O‘zbekistonlik ekanimdan faxrlanaman
Mahallamizdagi bir kishining Arabistonda qarindoshlari bor ekan. Besh-olti yil avval o‘sha qarindoshi mehmonga kelibdi. Bomdod namozini o‘qigach, tonggi havodan bahramand bo‘lish uchun ko‘chaga chiqibdi. Qarasa, yon qo‘shnining kelini ariqda oqib turgan suvdan olib, shakarob qilib sepayotgan ekan. Mehmon dastlab bu holatning sababini tushunmabdi. Hayrat va taajjub aralash izoh so‘rabdi. Mezbon supurilayotgan yer changimasligi uchun suv sepilishi lozimligini tushuntirishga urinibdi. Ammo mehmon buni sira qabul qila olmasmish.
— Evoh! Nahotki, shundoq zilol suvni yerga to‘kib yuborish mumkin bo‘lsa?! – debdi u ko‘zlarida jaldir-jaldir yosh bilan.
Qarangki, biz uchun oddiy-odatiy hisoblangan hodisa – ariqlarda suvning oqib yotishi kimlardir uchun chinakam mo‘jizaning o‘zginasi ekan!
Yaponiyaga borgan o‘zbekistonlik sayyoh nedir sabab bilan dorixonaga kiribdi. U yerda maxsus qutiga solingan qimmatbaho doriga ko‘zi tushibdi. U yerda yurak dorisi sifatida e’zozlanib, antiqa qutichalarga joylangan o‘sha malham bir dona o‘zimizning subhon o‘rigi ekan!
Aslida har birimiz kunda-kunora bu kabi ajoyib voqealarga duch kelishimiz aniq. Lekin ko‘p hollarda ular zamiridagi ma’no-mazmunga e’tibor qaratavermaymiz. Yurtimiz tabiati va uning bebaho ne’matlarini qadrlashning uddasidan chiqavermaymiz. Atoqli shoirimizning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” degan savolini o‘zimizga berib ko‘rsak va uning asl javobini izlasak, shu javoblarning o‘zi tom-tom kitob bo‘lishi tabiiy. Mo‘tadil iqlimi, purviqor tog‘lari, yer osti va yer usti boyliklari, unumdor tuprog‘i, shifobaxsh suvlari sharqirab yotgan makonimizning “jannatmakon” deya ulug‘lanishi ham bejiz emas. Lekin Vatan faqat shu boyliklari tufayli suyumlimi? Yo‘q, albatta! O‘zbekistonni O‘zbekiston qilib turgan, uning shonu sharafini dunyo uzra taratayotgan asosiy omil – XALQdir. Ilm-fanda, adabiyot, san'at, sport va madaniyatda ilg‘or, shu bilan birga asriy qadriyatlarga ega millat ekanligimiz dunyo afkor ommasi tomonidan takror-takror e’tirof etiladiki, bugungi avlod ham ajdodlar nomiga munosib bo‘lmog‘i lozim. Shunday avlodni tarbiyalash esa biz – o‘qituvchilarning murakkab va muazzam burchimizdir.
O‘tgan yili qiziq bir voqea sodir bo‘ldi. O‘g‘limning Rossiyada ishlayotgan do‘sti uyga qaytmoqchi bo‘libdi. Qon-qarindoshlariga sovg‘a-salom olish uchun eng mashhur supermarketlardan biriga kiribdi. Sotuvchidan sovg‘a uchun munosib, sifatli va qimmatbaho buyumlardan ko‘rsatishini so‘rabdi. Sotuvchi uning iltimosini bajo aylab, qo‘liga juda bejirim liboslar to‘plamini tutqazibdi. Erkaklar ko‘ylagi, futbolka, sport formasi, sochiq, dastro‘mol kabi sovg‘alarning sifati, matosining asl paxtadan ekanligiga qiziqqan yigit buyumlarning yorlig‘ini qarasa, ular O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ekan!
O‘sha do‘sti o‘g‘limga nozik did bilan tikilgan futbolka, menga esa momiq sochiq hadya etdi. Har gal shu sochiqdan foydalanar ekanman, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan yorliq bilan yer kurrasi bo‘ylab tarqalayotgan mahsulotlarni ishlab chiqargan hamyurtlarimdan minnatdor bo‘laman.
Kumushxon JO‘RAYEVA,
Namangan tumanidagi
23-maktab o‘qituvchisi