ONA TILI TA’LIMIDA ORFOEPIYA MASALASI: Talaffuzda yo‘g‘on va ingichkalik muammosi
Ona tili ta’limida orfoepiyani o‘qitish masalasi ham muammoligicha avloddan avlodga o‘tib kelmoqda. Buning ayanchli tomoni shundaki, hatto ona tili va adabiyot o‘qituvchilari ham o‘zbek adabiy tili talaffuz qoidalarini to‘liq egallay olmayapti. Buning turli sabablari borligi tabiiy. O‘zbek tili uch lahjali til ekanligi, o‘qitish metodikasining takomillashmagani, sheva elementlaridan foydalanishning ustunligi kabi bir qator omillar mavjud. Bularning orasida eng muhimi, o‘zbek tilining o‘ziga xos tovushlariga mos grafemalarning belgilanmaganidir. O‘zbek tilida unli tovushlar soni alifbodagi harflar miqdoridan bir baravar ko‘p ekani ilmiy jihatdan asoslangan. Ammo hanuzga qadar tilimizga xos bo‘lgan tovushlar yozuvda o‘z ifodasini topmay kelmoqda.
Shu ma’noda, “Ma’rifat” gazetasining 9-sonida (2023-yil 1-mart) filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inomjon Azimovlarning “Jadidlar o‘zbek tilidagi unlilar haqida”, filologiya fanlari doktori Tursunali Jumayevning “O‘zbek adabiy tilida singarmonizm tarixiy an’ana sifatida”, tilshunos Jo‘ra Xudoyberdiyevning “Qatag‘on qilingan tovushlar qismati” kabi sarlavhali maqolalarida ko‘tarilgan masalalar yechimi ona tili o‘qitish metodikasi rivojiga ham ijobiy ta’sir qiladi.
Bu masalalar fonetika, orfoepiya o‘qitish borasidagi tizimli muammolar bilan ham uzviy bog‘langan. Har bir tilning orfoepiyasi bilan bog‘liq o‘ziga xosliklar mavjud, masalan, rus va boshqa roman-german tillari oilasiga kiruvchi tillarda yumshoqlik va qattiqlik xususiyatlari farqlanadi. Tovushlar so‘z tarkibida maxsus diakritik belgilar asosida yumshoq yoki qattiq aytilishiga ko‘ra xoslanadi.
O‘zbek tili uchun ham mazkur xususiyat tatbiq etiladi, ammo tilimizning o‘ziga xos aytilish mezonlari mavjud bo‘lib, mazkur holat 1920-yillarda Abdurauf Fitrat yaratgan darsliklarda uchraydi. Olimning “O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba”, “Sarf” kitobida fonetikaga oid ma’lumotlar ham berilgan. Mazkur qismda Fitrat nutq tovushlarini tavsiflab, ularni unli va unsiz tovushlar deb ikki guruhga ajratadi. Olim unlilarni 9 ta, unsizlar sonini esa 23 ta deb keltiradi. Shundan so‘ng tovush o‘zgarishlariga to‘xtalib, tovush tushishi hamda tovush almashishi haqida ma’lumot beradi va “bu holat tilimizning yengillik istaganidan kelib chiqib qolg‘on bir hol” deb izoh beradi.
Uning fikriga ko‘ra, o‘zbek tili yalpi turk tilining keng bir tarmog‘i sifatida barcha turkiy tillarga xos xususiyat o‘zbek tilida ham bo‘lishi, turkiy tillarning barcha tarmoqlarida bo‘lgani kabi o‘zbek tilida ham ohangdoshlik, so‘zlar ohangi e’tiboriga ko‘ra yo‘g‘on va ingichkaga bo‘linishi tabiiy. Masalan, “sin” so‘zi yo‘g‘on bo‘lsa, “min” so‘zi ingichka deb e’tirof etilgan. Shuningdek, ohang masalasi eski yozma asarlarimizda, qishloq shevalarida uchrashi, fors adabiyoti ta’siri bilan buzilgan shahar shevasida bo‘lmasa-da, o‘zbek tilida bu hodisani yo‘q deb bo‘lmasligini ta’kidlaydi.
Professor A.Fitratning fonetika, xususan, nutq tovushlari, talaffuz va ohangdoshlik masalalariga milliylik nuqtayi nazaridan yondashishini kuzatamiz. Darhaqiqat, til millat belgisi sifatida doimo o‘ziga xos xususiylikka ega bo‘ladi. Olimning milliylikka yo‘g‘rilgan ilmiy asoslari, pishiq qarashlari o‘z vaqtida maktab o‘quvchilari uchun yaratilgan “O‘zbek tili uchun darslik”larda ham o‘z aksini topgan edi. Xususan, buni bevosita Q.Ramazon va X.Qayyumiylarning darsligi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Darslik mualliflari Fitrat yo‘lidan borib tilning milliy xususiyatlariga jiddiy e’tibor qaratishgan. Ta’kidlash kerakki, darslikdagi atamalarning ham aksariyati o‘zbekcha (so‘zlav a’zolari, so‘z tuzumi...). Ushbu darslikda fonetikaga alohida e’tibor berilib, nutq tovushlari unli va unsiz(joriy darsliklarda buning o‘rniga undosh atamasi qo‘llangan. 1940-yillar darsliklarining ayrimlarida shovqinlilar)ga ajratilgan. Har bir nutq tovushiga (bugungi fonetik talqinlarga unchalik o‘xshamagan) alohida tavsif berilgan. Unlilarning talaffuzi va imlosi batafsil yoritilgan. Shuningdek, bo‘g‘in mavzusiga doir nazariy ma’lumotlar ham bugungi talqinlarga o‘xshamaydi. Masalan, “so‘zning ayrim havo zarbiga to‘g‘ri keladigan bo‘lagi bo‘g‘in deyiladi”.
Jadidlar davri darsliklari bilan hozirda amaldagi darslik ma’lumotlari orasida uyg‘un o‘rinlar ham uchraydi. Masalan, urg‘u haqidagi nazariy ma’lumot joriy darsliklardagiga aynan o‘xshashdir. Unda nazariy ma’lumotlarni mustahkamlovchi mashqlarning mavjud emasligini ham ta’kidlash joiz.
Bizningcha, darsliklar tarixini o‘rganish ta’limning kelajagini belgilashda muhim omil vazifasini bajaradi. Istalgan sohada biror yangilik yaratish, albatta, avval erishilgan tajriba yoki natijalarga asoslangandagina uning yashovchanligini va amaliy qiymatini ta’minlashi ma’lum. Darslik yaratish borasida ham bu yondashuv qo‘l keladi.
Quyida 1930–1940-yillarda umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun chop etilgan “Ona tili” darsliklari mundarijasining diqqatga sazovor o‘rinlariga e’tibor qaratamiz. O‘tgan asrning 30-yillarida amalda bo‘lgan (lotin alifbosidagi) “O‘zbek tili” darsliklarining orfoepiya bo‘limiga doir “Unsiz tovushlar”, “lab ohangi”, “ohangdoshlik”, “yo‘g‘on va ingichkalik”, “bosim” kabi bir qator atamalar XX asr boshlarida A.Fitrat, Q.Ramazon va X.Qayyumiylar tomonidan yaratilgan darslik hamda qo‘llanmalarda ham uchraydi. Mazkur atamalar bugungi kun o‘zbek terminologiyasida ishlatilmasa-da, ular o‘zbek tilining milliy tabiatigagina xos tushunchalarni ifodalay olishi bilan muhimdir. Jadidchilik davri asarlarida milliy xarakterning ustuvorligi ma’lum. Shu nuqtayi nazardan yondashilganda, bu davrda yaratilgan tilshunoslikka aloqador darslik va qo‘llanmalarda ham ona tilidagi nutq tovushlarining o‘ziga xos milliy xususiyatlari ko‘proq tadqiq qilinganligini kuzatamiz.
Professor Fitrat dastlab o‘zbek tilini turk tilining keng bir tarmog‘i hisoblab, boshqa turkiy tillardagi kabi o‘zbek tilida ham mavjud bo‘lgan so‘zlar ohangi masalasiga to‘xtaladi va bu borada “yo‘g‘on” hamda “ingichka” atamalarini qo‘llaydi. A.Fitrat yo‘g‘on va ingichkalikni so‘zlarga nisbatan qo‘llagan bo‘lsa, Q.Ramazon hamda X.Qayyumiylar mazkur atamani nutq tovushlariga nisbatan ham ishlatadi:
“Inichka tavuş demak, asasij maxraclar blan bolgan hadisa ustiga tilni aldqa taman cozib arqada koprak kenglik qaldirib ciqarilgan tavuş demakdir: kana(kene), saman, gullar.
Jog‘an tavuş demak, tavuşni hasil etgac, tilni arqa tamanga tartib chiqarilgan tavuş demakdir: qarat, Turg‘un”.
Bundan tashqari, mualliflar darslikning fonetika bo‘limida “lab ohangi” atamasini ham qo‘llaydilar va quyidagicha ta’rif beradilar: “Baş bog‘unda kelgan lab unlilarining ikkinchi bog‘unda ham lab unlilarini istaşi lab ahani deb ataladi”.
Fitrat so‘z va uning turlari mavzusiga to‘xtalganda “so‘z” atamasiga: “so‘z ma’no bildirgan tovushlar to‘dasidir”, deya o‘ziga xos ta’rif ham beradi. Ohang masalasiga yana murojaat qilib, asli o‘zbekcha so‘zlar yo yo‘g‘on, yo ingichka bo‘lishini, asosga qo‘shilgan qo‘shimchalarni ham yo‘g‘onlik-ingichkalikda o‘ziga ergashtirishini ta’kidlaydi.
Fitrat o‘zbek tili tovushlar tizimi haqida to‘xtalganda ularning tasnifiga doir quyidagi ikki atamani ishlatadi: unsiz: b, p, t, ch, j,...(23 ta). Unli: o, a, u; o‘-o‘, e, i-y (9 ta. Kirill alifbosiga tabdil qilingan variantidan foydalanildi). M. Mirtojiyev esa o‘zbek tilida 14 ta unli (i, ы, ь, u, u, e, a, á, ó, o, e...) borligini ta’kidlaydi. Unsiz atamasi bugungi tilshunoslik atamalari sirasida uchramaydi. Uning hozirgi varianti undosh bo‘lib, darsliklar tarixida shovqinlilar deb ham nomlangan.
O‘zbek tilini ona tili sifatida o‘qitishda ham bugun eng katta to‘siqlardan biri – unlilar orfoepiyasi masalasidir. Bundan tashqari, o‘zbek tilida tovushlar transkripsiyasi ham mukammal emas, Fitrat ta’kidlagani kabi milliy tilni o‘qitishda yo‘g‘on va ingichkalikni talaffuzda farqlash masalasi ilmiy va metodik jihatdan tadqiq etilishi zarur.
G‘ofir HAMROYEV, pedagogika fanlari doktori
G‘iyos DO‘STMURODOV, Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU o‘qituvchisi