Ona tilim — sarchashmangdan sarxush dilim!
Ona tilim — sarchashmangdan sarxush dilim!
“Tilga e’tibor — elga e’tibor” deydi so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy. Bundan anglash mumkinki, til millatning madaniyati va ma’naviyati, qadim tarixi hamda shu yurtga xos urf-odatlarni o‘zida aks ettiradi. Inson Vatan tushunchasini ilk bor ona tilida anglaydi. Qalbiga tinchlik va xotirjamlik bag‘ishlovchi allani shu tilda eshitadi. Uni ko‘z qorachig‘idek asrab, yosh avlodga yetkazish esa har bir shaxsning yuksak burchidir.
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 261-maktabda o‘zbek tili bayramining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Ona tilim — sarchashmangdan sarxush dilim!” nomli tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda mahalla nuroniylari, ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar qatnashdi. Ishtirokchilar kuy-qo‘shiq, raqs va adabiy chiqishlari bilan tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbirda o‘zbek tilining tarixi va buguniga oid ma’lumotlar viktorina o‘yini sifatida olib borildi. G‘olib jamoa esdalik sovg‘alar hamda diplom bilan taqdirlandi.
Azim AXTAMOV