O‘zbek tili haqida aql bovar qilmas dalil
O‘zbek tili haqida aql bovar qilmas dalil
yoki muhtasham kashfiyot
Muqaddima
2020-yilda ToshDO‘TAU va TerDU tadqiqotchilari Shahlo Hamroyeva, O‘ral Xoliyorov va Gulhayo Abdualimovalar tomonidan “O‘zbek tilining fe’l shakllari lug‘ati” yaratildi. Lug‘at tilimizda tarjima, imloviy tekshiruv, morfologik avtomatik analizator va boshqa kompyuter dasturlari yaratishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etadi. Tilimiz grammatik lug‘atlarining tuzilmaganligi sababi o‘zbek tili morfologik tizimining juda murakkabligi va morfologik shakllarning miqdori juda ko‘pligi edi. An’anaviy kartochka usulida bunday dalillarni to‘plash va tartiblash uchun bir kishining umri yetmaydi.
Aksariyat rivojlangan mamlakatlar tillarining har birida ko‘plab grammatik lug‘atlar yaratilgan. Ayniqsa, ingliz va rus tili bu borada yetakchi hisoblanadi. Masalan, birgina rus tilining o‘zida o‘nlab grammatik lug‘at tayyorlangan va bu jarayon hali ham davom etmoqda.
Rus tilida alohida fe’l turkumining ham grammatik shakllari lug‘ati yaratilgan. Masalan, A.P.Okunyeva rus tilidagi 4000 fe’lning 60000 fe’l shakllari to‘plangan lug‘at tuzgan. V.D.Tolmachyova esa fe’l shakllarining o‘quv lug‘atini nashr ettirgan. Yana birgina fe’llarning shakllari bo‘yicha turli xil variantlarda yaratilgan lug‘atlarning ro‘yxatini davom ettirish mumkin.
Bu lug‘atlarning barchasi elektron ko‘rinishga keltirilgan, foydalanish uchun turli kompyuter dasturiy ta’minotlari ishlab chiqilgan. Ushbu lug‘atlar elektron orfografik tekshiruv, tarjima dasturlari, avtomatik morfologik shakllarni aniqlash (morfoanalizator) tizimlari, korpuslar uchun ma’lumotlar bazasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbek tilida so‘zlarning morfologik shakllari tizimi murakkab va miqdori juda ko‘p. Ayniqsa, fe’l so‘z turkumi shakllari alohida ahamiyatga ega. Shuning uchun A.Po‘latov o‘z kitobida shunday yozadi: “O‘zbek tili grammatikasi (yuqorida ko‘rsatilgan tizimda) to‘la o‘rganib chiqilmagan, ya’ni sistemalashtirilmagan, formallashtirilmagan. Masalan, ot va boshqa turkumlarga oid so‘z shakllar, gap konstruksiyalari to‘liq ro‘yxatga olinmagan (masalan, o‘zbek tilida birgina ishlamoq fe’lining shakli taxminan 100 000 dan oshadi, ingliz tilida esa taxminan 150 tagina shakli mavjud, xolos)”. Bular haqidagi ma’lumotlar A.Po‘latov, T.Mo‘minova, I.Po‘latovalar qalamiga mansub “Dunyoviy o‘zbek tili. O‘zbek tilida fe’l shakllari va ularning rus, ingliz tilidagi ko‘rinishlari” (Toshkent: Universitet, 2003) asarida keltirilgan. Ko‘rinadiki, o‘zbek tilidagi morfologik shakllar boshqa tillarning grammatik shakllaridan batamom farq qiladi, juda boy imkoniyati, kombinatsiyalarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
O‘zbek tili fe’l shakllarining morfologik lug‘atini yaratishda o‘zbek tilida mavjud grammatik shakllar va ularning barcha o‘rinlarini aniqlash, har bir shaklning grammatik tarkibi, grammatik morfemalarning modelini ko‘rsatish maqsad qilib olinadi. Maqsadni amalga oshirish, amaliy tadqiq uchun lug‘at mualliflari fe’l shakllarining morfologik lug‘atini tuzdi. Albatta, bunday morfologik lug‘at nafaqat ta’limiy korpusning ma’lumotlar ombori, balki kelajakda o‘zbek tili milliy korpusi morfologik tavsiflash dasturini, morfologik analizatorini ishlab chiqishda asosiy lingvistik ta’minot bo‘lib xizmat qiladi.
Lug‘at qanday tuzildi?
Statistik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, o‘zbek adabiy tilida 4000 tacha fe’l mavjud. O‘zbek tilida bir fe’lning morfologik shakllari haddan ziyod ko‘p bo‘lgani uchun boshqa tillardagi grammatik lug‘atdan farqli o‘laroq, faqat bitta fe’l tanlandi. Shu bitta fe’lning shakllari o‘zbek tili imkoniyati naqadar boy ekanligini ochib beradi, qolaversa, boshqa fe’llarning shakllari uchun ham asos bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbek tilidagi fe’l shakllarining miqdori haqidagi fikrlarni A.Po‘latovning kitobidan boshqa hech bir manbada kuzatmadik. Lekin lug‘atni tuzish jarayonida bu miqdorni keltirib chiqarish yo‘li o‘zini unchalik oqlamasligi, miqdori ham to‘g‘ri emasligi, barcha fe’llar uchun bir miqdorni belgilash xato ekanligi ko‘rinib qoldi.
Avvalo, morfologik shakllarni o‘rganishda bitta fe’lni tanlash borasida mualliflar shunday yozadi: “O‘zbek tilida fe’l shakllarini ko‘rsatish uchun misol sifatida ishlamoq fe’li olindi. Fe’lning ba’zi shakllarini berishda, muvofiq kelishiga qarab, boshqa fe’llardan (masalan, yuvinmoq, o‘qimoq, sevinmoq kabi) ham foydalanildi”. Bu asarda qayd etilgan shakllar faqat bitta fe’lga tegishli emasligini ko‘rsatadi.
Yuqoridagi manbada fe’l shakllarining o‘zgarishiga fe’ldagi quyidagi zaruriyatlar keltiriladi:
• gapdagi vazifasi;
• gapning qaysi turida ishlatilayotganligi;
• qaysi maylda ishlatilayotganligi;
• qaysi zamonda ishlatilayotganligi;
• qaysi nisbatda qo‘llanilayotganligi;
• qaysi yordamchi fe’llar bilan kelishi;
• qaysi yuklamalar bilan ishlatilayotganligi.
Ushbu grammatik vositalarning turli kompozitsiyalaridan, ya’ni qurshovi orqali 583 ta shakl keltirib chiqarilgan. Bu o‘rinda hali harakatning kuchli yoki kuchsiz darajasini bildiruvchi vositalar, vazifa shakllariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan egalik, kelishik, son qo‘shimchalari kabi vositalarning birikishi hisobga olinmagan.
Fe’l shakllari hisoblanishi
I. Darak gaplar.
Fe’l shakllarining umumiy sonini hisoblashda bevosita kitobga asoslaniladi, chunki kitobda keltirilgan tartib raqami bo‘yicha amalga oshirilgan.
• 254-raqamgacha ijro maylli fe’l shakllari keltirilgan;
• 299-raqamgacha shart maylli fe’l shakllari (ergash gaplar 45 ta, bosh gaplar 30 ta) keltirilgan, ya’ni 254+45+30=329;
• 329 x 28 (ko‘makchi fe’llar) = 9212;
• 9212 x 6 (shaxs-son turlanish) = 55272;
• Buyruq maylidagi fe’l shakllari 49 ta:
• 49 x 28 = 1372;
• 55272 + 1372 = 56644.
Jami: darak gaplardagi barcha fe’l shakllari soni 56644 ta.
II. So‘roq gaplar.
Agar ijro maylida 254 ta x 2 (-mi, -chi yuklamalarni inobatga olsak) = 508;
• shart maylida esa 75 x 2 =150;
• buyruq maylida 49 x 2 = 98;
• 508+150+98=756.
Jami: demak, so‘roq gaplarda 21168.
Shaxssiz fe’llar (bu yerda mayl yo‘q, shuning uchun alohida hisoblanadi):
Sifatdosh (bu taxminiy hisoblanadi, chunki sifatdoshning ba’zilariga ko‘makchi fe’l qo‘shib bo‘lmaydi):
55 x 28 = 1540.
Ravishdosh hammasi bo‘lib 95 ta (ko‘makchi fe’l bilan).
Modal so‘zlar (kerak, lozim, mumkin kabilar):
6 x 28=168
1540+95+168=1803,
Jami: 1803.
III. Inkor gaplar.
Darak gaplardagi fe’l shakllarini 2 ga ko‘paytirsak, barcha inkor gaplar soni hosil bo‘ladi.
Barcha fe’llar ko‘rinishlarining umumiy soni:
56644+21168+1803 = 79615 (inkor gaplarni qo‘shmaganda).
Endi inkor gaplarni hisoblaymiz:
329+49=378 x 28 = 10584
10584 x 2 = 21168
1803 x 2 = 3606
Bularning hammasini qo‘shamiz:
21168+3606=24774
Jami: 79615+24774=104389 (inkor gaplarni qo‘shganda).
Lekin ba’zi inkor shaklni yasovchilar universal bo‘lmagani uchun umumiy holda barcha fe’l ko‘rinishlari miqdorini
100 000 ta deb olamiz.
Manbada, avvalo, shaxs-son shakllari bilan tuslanmagan, ko‘makchi fe’llarsiz 329 ta shakl hosil qilingan va 28 ta ko‘makchi fe’lning barchasi yuqoridagi fe’lga qo‘shila oladi, degan nazar bilan ko‘paytirilib, 9212 ta shakl kelib chiqishi hisoblab topilgan. Lekin 28 ta ko‘makchi fe’l yetakchi fe’l bo‘lib kelgan fe’lning barchasiga qo‘shilib ketavermaydi. “Ko‘makchi fe’llarning qo‘llanish doirasi har xil. Ayrim ko‘makchi fe’llar juda ko‘p fe’l doirasida qo‘llana olsa, ba’zilari kam fe’l bilangina birika oladi”. Yetakchi fe’llarning ko‘makchi fe’lga birika olish miqdorini aniqlash maqsadida ko‘p qo‘llanuvchi o‘nta fe’l ( yuv, kiy, o‘t, chiq, ich, o‘qi, ye, ishla, to‘xta, angla ) olindi. 28 ta ko‘makchi fe’lning -a/y, -b/ib shakllari bilan birikish imkoniyatidan kelib chiqib, 34 xil shaklga( +b ber/+ib ber, +y ber/+a ber, //+yver/+aver, +y ol/+a ol, //+yol/+ol, +y bil/+a bil, +b bit/+ib bit, +b bitir/+ib bitir, +b bor/+ib bor, +y bor/+a bor, +b kel/+ib kel, +y kel/+a kel, +y boshla/+a boshla, +b boq/+ib boq, +b ko‘r/+ib ko‘r, +b qara/+ib qara, +b bo‘l/+ib bo‘l, +b yet/+ib yet, +yoz/+ayoz, +b yot/+ib yot, +b tur/+ib tur, +b o‘tir/+ib o‘tir, +b yur/+ib yur, +b ket/+ib ket, +y ket/+a ket, +b sol/+ib sol, +a sol, +b tashla/+ib tashla, +b yubor/+ib yubor, +b chiq/+ib chiq, +b tush/+ib tush, +b o‘l/+ib o‘l, +b o‘t/+ib o‘t, +b qol/+ib qol, +y qol/+a qol, +b qo‘y/+ib qo‘y ) biriktirib ko‘rildi va quyidagi natija hosil bo‘ldi:
Yetakchi o‘nta fe’lda quyidagicha holat yuzaga keldi: yuv – 16, kiy – 16, o‘t – 12, chiq – 12, ich – 19, o‘qi – 20, ye – 18, ishla – 12, to‘xta – 9, angla – 5 ta ko‘makchi fe’lga birika oldi.
Yuqoridagi birikishlar yanada chuqurroq o‘rganib chiqilsa va tadqiq etilsa, vaziyat yana o‘zgarishi mumkin. 1-jadvaldan ko‘rinib turibdiki, 4-5 ko‘makchi fe’lgina universal, ya’ni deyarli barcha yetakchi fe’llarga birika oladi.
Fe’lning grammatik shakllarini ko‘rib chiqishda asosiy o‘rinni egallovchi nisbat qo‘shimchalari ham turli fe’lga turlicha qo‘shiladi. Masalan, yuqoridagi o‘nta fe’lga nisbat qo‘shimchalarini biriktirib ko‘rish orqali dastlabki xulosalarni chiqarish mumkin. Dastlab nisbat qo‘shimchalarining 1 talik, 2 talik, 3 talik va
4 talik qo‘llanishlarini aniqlab olamiz. Amaliy izlanishlar shuni ko‘rsatdiki, nisbat qo‘shimchalarining alohida, birgalikdagi kompozitsiyalarining barchasi 62 xil shaklga ega. Vositalarning barchasini biriktirib ko‘rilsa, nisbat qo‘shimchalarining turli qurshovidan hosil bo‘lgan 62 xil shakldan quyidagi birikishlarni olish mumkin: yuv – 15, kiy – 23, o‘t – 12, chiq – 8, ich – 13, o‘qi – 12, ye – 17, ishla – 13, to‘xta – 14, angla – 14 ta.
Umuman olganda, boshqa grammatik vositalar ham fe’llarga turli xilda qo‘shiladi. Fe’llar morfologik shakllarining miqdorini belgilashda bir qancha fe’l ko‘rinishini aniqlab, qolganini ko‘paytirish yo‘li bilan hosil qilib bo‘lmaydi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, fellarning grammatik shakllari bir-biridan o‘zgacha miqdorga ega va bu miqdorni aniqlash uchun har bir fe’l nuqtayi nazaridan alohida tekshirish kerak bo‘ladi. Izlanish natijalari esa, elektron lug‘at, ta’limiy korpus, turli lingvistik dasturlar, orfografik tekshiruv, tarjima dasturlari uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Bu til imkoniyatining bir tomonini, sir-sinoatini yaqqol namoyon qiladi.
O‘zbek tilida bir paytning o‘zida umumiy grammatik lug‘atni tuzish mushkul vazifa. Chunki yuqoridagi shakllarning turli kombinatsiyalari va miqdorining ko‘pligi bunga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun, avvalo, grammatik shakllarni eng ko‘p qabul qiluvchi fe’l so‘z turkumiga oid har bir so‘zning morfologik shakllari lug‘atini tuzish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
Lug‘at uchun asos qilib “kiy” fe’li tanlandi. Chunki bu fe’l boshqa fe’llarga qaraganda ko‘proq nisbat shakllarini hamda ko‘makchi fe’llarni qabul qila oladi.
Mazkur bir fe’lning morfologik lug‘atini tuzishda grammatik shakllar quyidagi tartibda to‘plab chiqildi. Avvalo, miqdori juda ko‘p bo‘lgan zamon qo‘shimchalari yig‘ildi. O‘tgan zamon – 16 ta (variantlari bilan 22 ta), hozirgi zamon – 18 ta (variantlari bilan 25 ta), kelasi zamon – 15 ta (variantlari bilan 19 ta) qo‘shimchani tashkil etdi. Demak, zamonning o‘zida jami 49 ta (variantlari bilan 66 ta) shakl mavjud. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarda yuqoridagi shakllarning yarmi ham keltirilmaydi. Negaki, asosan, sintetik shakllar kiritilgan. To‘liqsiz fe’llar bilan shakllangan zamon qo‘shimchalari deyarli olinmagan. Lug‘atga barcha to‘liqsiz fe’llar bilan hosil qilingan zamonlar kiritilgan. Juda kam ishlatiladigan shakllarni ham to‘liqroq qamrab olishga harakat qilingan. Chunki keyinchalik ushbu lug‘atlar asosida tuzilgan morfoanalizatorlar har qanday matnning morfologik shakllarini aniqlay olishi kerak. Morfoanalizator faqat yozma matnni emas, og‘zaki nutqni ham tahlil etishga mo‘ljallanadi.
Lug‘at tuzishda shunday holatlarga duch kelindiki, zamon qo‘shimchalari bilan, umuman, boshqa qo‘shimchalar bilan ham yasaladigan ba’zi so‘zshakllar tilimizning morfologik qonuniyati asosida hosil qilingan bo‘lsa-da, hali deyarli ishlatilmagan. Lug‘atga bunday shakllar ham kiritildi. Chunki bu lug‘at ham yozma, ham og‘zaki nutqni, shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi yoki ba’zi hududlardagi nutqiy holatlarni ham tahlil qilish uchun ma’lumotlar ombori vazifasini o‘tashi lozim. Masalan, kiyyapti emishmiz, kiyyapti emishsiz(lar), kiyyapti emish(lar), kiyyaptimishman, kiyyaptimishsan kabi. Yana shunday holatlar borki, shaxs son-qo‘shimchalari zamon hosil qilgan to‘liqsiz fe’ldan oldin keladi: kiyyapman ekan, kiyyapsan ekan, kiyyapmiz ekan kabi (kam qo‘llanadi, lekin tilimizda mavjud).
Ushbu zamon qo‘shimchalaridan ko‘rinadiki, faqat shu shakllardan fe’lning 66 xil ko‘rinishi hosil bo‘ladi.
So‘ngra har bir zamon qo‘shimchasidan keyin shaxs-son qo‘shimchalari biriktirildi. 66 shaklga 6 xil shaxs-son qo‘shimchalari biriktirilishi natijasida 396 xil ko‘rinish yuzaga keldi. Keyin jarayon davom ettirilib, mayl qo‘shimchalari, vazifa shakllari, ba’zi murakkab shakllar biriktirildi. Vazifa shakllarining egalik va kelishik qo‘shimchalarini qabul qilish imkoniyatiga qarab ular ham shakllantirildi. So‘ngra bo‘lishsiz shakllarining -ma, yo‘q, emas vositalari yordamida fe’lning inkor shakli hosil qilindi. Natija shunday bo‘ldiki, zamon, mayl, shaxs-son, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, vazifa shakllarining aniq nisbatda kelish ko‘rinishlari variantdoshlari bilan 1702 xil (variantdoshlar hisobga olinmaganda 1451 xil) morfologik shaklni hosil qildi.
Ushbu shakllarni boshqa fe’llar ham turlicha qabul qiladi. Har xil fe’l nisbat, zamon, mayl, shaxs-son, bo‘lishli-bo‘lishsizlik, vazifa shakllarining valentlik
imkoniyatlariga ko‘ra turli nisbatga bog‘lanadi, ya’ni 4-5 ming shakldan 30–35 ming morfologik shaklgacha ko‘rinishni hosil qiladi.
O‘zbek tilining morfologik lug‘ati shunday ko‘rinishda bo‘ladi: birinchi ustunda fe’l shakli, ikkinchi ustunda uning grammatik shakllari pozitsiyasi, uchinchi ustunda shu grammatik shaklning formulasi keltiriladi. Grammatik shakllarning tartibi va ular orasidagi nol shakl batafsil ko‘rsatiladi; uchinchi ustundagi formulada esa teg, ya’ni grammatik shaklning belgilari ifodalangan bo‘ladi.
O‘zbek tili morfologik lug‘atining bunday ko‘rinishi kelajakda o‘zbek tili milliy korpusi uchun morfologik teglash dasturi hamda tabiiy tilga avtomatik ishlov
berish dasturlari: morfologik analizator, semantik analizator, orfokorrektorlar ishlab chiqishda lingvistik ta’minot hamda teglar tizimi sifatida xizmat qiladi.
Yuqoridagi tavsiflangan “kiy” fe’lining 29 ming morfologik shakli ko‘makchi fe’l bilan ham birika oladi. Buning uchun 28 ta ko‘makchi fe’lning 34 shakli (varianti bilan 36) borligi aniqlandi. Keyin ko‘makchi fe’llarning 2 talik, 3 talik qo‘llanuvchi 200 dan ortiq ko‘rinishidan baza tayyorlandi. Ulardan 19 ko‘makchi shaklni “kiy” fe’li qabul qila olishi aniqlandi. Avvaldan tayyorlangan 29 ming shaklga biriktirib ko‘rilganda o‘rtacha har bir ko‘makchi shakldan 15 ming shakl hosil bo‘lib, bir qismida g‘alizlik paydo bo‘ldi. Demak,
19 x 15000 = 285000 morfologik shakl yuzaga keldi. 29 shakl 285 ming shakl bilan birga 314 ming grammatik shaklni hosil qiladi.
Demak, birgina “kiy” fe’li 300 mingdan ortiq ko‘rinishga ega. Lug‘at tuzuvchilari hali ularga yuklamalarni qo‘shishmagan. “Kiy” fe’li 300 ming shaklining har biri, deylik, -mi so‘roq yuklamasini oladi. Demak, 300 ming shakl 600 mingta bo‘ladi. Shunday qilib, o‘zbek tilidagi bir fe’lning 300 ming shakli 20 dan ortiq yuklamani qabul qiladigan bo‘lsa, natijaviy hisob-kitobni o‘zingiz chiqaravering. Ko‘zlaringizga ishonmayapsizmi? Ishonavering, buni statistik tadqiqotlar ko‘rsatmoqda. O‘zbek tili ana shunday behad cheksiz
imkoniyatga ega. Demak, “O‘zbek tilining morfologik shakllari lug‘ati” yuzlab jildli ulkan kitoblardan iborat bo‘ladi.
Bu lug‘at nima uchun kerak?
Fe’l shakllarining morfologik lug‘ati, dastlab, bir fe’lning turli morfologik shakllarini qamrab olgan va quyidagi maqsadlarni ko‘zda tutadi:
• o‘zbek tilining grammatik boy imkoniyatlarini ko‘rsatib berish;
• zamon, shaxs-son va maylning nisbat, tasdiq-inkor, vazifa shakli, ko‘makchi fe’l bilan hosil qiladigan pozitsiyalarini kuzatish uchun manba tayyorlash;
• so‘zshaklning morfem tarkibini ajratib berish;
• so‘zshaklning morfem tarkibi tuzilishining modelini ishlab chiqish;
• ta’limiy korpus, milliy korpus, avtomatik morfologik analizatorlar, tarjima, avtomatik imloni tekshiruvchi dasturlar uchun lingvistik baza tayyorlash.
Baxtiyor MENGLIYEV,
filologiya fanlari doktori, professor