Onamni xotirlab
Necha kunki yo‘q oromim,
Kelolmayman hushimga
Onajonim kechalari,
Kirib chiqar tushimga...
Abdulla Oripovning shu she’rini yod olganimda hali bola edim. She’rni o‘qiganimda qalbimda bir mung, hazinlik oqardi. Lirik qahramonning og‘riqli nolasi yuragimni o‘rtardi. Har gal ixtiyorsiz ravishda ko‘zimdan yosh quyilardi. Davralarda ham eng ko‘p shu she’rni o‘qirdim. Bilmadim negadir shoirni anglashga, onasizlik yukidan mung‘ayib qolgan farzand dardini his qilishga urinarmidim...
Endi esa bu she’rni o‘qiy olmayman. Ayniqsa, she’r so‘ngidagi:
“Balki do‘stlar davrasida kamim bo‘lmas hech qachon,
Lekin seni o‘sha damda qaydan topay, onajon...” qismi yurak-bag‘rimni yoqadi.
Ha, shoirning bor og‘rig‘i dilimga boricha ko‘chgan-qolgan. Bugun mening ham kichik yutuqlarimdan shodlanguvchi, har turli ozorlardan himoya qiluvchi, so‘zi, ishonchi bilan jonimga malham bo‘luvchi, ovozimdan holimni bilguvchi onayizorim yo‘q (oxiratlari obod bo‘lsin).
Onam — Marziya Saidova 1946-yil 1-iyulda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Bobom farzandlarining, ayniqsa, birovning xasmi bo‘lgan qizlarning o‘qishiga (qiz bola moddiy jihatdan birovga qaram bo‘lib qolmasligi kerak, shu bois birinchi galda qizlarni o‘qitish, biror kasb egasi qilib turmushga uzatish kerak, der edilar) jiddiy e’tibor bergan va beshala qizining ham oliy dargohda tahsil olishiga imkon yaratgan. Onam ham 1962–1967-yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi BuxDU)ning ingliz filologiyasi fakultetida ta’lim olgan. Ustozlari onamni namunali xulqi va chuqur bilimi sabab aspiranturaga tavsiya etgan, lekin ma’lum sabablar bilan onam o‘qishni davom ettirolmagan. Institutni tugatgach, 1968-yildan Shofirkon tumanidagi 6-umumta’lim maktabida ingliz tili fani o‘qituvchisi sifatida ish boshlagan. Kadr yeishtmasligi sabab bir vaqtning o‘zida tumandagi 18-maktabda ham ishlagan. Juda ko‘p o‘quvchilarga faqat fan doirasida emas, hayot yo‘lini to‘g‘ri topishida ko‘makchi bo‘lgan. Onam 1987–1994-yillarda 18-maktab (hozirda Razzoq Hamroyev nomidagi) direktori sifatida faoliyat yuritib, ta’lim sifatini yaxshilash, maktabning moddiy-texnik bazasini yangilash, jamoaning ahil, o‘zaro hurmat ruhida ishlashiga katta e’tibor qaratgan. Bu davrda maktabning ko‘pgina o‘quvchilari fan olimpiadalari, musobaqa va ko‘rik-tanlov g‘olibiga aylanishdi. Onam uzoq yillar xalq ta’limi sohasida qilgan mehnatlari uchun faxriy yorliqlar va “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Nafaqaga chiqqandan so‘ng ham bir necha yillar mahalla xotin-qizlar kengashi raisi sifatida ish olib bordi. Juda ko‘p oilaviy muammo, mojarolarning yaxshilik bilan hal etilishiga sababchi bo‘ldi. Afsuski, 2019-yili beshafqat o‘lim onajonimizni oramizdan olib ketdi.
Yaqinda onamga bag‘ishlab xotira tadbiri o‘tkazish maqsadida o‘zim tahsil olgan o‘sha 18-maktabga bordim. Bolalik — eng yorqin davrlarimni qo‘msab binolar, yo‘lak va xonalarga termuldim. Menga ular ham onamsiz g‘arib tuyuldi... Maktab direktori Ravshan Sultonov bilan uchrashib, ko‘ngildagi niyatni aytdim. Ma’qul bo‘ldi. Ming bir uzrxohlik bilan: “Agar imkoningiz bo‘lsa, maktabimizda suv tanqisroq, shu bois bir quduq qazib, suv chiqarishga ko‘maklashsalaringiz, juda katta ish qilgan bo‘lardingiz”, dedi. Kishiga vafotidan so‘ng ham yetib turadigan sadaqayi joriya haqidagi hadis xayolimga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Banda vafot etib qabrga kirganidan keyin ham yetti narsadan unga ajr, savob yetib turadi: ilm o‘rgatgan bo‘lsa, ariq o‘tkazgan bo‘lsa, quduq qazigan bo‘lsa, xurmo ekkan bo‘lsa, masjid qurgan bo‘lsa, Qur’on meros qoldirgan bo‘lsa yoki o‘lganidan keyin unga istig‘for aytib turadigan farzand qoldirgan bo‘lsa”. Ko‘zimga yosh keldi: “Albatta, yordam qilamiz. Bugunoq otam, aka-ukalarim bilan maslahatlashib, kerakli xarajatlar uchun mablag‘ ajratamiz”, dedim. Darrov ustalar chaqirtirildi va ish boshlandi. Hozir texnikaning qudrati bilan hamma ish oson bitadi. Tongda boshlangan ish kechga borib tugadi. Yer qa’ridan chiqqan muzdek suvdan qurimoqqa boshlagan nihollar qonib ichdi. Daraxtlar jonlandi, suv bilan qalbimizga o‘zgacha fayz, shukuh, quvonch taraldi. Niyatga qarab ish o‘ngidan kelaverishiga shunda yana bir bor iqror bo‘ldim.
Ertasiga maktabga onam bilan birga ishlagan ustozlarimizni bir piyola choyga taklif etdik. Qur’on tilovat qilindi. Onamning faoliyati, o‘rgatgan saboqlari yodga olindi. Bizga tahsil bergan ustozlarni shu bahona ziyorat qildik, o‘tganlarni xotirladik. Hamma birdek onamning mard, tanti, jonkuyar, adolatli rahbar, juda bilimli o‘qituvchi bo‘lganini e’tirof etishdi.
Tadbir tugab maktab ostonasidan ko‘chaga chiqarkanman, butun maktabni quyosh nurlari bilan o‘ynashib oqayotgan suvning quvnoq shildirashi to‘ldirganini his qildim. Onam bizni doim birlashtirib turardi. Bu birligimizdan ham, albatta, ruhlari shod bo‘ladi. Shu taskindan qalbda mamnuniyat bilan uyga qaytdim.
Nasiba BOZOROVA,
TDYU “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti