OTMlarga qabul qilingan bitiruvchiga har oyda 100 ming so‘m
Yangi yil arafasi kishi ko‘ngliga ajib his-tuyg‘ular, eski yil sarhisobi-yu kutilgan orzu-umidlarni baxsh etadi. Ta’lim tizimida mehnat qilayotgan o‘qituvchilarning o‘tgan yilgi yutuqlari, yangi yilda amalga oshirishni ko‘zlagan niyatlari yosh avlodning bilim olishi va tarbiyasi bilan bog‘liq. Yangilanishlar jarayonida ustoz-murabbiylarning ishga, hayotga munosabati va mas’uliyati o‘zgarib borayotgani quvonarli. Pedagog obro‘si va qadrini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlar ularni ya nada kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undaydi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-sentabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan soha xodimlaridan bir guruhi davlatimizning orden va medallari bilan mukofotlandi. Yangi yil ostonasida mana shu yutuqlarga erishgan ustoz-murabbiylar uchun 2021-yil qanday o‘zga rishlarga boy bo‘lgani va kelgusi yilda nimalar kutilayotgani bilan qiziqdik.
Xosiyat QARAYEVA,
Den ov tumanidagi 1-maktabning 81 yoshli direktori , “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni sohibi:
— 65 yillik pedagogik faoliyatim davomida farzandlarimizning bilim olishi uchun harakat qildim. O‘z mablag‘im evaziga qo‘shimcha maktab binosi qurib, bir necha yildan buyon a’lochi o‘quvchilarga shaxsiy stipendiyamni tashkil qilganman. Ayni paytda OTMlarga qabul qilingan 11 nafar bitiruvchiga har oyda 100 ming so‘mdan, 10 nafar iqtidorli o‘quvchilarga 100 ming so‘m, 4 nafar intiluvchan o‘quvchiga 50 ming so‘mdan beriladi.
Inson mehnat qilsa, rag‘bat ham oladi, albatta. Aslida menga ko‘p mukofotlar berilgan, ammo men mukofot uchun ishlamayman. Tumanimiz yoshlari hayotda o‘z o‘rnini topishi, bilimli bo‘lib ulg‘ayishini istayman. “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 15 va 20 yilligi munosabati bilan esdalik nishonlari, Xalq ta’limi vazirligining faxriy yorliqlari, “Do‘stlik” ordeni hamda “El-yurt hurmati” ordenlari, “Ta’lim fidoyisi” ordeni, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni, “Namunali maktab”, “Eng obod ta’lim muassasasi” ko‘rik-tanlovlari g‘olibi, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni, “Tadbirkor rahbar va jamoa” tanlovi g‘olibi bo‘lishimda jamoaning birdamligi, mehnati bisyor.
O‘tgan yillarda xalq ta’limi tizimida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Jahon banki hamkorligidagi “Maktab ta’limini rivojlantirish” loyihasi doirasida 1–4 va 5–9-sinflar uchun keltirilgan o‘quv-metodik materiallar va resurslardan iborat multimedia xonasi tashkil etildi. Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichida “Kichik loyiha” tanlovida ishtirok etib, 5000 AQSH dollari miqdorida grant sovrindori bo‘ldi va maktab zarur texnika vositalari bilan ta’minlandi.