O‘zagimiz — yaxshilik
O‘zagimiz — yaxshilik
Bagʻrikenglik, sabr-qanoat, yaxshilik va toqatlilik kabi qadriyatlar din, eʼtiqod, millat va makon tanlaydimi?
— Kasalxonangizda oʻtgan ikki oy men uchun ajoyib kashfiyotlar pallasi boʻldi!
—Xoʻsh, nimalarni kashf qildingiz?
— Abadiyat qonunini!
— Nimani?!, qayta soʻradi professor hayron boʻlib.
— Abadiyat qonunini!, takrorladi Bachana.
— Hmm... U holda bu qonunning formulasi ham boʻlishi kerak, shunday emasmi?
— Albatta!
— Balki, meni ham tanishtirarsiz oʻsha formula bilan. Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, Bachana Akakiyevich, kashfiyotingizni oʻzimniki qilib olish yoki unga sherik boʻlish niyatim yoʻq, hazillashdi professor.
— Bu qonunning mohiyati shundan iboratki, Nodar Grigoryevich... insonning yuragi uning tanasidan yuz barobar ogʻirroq... shu darajada ogʻirki, uni bir kishi koʻtara olmaydi. Binobarin, biz, odamlar, toki tirik ekanmiz, bir-birimizga yordam berishimiz, bir-birimizning yuragimizga madad boʻlishga harakat qilishimiz kerak. Siz menga, men-unga, u esa boshqa birovga, shu tariqa uzluksiz davom etishi lozim...
Bu oʻqiganingiz gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni” romanidan parcha.
Bu qonunni millati va eʼtiqodidan, diniy qarashlaridan qatʼiy nazar hamma, har doim qoʻllashi, insoniyat bir-biriga madad boʻlishi, toki tirik ekan bir-biriga yordam qoʻlini choʻzishi kerak.
Bu qonunga amal qilib yashayotganlar esa oramizda. Ularning dini va millati turfa ammo maqsadlari mushtarak.
“Bagʻrikenglik, sabr-qanoat, yaxshilik va toqatlilik – bu qadriyatlar din, eʼtiqod, millat va makon tanlaydimi?”, deb savol beraman suhbatdoshimga.
— Yoʻq tanlamaydi, deb soʻz boshlaydi u. – Va oʻz fikrlarini quyidagi voqea bilan davom ettirdi. — Hozirgi kunda baʼzi bir OAVlar koʻpgina terrorchilik yoki bosqinchilik harakatlarini islom dini bilan bogʻlamoqda. Aslida butun dunyoda odamzot uchun yaxshilik va ezgulik, sabr-qanoat va toqatlilik, oʻzgalar fikrini va eʼtiqodini hurmat qilish kabi tushunchalar dinga bogʻlanmagan. Hamma dinda umuman jamiyatimizda faqat yaxshilik, yaxshilik va yaxshilik qilish tilga olinadi. Hayotning koʻp qiyinchiliklarini boshidan kechirgan, boshqa din vakillaridan yaxshilik koʻrib, ular bilan doʻst-u qadrdon boʻlib yashayotgan kishilar hamma joyda bor. Masalan, ikkinchi jahon urushini yodga olaylik. Temirchi Shomahmudovlar oilasi 14 nafar turli millat vakillarini farzandlikka olib, ularni yedirib-ichirgan, tarbiyalagan. Sof oʻzbekona ibora bilan aytsak, “elga qoʻshgan”. Bu biz bilgan, nomi tarixga kirgan oila. Bu kabi fidoiylikni boshqa hududlarda ham amalga oshirishgan, deydi Uchkoʻprik tumanida yashovchi, nafaqadagi oʻqituvchi Mahbubaxon Shokirova.
Uning aytishicha, uzoq yillar tumandagi 29-maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib mehnat qilgan. Oʻsha yillarda tumanda turli millat vakillari ahil-inoq yashaganligini, barchalari bir oila farzandidek umrguzaronlik qilishganligini aytib oʻtdi.
— Bizning maktab tuman markazida joylashganligi uchun rus, tatar, mesxeti turklar, ozarbayjon va arman, koreys, yahudiy millatiga mansub oʻquvchilar ham oʻqirdi. Ularning tili oʻzbekcha chiqqan, oʻzbek maktabida oʻzbek oʻqituvchilaridan saboq olgan. Yoki aksincha, tumandagi 28-maktab rus tilida taʼlim beriladigan oʻquv muassasasi edi. Oʻsha yerda bir nechta boshqa din va millatdagi oʻqituvchilar oʻzbek bolalariga bor bilim va mehrini ayamay bilim bergan. Ularni oʻz bolasidek avaylab, mehr koʻrsatgan. Biz bilan ham doʻstona muloqotda boʻlib, fikr-mulohaza, tajriba almashib turgan. Hozirgi kunda Uchkoʻprikdagi koʻpgina oʻrta yoshli kishilarning rus tilini yaxshi bilishi oʻsha paytdagi taʼlimning, oʻsha davrlarda ishlagan Valentina Atajanova, Vitaliy Ni, Nadejda Vdovina, Tamara Kuzmina, Yelena Rostovtva, Alfiya Sharifjanova, Idris Melzeddinov, Mixail Tevosyan, Nurlan Tulin, Samoil Velinskiy, Valentina Teplova, Svetlana Soy kabi turli millatga mansub oʻqituvchilarning mehnati mahsulidir.
Buvayda tumanining Jaloyer qishlogʻida yashovchi tadbirkor Raʼnoxon Usmonova oʻzga millat vakili boʻlgan oʻz ustozi Saodat Yakubova haqida mehr bilan soʻzlab berdi. — Menga tadbirkorlik sir-asrorlarini oʻrgatgan inson shubhasiz, Saodat xolamdir. Tatar millatiga mansub bu ayolning bolaligida, ayni urush yillarida Oʻzbekistonga ota-onasi bilan surgun qilishgan. U oʻzbeklardan juda koʻp yaxshiliklar koʻrib, Yangiqoʻrgʻon qishlogʻida katta boʻlgan. Tadbirkorlik bilan shugʻullanib, tumanning eng oldi ishbilarmon kishilaridan biriga aylangan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan yillarda barcha tatar millatiga mansub kishilar oʻz tugʻilgan vatani, tarixiy makoniga qaytib ketgan. Uning akasi Fevzi Yakubov ham tarixiy vataniga qaytgan. Qrimda yashab, oliy maʼlumot olib, ilmiy ishlanishlar olib borib, professor unvoniga erishgan. Qrim davlat muhandislik-pedagogika instituti rektori vazifasida ishlagan. Ana shu davrlarda ham u oʻz singlisi Saodatni Qrimga chaqirgan. “Kel, bu yerda hech qanday qiyinchiliksiz, qarindosh-urugʻlar, doʻst-u yorlar bagʻrida yashaysan, yaqinlar sogʻinchi bilan qiynalmaysan” degan. Ammo xola “meni shu xalq boqdi, katta qildi, oʻqitib, mana endi uyining toʻridan joy berib, izzat-hurmat koʻrsatyapti. Mening qarindosh-urugʻim, yaqinlarim, jigarlarim shular. Bu bagʻrikeng xalqni tashlab keta olmayman”, deb umrining oxirigacha Yangiqoʻrgʻonda yashadi.
U bir nechta oshxonalar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari, oziq-ovqat doʻkonlari, non ishlab chiqarish sexiga asos solib, bir necha oʻnlab odamlarni ish bilan taʼminladi. Kimki yordamga muhtoj boʻlsa beminnat yordam berdi. Saxovatini ayamadi. Biz kabi shogirdlar tarbiyaladi. Tadbirkorlikning sir-asrorlarini erinmay oʻrgatdi , deydi Raʼnoxon Usmonova.
Saodat Yakubova umr boʻyi oʻzbeklardan minnatdor boʻlib, ulardan koʻrgan yaxshiliklarini qaytarishga urinib yashadi.
Biz u millat yomon , bu millat yaxshi yoki falon dinga eʼtiqod qiluvchi odam yaxshi-yu bu dinga eʼtiqod qiluvchi odamlar yomon degan fikrga kelmasligimiz kerak. Boshqa dinlarning kitoblarida ham “Yaxshilik qilish qoʻlingdan kelsa, muhtojlardan yordamingni ayama”, “Oʻzingda bor boʻlsa, qoʻshningga “kechroq kel”, “ertaga beraman”, deb aytma”, “Senga ishonib, yoningda tinchgina yashayotgan qoʻshningga qarshi yomon niyat qilma”,” Senga yomonlik qilmagan odam bilan sababsiz urishma”, “Zoʻravonga hasad qilma, u qiladigan ishlarni qilma”,”Chunki Egamizga yovuzlar jirkanchdir, U toʻgʻri odamga yaqin boʻladi” degan soʻzlarni oʻqishimiz mumkin.
Yuqorida aytganimizdek, makon va zamon tanlamaydigan xislatlarning oʻzagi yaxshilikdir. Boshqalarning fikrlariga toqatlilik, sabr-qanoatlilikdir.
Sharifa MADRAHIMOVA,
jurnalist.