"ONAM HALI KO‘P YASHAYDI..."
Pastakkina hovli. Quyosh allaqachon bosh koʻtargan, har doim quyosh chiqishidan oldin biroz salqin tushadi-yu, sal oʻtmay birdaniga oftob atrofni qizdira boshlaydi. Ungacha hovlini supurib bo‘lmasang, keyin kun isib ketadi. Mubina ham ertalabdan hovlini supurib bo‘lgan edi hamki, telefon jiringladi. Ammo Mubinaning parvoyiga ham kelmadi: akasi telefon qilyapti. Ibodat opa har doim telefon jiringlaganda olam-olam xursand bo‘ladi, nima qilsin, yakka-yu yagona o‘gli, ishlayman, pul topaman, deb kuyib-pishib yuribdi. Ikki yil avval yaxshi niyat bilan kelin tushirgandi. Kelinining fe’li antiqa chiqib qoldi, og‘liga kun bermay oxiri boshqa uyga chiqib ketishdi. Chiqib ketishdi-yu, Ibodat opaning qulog‘i tinchidi. Mayli, qayerda bo‘lsa ham farzandi baxtli yashasa bo‘ldi. Endi uyda qizi bilan qoldi. Avvaliga og‘li tez-tez xabar olib turardi, endi esa vaqt topsa telefon qiladi, xolos. Mana, hozir ham telefon jiringladi deguncha Ibodat opa og‘zi qulog‘ida, go‘shakni ko‘tardi.
– Assalomu alaykum oyijon.
– Vaalaykum assalom, og‘lim, yaxshi yuribsanmi, anchadan beri kelmay ham qo‘yding, nevaram yaxshi yuribdimi?
– Ha, yaxshiman, vaqtim qayda deysiz, kun bo‘yi ishdaman, nevarangiz ham yaxshi, yaqinda bog‘chaga qo‘ymoqchimiz.
– Bolam, mayli ishlaringga qara, tag‘in o‘zingni oldirib qo‘yma.
– Oyi, keyingi hafta pul jo‘nataman, biroz kutib turasizlarda.
– Mayli, bolam, olgan pensiyam ikkovimizga yetib turibdi, o‘zingning sog‘lig‘inga qaragin-da, bolam.
– Xo‘p, xayr, oyijon…
Ibodat opa endi xayrlashmoqchi edi hamki, og‘li go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Ichidan og‘ir xo‘rsindi. Yoshi bir joyga borganda shuncha tashvish.
“Obbo, yuragini yana sanchyapti, bu safar shunchaki sanchmayapti, qattiq og‘riyapti. Mayli, biroz yotsam o‘tib ketadi” deb o‘yladi.
Mubina onasiga bildirmaydi-yu, lekin ichidan xafa bo‘lardi: akasini hech tushunmaydi, odam degan onasiga shunchalik mehrsiz bo‘lishi mumkinmi, boshiga ko‘tarib yurmaydimi, shunchalik ham bo‘ladimi, hech bo‘lmasa bir xabar olib ketsa qaniydi. Bu yerda oyisining tobi yo‘q, har kuni yuragini ushlab yotib qoladi, shunda ham akasiga bildirmaydi. Mubina akasiga ko‘p aytdi, doktorga olib boraylik deb, qaniydi ta'sir qilsa! Oyisining kechqurunlari turolmay ingrab chiqishini eshitmaganda! Shu xayol bilan hovliga chiqib ketdi...
Botir go‘shakni qo‘ydi hamki, eshik taqilladi. Xotini imillagancha eshikni ochdi. Ataylab qiladi, bugun qizini bog‘chaga qo‘yish uchun ertalabdan beri arazlagan. Tanish ovozni eshitib o‘rnidan turdi, do‘sti Abduqodir kelibdi. Anchadan beri ko‘rishishmagan edi, ikkalasi rosa gaplashishdi. Kun kech bo‘lganini ham bilmay qolishdi.
– Shu desang, ota-onamni haj safariga yubormoqchiman.
– Muborak bo‘lsin, bizga ham nasib qilsin.
– Mayliku-ya, sen ham onangdan xabar olsang bo‘lardi, o‘zini tashlab qo‘yding.
– Abduqodir, sharoitimni bilasan-ku, har kuni ish, vaqt qayerda deysan. Vaqt topgan kunim qo‘ng‘iroq qilyapman, yana bir oy chidab tursalar oyimni ham shu yerga olib kelardim.
– Shu telefon chiqdi-yu, mehr-oqibat yo‘qoldi, haftada bir qilgan qo‘ng‘iroq nima ham bo‘lardi, diydor ko‘rishgan boshqacha. Bir oyda onang bormi, yo‘qmi, xizmatini qilgin!
– Bu gaplaringni qo‘y, onam hali ko‘p yashaydi! Undan ko‘ra o‘zingdan gapir...
Quyosh kunni qizdirgan, chilla payti. Ibodat opa telefonga termulgancha o‘yladi:
“Necha kun o‘tdi, Botirdan haligacha darak yo‘q, nega qo‘ng‘iroq qilmayapti ekan?” Ayni payt telefon jiringladi, Ibodat opa xursandchiligidan yuragi og‘rishiga qaramay telefonga yugurdi:
– Assalomu alaykum, oyi.
– Vaalaykum, o‘glim, ishlaring yaxshimi, qong‘iroq ham qilmay qo‘yding.
– Oyi, bilasiz-ku, har kuni siz bilan gaplashishga qayerdan vaqt topay?
– Og‘lim, mening ham yoshim bir joyga borib qoldi, rohatingni ko‘ray, nevaramni bag‘rimga olay deymanda!
– Shu oy o‘tsin sizni shu yerga olib kelaman, ungacha sabr qiling...
– Oyi... Alooo... Oyijon... Oyijon, eshityapsizmi....
Mubina dugonasinikida qolib ketdi. Anchadan beri bunday suhbat qurmagandi, ichida gaplari to‘lib ketgan ekanmi, yengillashgandek bo‘ldi. Uyga kirib keldi.
“Oyi-i-i-i-i-i”, – tilidan faqat shu so‘z chiqdi, xolos...
Ibodat opa go‘shakni ushlagancha bu hayotdan ko‘z yumgandi...
Zebo TURSUNOVA,
Uchtepa tumanidagi 287-maktabning ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi