman. Esimni taniganimizdan boshlab hisob ilmidan saboq olganmiz. Hech esimdan chiqmaydi, 3-sinfda o‘qiyotganimda dadam “Katta bo‘lganingda kim bo‘lasan?”, deb savol berganida, men “shifokor bo‘lsam-u, kasalni tuzata olmasam-chi, chevar bo‘laymi… yo‘q qimmat matoni buzib qirqsam egasiga qanday to‘layman. Muxbir bo‘laman… ee televizorda gapirayotib adashib qolsam hamma kuladi... Yaxshisi o‘qituvchi bo‘laman”, dedim. O‘zimcha o‘qituvchilik hammasidan oson deb o‘yladim. Ammo dadamning javobi meni hayratga soldi: “O‘qituvchi bo‘lish oson deb o‘yladingizmi yoki o‘qituvchi xato qilsa bo‘laveradi, deysizmi? Yo‘q, aksincha, qizim. O‘qituvchi qilgan xato siz sanab o‘tgan xatolarning hammasidan qimmatga tushadi. Chunki u millat ertasi bo‘lgan yosh avlod bilan shug‘ullanadi. Noto‘g‘ri tarbiya bersa ham, yaxshi ta’lim berolmasa ham, ana boringki, shaxsiy hayotda boshqalarga o‘rnak bo‘lolmasa ham uning xatolari kimlarningdir ertasini barbod qilishi mumkin”.
Mana shunday o‘gitlar bilan ulg‘aygan Mastura Yodgorovada o‘qituvchilikka nisbatan kuchli intilish, qiziqish o‘sib borardi. Shu ishtiyoq bilan o‘z kasbini qattiq hurmat qiladigan, o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasini hayotining eng oliy vazifasiga aylantirgan ustoz vujudga keldi.
— Ish faoliyatimni mustaqillikning ilk kunlaridan boshlaganman. Dadajonimning birinchi aytgan so‘zlari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi: “Qizimxon, esingizda bo‘lsin, hech qachon bolani kamsitmang, “sen odam bo‘lmaysan” demang!” 31 yillik ish faoliyatimda turli qiyinchiliklar ham bo‘ldi, lekin biror marta kasbimni tashlashni o‘ylamaganman. Hozirda hayotning barcha jabhalarida shogirdlarim faoliyat yuritishyapti. Ularni ko‘rib quvonaman va faxrlanaman. O‘quvchilarimning farzandlarini ham o‘qityapman. Ular nabira-o‘quvchilarim.
Raqobat bor joyda inson o‘z ustida ko‘proq ishlaydi. Shu bois, qahramonimiz o‘zini hamisha turli tanlovlarda sinab ko‘rishdan chekinmaydi. Har yili “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” tanlovida qatnashib, yaxshi natijani qo‘lga kiritib keladi. O‘tgan yili ham Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan Ustoz – 2020 tanlovida ishtirok etgan 13 000 nafar ishtirokchi orasidan saralangan 150 nafarlik mahoratli pedagoglar safidan o‘rin olib, XTVning Tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
— Mastura maktabimizning faxri. Uning o‘quvchilari 4-sinfni bitirayotgan chog‘ida o‘qituvchilar tomonidan talash bo‘ladi, — deydi maktabning matematika fani o‘qituvchisi Bashorat Jabborqulova. — Chunki u ta’lim bergan bolalar o‘ta harakatchan, bilimga tashna, tartib-intizomli bo‘lishadi. O‘quvchilarida bunday sifatlarni shakllantirish uchun Mastura ular bilan tinimsiz ishlaydi. Interfaol metodlar, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, kitobxonlik bellashuvlari vositasida o‘g‘il-qizlarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirib boradi. Mastura yangilikka intiluvchan, tashabbuskorlikda barcha o‘qituvchilarga o‘rnak bo‘luvchi ustoz. Biror ishga qo‘l urdimi oxiriga yetkazmay qo‘ymaydi. Unga havas qilib kelajakda o‘qituvchilikni tanlagan o‘quvchilari juda ko‘p. Mana hozirda maktabimizda uning 20 nafardan ortiq shogirdlari o‘zi bilan bir safda yosh avlodga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Shogirdlar Mastura Yodgorovadan hamisha kasbiga bo‘lgan sadoqat, har qanday mashaqqatli vaziyatga yo‘l topish sirlarini, muallim shaxsi qanday bo‘lishi kerakligini o‘rganadilar.
Zilola MADATOVA