“O‘zbekning hayosi sizda mujassam...”
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, yana yigirma yildan keyin yoningizda hamroh bo‘lib kimlar yoki nimalar qoladi? Boylik, turli taqinchoqlar, hattoki do‘stlar ham aslida omonat emasmi? Xo‘sh, eng ko‘p vaqt ajratadigan telefonlarimiz bizga sodiqlik qiladimi? Yo‘q, bunday bo‘lishiga hech kim kafolat berolmaydi. Hattoki, o‘zimiz ham kelgusidagi yigirma yil tugul, yigirma soniya ichida nimalar bo‘lishini bashorat qilolmaymiz. Illo, bir vafodorimiz borki, agar sog‘-salomat bo‘lsak, so‘nggi nafasimizga qadar bizga hamroh bo‘ladi. Bizni hech qachon tark etmaydi, sodiqligi uchun mukofot ham kutmaydi. Bu shubhasiz, olgan bilimlarimiz, egallagan malaka va ko‘nikmalarimiz, yillar davomida shakllangan ma’naviyatimizdir.
Ma’rifat targ‘ibotchisi
Mamlakatimizda ma’naviyat borasida havas qilsa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun ma’naviyat fidoyilaridan biri bo‘lgan ustozimiz, professor, Respublika “Ma’rifat” targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi, xalqaro spiker Jamila opa Shermuhammedova haqida hikoya qilmoqchimiz. Ustozimiz bundan yetmish yil ilgari qadim Buxoroning Qorako‘l tumanida tavallud topgan.
“Hamma yamoq ko‘rpalar meniki edi”
O‘ta kuchli tartib-intizom bilan o‘n ikki farzand tarbiya topgan oilaga o‘n birinchi bo‘lib qadam qo‘ygan, bolaligidan padari buzrukvori Toshpo‘lat ota tomonidan “professor qizim”, deya erkalangan, kechalari kitob o‘qiyman deb, qancha yangi ko‘rpalarga yamoq solinishiga sababchi bo‘lgan ma’naviyat targ‘ibotchisining bolalik davri chindan barchamizga qiziq. Yozganlarimizdan ko‘rpalarga yamoq solinishi degan joyini o‘qib, hayratlanishingiz tabiiy, albatta. Bu haqida Jamila opaning o‘zi shunday deydi: “Hech yodimdan chiqmaydi. Otam o‘qish uchun hammamizga kitob bo‘lib berardi. O‘shanda menga Tagorning “Halokat” asari berildi. Bir kitobni o‘qishga tushdimmi, uni tugatmaguncha qo‘limdan qo‘ymas edim. O‘sha vaqtlar kech soat 8-9 dan keyin elektr energiyasi butun tuman bo‘yicha uzib qo‘yilardi. “Halokat”ning eng qiziqarli joyiga kelganimda aksiga olib, yana chiroq o‘chdi. Hamma uyquga ketgan. Men ham uxlay deyman-u, kitob qo‘limda, xayolim undagi voqealarda… Hammaning uxlaganiga amin bo‘lgach, lampani yoqib, ustimga ko‘rpani yopib mutolaaga tushgandim. Kitobga berilib ketgandim, bir payt
kuyik hidini sezdim. Qarasam, lampaning olovidan ko‘rpam endi tutashni boshlagan ekan. Tez ustimdan ko‘rpani olib, lampani joyiga qo‘yib kelgandim. Bu hol ko‘p qaytarilardi. Uyimizda yamoq solingan ko‘rpa nechta bo‘lsa, hammasi meniki edi. Ammajonim “Bu yamoq ko‘rpalar Jamilaniki bo‘lsa kerak”, deb onamga hazil qilardi...”.
O‘quvchi ham o‘qituvchi
Maktab davrida juda qiziqarli, esda va qalbda qolarli voqealar ko‘p bo‘ladi. Hayotda o‘z o‘rnimizni topish uchun maktabda olgan bilimlarimiz, oilamizda ongimizga singgan tarbiyamiz muhim ahamiyat kasb etadi. Qahramonimiz professor Jamila Shermuhammedovaning erishgan natijalari, salohiyati, yuksak tafakkuri, boy ma’naviyati, qalb go‘zalligi uchun ham avvalo oila, so‘ngra maktab ta’lim-tarbiyasi negiz bo‘lgan, albatta. Ustozimiz o‘quvchilik kezlarini quvonch bilan eslaydi. Maktabga qaysidir o‘qituvchi kelmagan bo‘lsa, direktor “darsni Jamila qizim o‘tsin” deb aytar, matematikami, rus tilimi, biologiyami, qaysi bo‘lishidan qat’i nazar fan tanlamay Jamila opa darsga kirar, gohi tengdoshlariga, gohi kichik sinf, gohida katta sinf o‘quvchilariga ham mavzuni bir o‘qib olib, ustozlardek tushuntirib berar ekan. Hatto o‘sha paytlari ustozimizga tengdoshlari tomonidan “kichkina o‘qituvchi” degan nom berilgan ekan. Dono xalqimiz yaxshi niyat – yarim mol, deya bekorga ta’kidlashmagan. Ellik besh yil ilgari “kichkina o‘qituvchi” deb nom olgan ustozimiz chindan ham minglab shogirdlarga o‘qituvchi bo‘ldi. Faqat kichkina emas, katta yurakli, katta jasoratli, katta irodali ustoz bo‘ldi.
Butun dunyo a’lochilar anjumani
Jamila opa nafaqat maktabda a’lo o‘qigan, balki o‘z tashabbuskorligini oliy o‘quv yurtida ham namoyon qilgan. Toshkent davlat universitetida to‘rtinchi kursda o‘qib yurganida bir xabar universitet bo‘yicha shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Germaniyada butun dunyo a’lochilar anjumani o‘tkazilishi haqidagi xabar Jamila opani ham befarq qoldirmadi. Anjumanda qatnashishni chin dildan istagan talabaning niyati mustajob bo‘ldi. Germaniya minbarida o‘zbek qizi nutq so‘zladi. Ma’ruza tugashi bilan Jamila opani bir guruh chet elliklar qurshab, Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlari haqida so‘ray boshlashdi. Qizig‘i shundaki, ustozimiz ularga chet tillarida ulardan ham yaxshi gapirib, javob berardi. Butun dunyo anjumani ishtirokchilari o‘zbekistonlik a’lochi talabaning rus, ingliz, turk, fors, fransuz tillarida bemalol gaplasha olishini, teran, o‘tkir fikrlar bildirishini ko‘rib, hayron qolgan. O‘shanda anjuman qatnashchilari Jamila opani o‘z mamlakatlarida tashkil etiladigan xalqaro anjumanlarga, konferensiyalarga taklif etib qolishgan. Fidoyi ustozimiz shu kunga qadar juda ko‘p mamlakat minbarlarida nutq so‘zlagan. Jamila opa bilan suhbatlashganimda ayni damda nimalar bilan shug‘ullanyapsiz deya savol berdim. Ustoz ispan va italyan tillarini o‘rganayotgani haqida aytib qoldi. Professor, kuchli psixolog, xalqaro spikerning, eng asosiysi, yetmish yoshni qarshi olgan mo‘tabar o‘zbek onasining o‘qish va o‘rganishga bo‘lgan muhabbati o‘n sakkiz yoshli yoshlardan ham kuchli ekanligidan hayratda qoldim.
Ilm oilasi
Oila jamiyatning muhim bo‘g‘ini, Vatan ichidagi kichik vatandir. Jamila opaning Jamila Shermuhammedova bo‘lishi uchun mustahkam oila tirgak vazifasini o‘tagan. Oilada ishonch, samimiyat, muhabbat, mehr, tushunish, ardoqlash, qadrlash qadriyatlari shakllansagina baxtga erishib bo‘ladi. Jamila opaning oilasi haqiqiy ilm, ma’rifat oilasidir. Ustozimiz falsafa fanlari doktori, professor bo‘lsa, turmush o‘rtoqg‘i Rasiq Ilyas iqtisod fanlari doktori, professor. Ikki mukammal bilim va kuchli idrok egasi bo‘lgan professorlar ellik yildirki, baxt nimaligini bilib, boshqalarga ham bildirib yashashmoqda. Farzandlari Oydinxon Ilyosovaning tarbiyasi uchun chin yurakdan yondashganlar. Qizlari aspiranturani imtiyozli tugatib, bugun o‘z oilasida farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘libgina qolmay, ilm bilan ham shug‘ullanyapti. Uch nabirasi Saidikrom, Saidemir, Taminaxonlar “Jamila onamizday kitobni sevamiz” shiorini maqsad qilib olishgan. Qadrli gazetxon, ustoz haqida yozyapman-u, baxtli, ilmli, zakovatli oilaga havasim kelyapti. Sizning-chi..?
Shermuhammedovlar shajarasi
Qahramonimizning o‘n ikki farzanddan biri ekanligini aytgan edim. Shermuhammedovlar oilasining suyanch tog‘lari bo‘lgan o‘sha o‘n ikki farzanddan biri akademik, yana biri doktor, biri iqtisodchi bo‘lsa, biri muhandis, professor, xullas xalq, millat va Vatan xizmatidagi fidoyilardir. Oila yutuqlaridan deb qahramonimizning “Mehnat shuhrati” ordeni hamda kuni kecha Mudofaa vazirligining “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda faol ishtiroki uchun” ko‘krak nishoni bilan e’tirof etilganliklarini ham keltirishimiz mumkin. Inchunin, o‘zining sharafli shajarasiga ega bo‘lgan Shermuhammedovlarni Buxoroda, Qorako‘lda hamma taniydi, hurmat qiladi. Ayni kunlarda esa, Qorako‘l shahrida ushbu shajaraning muzeyi tashkil etilmoqda. Bu haqida Jamila opaning o‘zi shunday deydi: “To‘ng‘ich va undan keyingi akam ikkinchi jahon urushida qatnashib, Ukrainada qahramonlarcha halok bo‘lgan. Qolgan aka-opalarim ham katta ilmiy yutuqlarga erishgan. Ota uyim joylashgan ko‘chaga otajonimning nomi berilgan. Oilamizdan turli sohalar bo‘yicha mutaxassislar yetishib chiqqan. Shu sababli ham shajaramiz muzeyi tashkil qilinyapti. Bu uchun esa tashkilotchilarga alohida minnatdorchilik bildiraman”.
Biz ham jamiyatimizga, ma’naviyatimizga daxldor bo‘lgan, jonkuyar ustozimizga shunday samimiyligi va mehribonligi uchun rahmat aytamiz. Shu kunlarda Jamila opa muborak yetmish yoshni qarshi oldi. Ustozga uzoq umr va sihat-salomatlik tilaymiz.
Dunyoning zakosi Sizda mujassam,
O‘zbekning hayosi Sizda mujassam.
Muhtaram ustozsiz, mukarram ona,
Ajdodlar ziyosi Sizda mujassam.
So‘zingiz sehridan mehr olganmiz,
Har qatra ma’nosin dilga solganmiz.
Hikmatlar shodangiz taqib yurakka
Shogirdlar safida bo‘lib qolganmiz.
Siyrat-u suvrati go‘zal onasiz,
Vatan deb yashaysiz, yurt deb yonasiz.
Ezgulik qilasiz tinim bilmasdan,
Yaxshilik bobida Siz durdonasiz.
Yetmish yil ko‘rilgan
bahorlar haqqi,
Feruza oqshomlar, nahorlar haqqi.
Qadringiz osmonday
balanddir deyman,
Qancha qadrdonlar,
do‘st-yorlar haqqi.
Minglab bolalarning mehribonisiz,
Vatan iftixori, sharaf-shonisiz.
Yuragi Ollohda, qo‘li duoda,
O‘zbekning Jamila onajonisiz.
Onajon, sog‘ bo‘ling,
bizga tirgaksiz,
Siz xalqqa keraksiz, elga keraksiz.
Barcha tilaklarim atayman shodon,
Siz mehri ummonsiz, katta yuraksiz.
Yorqinjon HAYITBOYEV